13.2.6. Muvofiqlashtiruvchi jarayonga rahbarlik. Strategiyani amalga oshirish yondashuvini o’zgartirishga zarurat paydo bo’lishiga qarab, harakat qilinadi.
Hyech bir strategik reja tajribada paydo bo’ladigan hamma voqyea va hodisalarni, muammolarni oldindan ko’ra olmaydi. Strategiyani tadbiq etish jarayonida uni muvofiqlashtirish – bu strategik zaruriy va me’yoriy jarayon hisoblanadi. Strategiyaga yoki uning tadbiq etilishiga nisbatan yangi sharoitga reaksiya odatda tezkor harakatlarni taqozo etadi. Inqiroz vaziyatlarda boshqaruvga tipik yondashuv shundan iboratki, qarorni shakllantirish uchun yetarli axborotni to’plash maqsadida ishonchli xodimlar jalb etiladi. Taklif etiladigan tadbir-choralar muhokama etilishini shaxsan boshqarish va mansabdor shaxslarning tor doirasida kelishuvga tezkorlik bilan erishish tavsiya etiladi. Agar kelishuvga erishib bo’lmasa, tayanch xodimlar o’rtasida tarqoqlik mavjud bo’lsa, qaror qabul qilish majburiyati va qo’llab-quvvatlashni ta’minlash strategik menejer zimmasiga tushadi.
Agar vaqt yetarli bo’lsa, menejerlar strategiyani har tomonlama baholab, uni qo’llab-quvvatlashga erishishni istaydilar. Ushbu yondashuv rahbarning quyidagicha harakat qilishini nazarda tutadi:
Moslashuvchanlikni namoyish etadi va bir necha variantlarni ko’radi.
Ko’plab savollar beradi.
Mutaxassislardan mukammal axborot oladi.
Alternativ qarorlarni yaratishga ijrochilarni undaydi.
Qarorlarni muvaffaqiyat keltirishini chamalaydi va ko’plab har xil insonlarning reaksiyasini aniqlaydi.
Qarorni oxirgi variantini asta sekin yaratib borishi bilan birga uning tarafdorlarini ham oshirib borishga harakat qiladi.
Strategik sardorlar nafaqat strategiyani o’zgarishiga va uni tadbiq etilishiga reaksiya qilishi, balki ushbu o’zgarishlarni oldindan ko’rishi shart.
Bunda rahbarlar yakuniy qarorlarni qabul qilishni orqaga suradilar. Bundan maqsad: 1) kerakli axborotni to’plash; 2) nima qilish kerakligini bilish uchun vaziyatni oydinlashtirish; 3) tashkilotdagi har xil siyosiy kuchlar va guruhlar bilan qarorni kelishish.
Strategik muvofiqlashtirish faqat o’tgan voqyea va hodisalarga munosabatni bildirishdan iborat emas.
Muvaffaqiyatli faoliyat ko’rsatuvchi menejerlar turli-tuman ogohlantiruvchi tadbir-choralarni yaratadilar:
Muvofiqlashtirishni talab etuvchi muammolarni mukammal o’rganish uchun ilmiy izlanishlarga buyurtma beradilar.
Ishonchli hamkasblar bilan muammo muhokama etiladi va sinov yechimlar taklif etiladi.
Har xil mutaxassislardan har xil manfaat va tajribaga ega brigadalar tuziladi. Ushbu brigada qiziqarli g’oyalarni va yondashuvlarni muhokama etadi.
Quyi pog’onalardan keladigan sifatli takliflar rag’batlantiriladi, g’oyalar va yondashuvlar musobaqasi tashkil etiladi. Ulardan maqsadga muvofiq keladiganlari tanlab olinadi.
Tanlangan yo’nalishni tarafdorlarining hamfikrligini ta’minlash maqsadida o’zgarishlarni amalga oshirish siyosati boshqariladi.
Sardorlarning muvofiqlashtirish jarayoniga tegishli ogohlantiruvchi harakatlari odatda bir-biriga o’xshashdir: ular ehtiyojni aniqlaydilar, axborot to’playdilar, vaziyatni oydinlashtiradilar, sinov takliflarini tadbiq etadilar, muammoni tahlil etish jarayonida «tarafdor» va «qarshilar»ni hisoblaydilar, vakolatlar taqsimotini tashkil etadilar va kelishilgan holda harakat qilish uchun qaror qabul qiladilar.