11-MA’RUZA
Mavzu: Yozuvda raqamlar imlosi. Arab va rim raqamlari
Reja:
1. O‘zbek imlosida qo‘llaniladigan raqamlar va ularning imlosi.
2. Rim va arab raqamlari imlosi
3. Raqamlarning harflar yordamida ifodalanishi.
4. Abjad hisobi. Ta’rix sana’ti.
Raqam – arabcha so‘z bo‘lib, «son», «tartib», «yozmoq» degan ma’nolarni ifodalaydi. Eski o‘zbek yozuvida bitilgan qo‘lyozma kitoblar varaqlab ko‘rilsa, ba’zilarining sahifalariga raqamlar, ayrimlariga esa poygir qo‘yilganining guvohi bo‘lamiz. Hozirgi kunga qadar arab raqamlari deb yuritilib kelinayotgan raqamlarning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Eng qadim zamonlarda dastlabki raqamlar so‘zlar orqali ifodalangan. Keyinchalik ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot natijasida nisbatan murakkabroq, mukammalroq bo‘lgan belgilar va hisoblash sistemalari yuzaga keldi.
Tarixiy manbalardan ma’lum bo‘lishicha, raqamlarni ifodalovchi dastlabki shartli belgilar bobilliklar va misrliklarga taalluqli bo‘lgan. Miloddan avvalgi 3000-2500 yillarda Misr ieroglif raqamlarida sonlarni ifodalash uchun maxsus rasmlar, turli belgilar paydo bo‘lgan. Keyinchalik ijtimoiy hayotning rivoji, xalqlarning ma’naviy ehtiyoji o‘laroq ushbu belgilar va Misr ieratik yozuvi asosida turli xalqlar yozuvlarining ilk namunalari, hamda harflarning son ma’nosini ifodalovchi dastlabki raqamlar yuzaga kelgan.
Ma’lumki, eramizdan avvalgi 1-ming yillikda Hindiston fan sohasida, jumladan matematika va astronomiya sohasida yuqori pog‘onaga ko‘tarilgan. Hindlar 360 kundan iborat bo‘lgan ilk quyosh taqvimlarini yaratganlar. Bu davrda Hindistonda hisobning o‘nlik sistemasi keng rivoj topdi. Hindlar nolni ifodalovchi belgini o‘ylab topdilar, raqamlarni esa hozir butun dunyo yozayotgan raqamlardek yozdilar. Biz hozir bu raqamlarni «arab raqamlari» deb ataymiz. Chunki mazkur raqamlar arablarda o‘zining keng rivojini topgan edi. Lekin aslida arablar raqamlarni hindlardan o‘zlashtirgan edilar.
Bungacha ham Hindistonda turli nomlar bilan ataluvchi raqamlarning ilk ko‘rinishlari amalda bo‘lgan. Manbalardan ma’lum bo‘lishicha, o‘sha paytda mavjud bo‘lgan «gvalior» raqamlari arab raqamlarining yaratilishiga zamin bo‘lgan.
M a’lumki, «Baytul-hikma» (Ma’mun akademiyasi) nomi bilan keng shuhrat tutgan ilmiy dargoh faqat tarjimonlik, xattotlik, kitobat ishlari bilangina qanoatlanmay, ilmiy ekspeditsiyalar ham uyushtirgan. Ana shu ilmiy ekspeditsiyalarning biriga Muso al-Xorazmiy boshchilik qilgan. Bu ekspeditsiya 830-yilda G‘arbiy Hindistonda, so‘ng Vizantiya, keyinchalik Xorazm vohasida faoliyat yuritgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Xorazmiy hind sifralari (nol raqami bir nuqta (.) shakli bilan ifodalanib sifr deb atalgan) bilan o‘zi amalga oshirgan ekspeditsiya davrida tanishgan.
Xorazmiy u yerda o‘nta son ma’nosini ifodalovchi raqamlar sistemasini o‘rganib chiqib, ularni soddalashtiradi va kengaytiradi. So‘ng ilk bor arab tilida o‘zining «Arifmetika» kitobida bayon qilib beradi. Xorazmiyning hind raqamlariga bag‘ishlangan ushbu kitobi avval arab sharqiga kirib keladi. Keyinchalik, lotin tiliga tarjima qilingach, X asrda Ispaniyada, XVII asrda esa butun Yevropaga tarqaladi. Demak, Xorazmiy hind raqamlari asosida hozirgi arab raqamlarini rasmiylashtirib, uning jahonga tarqalishiga katta hissa qo‘shgan buyuk olimdir. Bu raqmlarning ayrim shakllari va ko‘plikni ifoda etish usullari hozirgi joriy yozuvimiz raqamlari va ular tartibidan unchalik tafovut qilmaydi. amalda qo‘llanib kelinayotgan arab raqamlari quyidagilar:
۱–1 ۲–2 ۳–3 ۴–4 ۵–5 ۶–6 ۷–7 ۸–8 ۹–9 ۱۰–10
Ma’lumki, arab yozuvida xat o‘ngdan chapga qarab yozilsa-da, raqamlar hozirgi yozuvlarimizdagi kabi chapdan o‘ngga qarab yozilgan.
O‘tmishda qo‘lyozma kitoblar sahifalarini tartibga keltirishda raqamlashga nisbatan poygirlar qo‘yish kengroq urf bo‘lgan. Poygir so‘zi fors tilidagi po (oyoq) va giriftan (olmoq) fe’lining birikuvidan hosil bo‘lgan bo‘lib, «oyoq olmoq», ya’ni «ketma-ket kelishlik» ma’nosini anglatadi. Poygir varaqlarning aralashib ketmasligini ta’minlaydi hamda qo‘lyozma asarlarning to‘liq yoki to‘liq emasligini aniqlashga yordam beradi. Poygir – kelgusi sahifadagi birinchi so‘z yoxud iborani tugallanayotgan sahifa tagiga yozib qo‘yish demakdir. Shu xususiyatlari bilan poygir yozma yodgorliklarda raqamlar ifodalashi mumkin bo‘lgan vazifani bajargan.
Do'stlaringiz bilan baham: |