Dars shiori: Adabiyotga e’tibor – kelajakka, ma’naviyatga e’tibor. (I.A.Karimov)
Foydalaniladigan adabiyotlar:
1) «Adabiyot» 8-sinf uchun darslik.
2) 8-sinf «Adabiyot» darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi:
a) salomlashish
b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash.
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu:
Avvalo, Usmon Nosir bu she’riga nima uchun «Nil va Rim» deb sarlavha qo‘ygani bilan qiziqaylik.
Avvalgi sinflarda «Jahon tarixi» darslaridan quldorlik davriga oid voqealarni o‘rgangan edingiz. Yodingizda bo‘lsa, markazi hozirgi Italiya davlatining poytaxti Rim shahrida bo‘lgan ulkan imperiya jahonning ko‘plab mamlakatlarini bosib olib, ularning xalqini qul qilgan edi. Misrda bo‘lsa, fir’avnlar o‘zlarini yerdagi Xudo hisoblab, o‘z xalqi va atrof-javonibdagi odamlarga uy hayvonlaridek munosabatda bo‘lishni odat qilgandilar. Bu quldorlik davlatlarida inson umrining sariq chaqalik qadri bo‘lmay, o‘n minglab, yuz minglab kishilar umri imperiyalarning o‘zaro besamar urushlari oloviga tashlanardi. Bu urushlarda asir tushgan odamlar qul bozorlarida sotilar, ularning keyingi taqdiri bilan hech kimning ishi-tashvishi bo‘lmasdi. Qul egasi uni xohlagancha ishlatar, xo‘rlar, ko‘ngilochdi olishuvlarga solar, yoqmay qolsa, o‘ldirib yuborish ham uning ixtiyorida bo‘lar edi.
Har qalay, ko‘pchiligingiz G‘arb kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan «Spartak», «Kleopatra» (bir necha variantlari bor!) «Gladiator» singari filmlarni tomosha qilgansiz. Ko‘rgansizki, bir tomonda oltin va durlarga ko‘milib yotgan hukmronlar, ularning sut va gul suviga cho‘milayotgan o‘nlab ayollari. Boshqa tomonda bo‘lsa, janglarda olgan jarohatlari qurtlab ketgan, ochlikdan va xorlikdan labi gezarib, «Non!» deya, «Non!» deya surinib kechayotgan» (G‘afur G‘ulom), gardaniga temir zanjir quyilgan o‘n minglab qullar... Tarix hikoyalarini qalbdan his qilib o‘qigan va o‘z zamonasida ham qullikning, inson xo‘rligining turli ko‘rinishlarini kuzatayotgan 23 yoshli shoir tasavvurida goh qullar ko‘zyoshidan to‘lgan Nil, goh «O‘yindan o‘lim kutgan jinni teatr» - Rim gavdalanaveradi:
Chirog‘imga parvonadek urinar yillar –
To‘rt atrofim to‘lib ketar kuygan qanotga...
Bu tarix kitobida zarvaraq bir yoqda tursin, oq varaq ham yo‘q. Milt etgan yorug‘likka tashna bu yillar parvonadek o‘zini chiroqqa uradi, baribir qismati yo‘qlik — kul... Asarning II qismidagi tasvirlarga e’tibor beraylik. Uning birinchi misrasida «Sariq qumlar orasidan qon rangli quyosh — ko‘tarilar», deyiladi. Boshqa bir misrada esa «Botayotgan quyosh kabi rangida qon yo‘q», degan o‘xshatish ishlatiladi. Agar tabiatga - yozda quyoshning chiqishi va botishiga razm solsak, aslida, buning aksiga guvoh bo‘lamiz. Quyosh ko‘tarilayotganda anchagina rangsiz, botayotganida esa qip-qizil rangga bo‘yaladi. (Bundan keyin mutolaa qiladiganimiz «Monolog» she’rida shoir, darhaqiqat, «Ufqdan botar quyoshni Shart kesilgan boshga o‘xshatdim», deydi!)
Endi savol tug‘iladi: nima, Usmon Nosir «Nil va Rim»da mantiqsizlikka, noaniqlikka yo‘l qo‘yganmi? Mutlaqo!
Hamma gap shundaki, shoir o‘zi la’natlayotgan davrda hayot-tiriklik mantig‘i, insoniy turmush tarzining oyog‘i osmondan keltirilganini mana shu «g‘alati o‘xshatish»lar orqali ham bo‘rttirib ifodalaydi. Fir’avnlarning qabri bo‘lmish Misr ehromlari, bu mamlakatdagi ulkan tosh haykallari, mana necha asrlarki, na odamdan, na zamondan qo‘rqadi». Ular shu qadar mustahkam,shu qadar chidamli. Holbuki, shoir nazarida, bularning bari «G‘azabini yutib o‘lgan qullar dasti»dir. Xo‘rlik, nochorlik, alamli hayot og‘riqlariga qarshi mahkam tugilgan inson mushti ular! Usmon Nosirning sevimli ustozi, safdoshi Cho‘lpon insonga murojaat etib: «Bo‘yin egma, kishan kiyma, ki, sen ham hur tug‘ulg‘onsen!» degan edi. Darhaqiqat, inson bolasi yaralibdiki, qullikka, erksizlikka, mutelikka qarshi kurashib keladi. Tabiatan erk farzandi bo‘lgan shoir uchun o‘zidan minglab yillar ilgari o‘tgan insonlar qismati ham begona emas. U erksizlikning har bir qurbonini o‘z tug‘ishganiday ko‘radi, zolimlardan ularning xunini so‘raydi.
Asarda naqarotdek ikki bor qaytarilgan, «Mana menman, u isyonning o‘lmas avlodi...» deya boshlanuvchi fidoyi hayqiriq, go‘yo Usmon Nosirning o‘zini kutayotgan og‘ir erksizlik, surgun zulmatlariga oldindan ko‘tarilgan isyondek yangraydi!
Do'stlaringiz bilan baham: |