Foydalaniladigan adabiyotlar:
1) «Adabiyot» 8-sinf uchun darslik.
2) 8-sinf «Adabiyot» darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi:
a) salomlashish
b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash.
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu:
«1912-yilning 13-noyabrida Namangan shahrining «Chuqurko‘cha» dahasida qorachadan kelgan bir bola tug‘ildi. U tug‘ilganida hech kim sevinmadi ham, hech kim xafa ham bo‘lgani yo‘q. To‘shakda yotgan bemor ota esa bola go‘dakligidayoq bu olamdan ko‘z yumdi... Ammo otalik mehrini to‘rt yashar Usmon Masodiq o‘g‘li Nosirhoji xonadonidan topdi. Ikkinchi ota oilasini Qo‘qon shahriga ko‘chirib olib keldi. Bola shu dargohda ulg‘ayib, ko‘p bolalar kabi internatda o‘qib tarbiyalandi. O‘rta maktabda va Samarqanddagi O‘zbekiston dorulfununida o‘qib yurgan yillardanoq u shoir Usmon Nosir bo‘lib tanildi.
Usmon Nosir!.. Bu nom yigirmanchi yillarning oxirlaridayoq o‘quvchiga tanila boshladi. O‘ttizinchi yillarda esa u, asarlarini kitobxonlar intiqlik bilan kutadigan shoirga aylandi. Endi uni «tabiatan shoir», «tug‘ma shoir» deb ta’rifladilar. Ana o‘shanda Usmon Nosir 20 yoshlarda edi. «Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum» deganlaridek, Usmon Nosir ham mashhur siymolarimiz kabi juda yoshligidan ko‘p ijobiy xislatlarga ega bo‘lgan edi. U nihoyatda ziyrak, idrokli, keng mushohadali, o‘ta qiziquvchan, uquvli, bilimga chanqoq, mehnatkash edi. Shuning uchun ham Usmon Nosir ijodda yoshligidanoq iste’dodli, «tug‘ma shoir» sifatida tanildi. Bu tanilish yosh shoirning shoirona tabiatidan tashqari, uning ijodga jon-dili bilan berilishi, ijod sirini bilishga urinishi, bu yo‘lda o‘rganishi va izlanishi samarasi edi. «Geyne bilan o‘rtoq tutindim, Lermontovdan ko‘mak o‘tindim» degan yosh shoir rus va jahon poeziyasining maftunkor fazilatlarini ijodiy talqin qilish bilan birga Sharq adabiyoti va og‘zaki ijodining boyliklarini ham egallashga intildi... Usmon Nosir 18 yoshidan to 24 yoshigacha bo‘lgan davrda ijod qildi. Shu qisqa 6-7 yil ichida u beshta she’rlar to‘plami («Quyosh bilan suhbat», «Safarbar satrlar», «Traktorobod», «Yurak», «Mehrim») va ikki doston («Norbo‘ta», «Naxshon») hamda to‘rt drama («Atlas», «Zafar», «So‘nggi kun», «Dushman») asarlarini yaratdi.
Badiiy tarjima sohasida ham shoir o‘ziga xos tarjimonlik madaniyatini va poetik didini namoyish qilgan edi. M. A. Dobrolyubovning «Haqiqiy kun qachon keladi?» degan mashhur asarini, V. I. Kirshonning «Ulug‘ kun» dramasini, A. S. Pushkinning «Bog‘chasaroy fontani», M.Yu.Lermontovning “Iblis” nomli dostonlarini, Geyne, Gyote, Bayron ijodidan ko‘pgina namunalarni o‘zbek kitobxonlari Usmon Nosir tarjimasida o‘qidi. Bu poetik tarjimalar o‘zbek adabiyotining tarjima asarlar sahifasida shoh namunalar bo‘lib qoldi.
Usmon Nosir lirik shoir edi. Bu yangroq lirika o‘zbek she’riyatidagi lirik oqimga hamohang bo‘ldi, bu oqimga yangi sharshara bo‘lib qo‘shildi va bu unga yana-da joziba baxsh etdi.
Shoir ijodidagi bu xususiyatlar she’riyatda lirikaning yangi turini, badiiy soddalikning eng yaxshi namunasini namoyish qildi. Usmon she’rlarida jimjimadorlik, g‘alizlik, zo‘rma-zo‘rakilik ko‘rinmas, fikr-tuyg‘u sodda, lekin lirik harorat bilan, jozibadorlik bilan, original tashbehlar bilan bayon qilinar edi:
She’rim! Yana o‘zing yaxshisan,
Boqqa kirsang, gullar sharmanda.
Bir men emas, hayot shaxsisan,
Jonim kabi yashaysan manda.
(«Yana she’rimga»)
Bu she’riy parchada yana bir narsa, ya’ni shoir ijodining yetakchi mazmuni-she’riyat va hayot oshig‘ligi namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |