147. Ularning gaplari faqat quyidagi bo'ldi: "Ey, Rabbimiz! Bizlarning gunohlarimizni va ishimizdagi
isrofgarchiligimizni kechir, (jang asnosida) qadamlarimizni mustahkam qil va bizga kofirlar qavmi
ustidan g'alaba nasib et!"
148. Bas, Alloh ularga ham bu dunyoning savobi (g'alaba va o'lja)ni, ham oxiratning chiroyli savobi
(mag'firat va jannat)ni berdi. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar.
149. Ey, mo'minlar! Agar kofirlarga bo'yin sunsangiz, sizlarni ortingizga (kufrga) qaytarurlar.
(Natijada) ziyon ko'ruvchilarga aylanib qolursizlar.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
46
150. Aslida Alloh himoyachingizdir va U yordam beruvchilarning afzalidir.
151. Alloh hujjat nozil qilmagan (but, sanam kabi) narsalarni Unga sherik qilganlari uchun kofirlarning
dillariga vahima solurmiz. Ularning borar joylari do'zaxdir. Zolimlarning joyi naqadar noxush!
152. Sizlar Uning izni bilan ular (kofirlar)ni tor-mor qila boshlaganingizda, Alloh o'z va'dasiga sodiq
chiqdi*. Loqaydlik qilib, (Payg'ambar) buyrug'idan chiqib, tortisha boshlamaguningizcha va yoqtirgan
narsangiz (g'alaba)ni sizlarga ko'rsatgunga qadar (yutuq sizlar tomonda bo'ldi). Oralaringizda dunyoni
yoqtiradiganlar ham, oxiratni yoqtiradiganlar ham bor edi. So'ngra sizlarni sinovdan o'tkazish uchun
(g'alabangizni mag'lubiyat sari) burib yubordi va gunohlaringizdan o'tdi. Alloh mo'minlarga nisbatan
fazl sohibidir.
Izoh: Bu va keyingi oyatlarda hijratning uchinchi yili kechgan Uhud jangi to'g'risida ma'lumot beriladi.
Madina hududidagi Uhud tog'i etagida po'y bergan bu to'qnashuvda dastlab Makka qo'shini ustidan
musulmonlar g'alaba qila boshlaydi. Lekin jang so'ngida ba'zi musulmonlarning aybi bilan mag'lubiyatga
uchraydilar. Rasululloh bir guruh kamonchilarni hozirgi "Rumot" deb ataladigan tepalikda turishga
buyurganlarida, ular itoatsizlik qilib, ijozat bo'lishini kutmasdan o'z joylaridan o'lja tomon jilib ketishadi.
Harbiy intizomning buzilishi musulmonlarning mag'lubiyatiga sabab bo'ladi. Kamonchilarning joyi bo'shab
qolganini payqagan yov qo'shinlari o'sha tarafdan hujum uyushtiradilar va natijada Rasulullohning amakilari
buyuk sarkarda Amir Hamzadek pahlavonlarning ham ko'pchiligi shahid bo'ladi. Janob Payg'ambarimiz (a.
s.)ning ham muborak tishlari shu jangda sinadi.
153. O'shanda hech kimga qayrilib boqmay, (joyingizdan) tez jilib ketdingiz. Payg'ambar esa
ortingizdagi (harbiy) bo'linmadan (turib) sizlarni chaqirganicha qoldi. Qo'lingizdan ketgan narsalar
(g'alaba, o'ljalar) hamda sizlarga yetgan musibatlar uchun tashvish tortmang, deb, (Alloh) sizlarga g'am
ustiga yana g'am berib jazoladi. Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.
154. So'ngra bu g'amning ketidan sizlarga bir tinch uyqu nozil etdiki, u sizlarning bir qismingizni
mudratib qo'ydi. Boshqa bir qism (munofiqlar) esa jon talvasasiga tushib, Allohning sha'niga nohaq
johilona badgumonlik qildilar va aytdilarki: "Endi bizga bu ishdan biror narsa (g'alaba) bo'larmidi?!"
Ayting: "Barcha ish Allohga (oid)dir". Ular ichidagi sirlarini Sizdan yashiradilar. Aytadilarki: "Agar
bizda bu ish yuzasidan ixtiyor bo'lganda edi, bu yerda qatl qilinmagan bo'lur edik". Ayting: "Agar
uylaringizda bo'lganingizda ham (taqdirda) qatl qilinishlik yozilgan kimsalar o'zlarining (o'ladigan)
joylariga borib qolgan bo'lar edilar". Ko'ksingizdagi (imon)ni sinash va dillaringizni (shayton
vasvasasidan) poklash uchun (Alloh shu mag'lubiyatni ravo ko'rdi). Alloh ko'ngillardagi kechinmalarni
(ham) yaxshi biluvchidir.
155. Ikki (harbiy) bo'linma to'qnashgan kunda orangizdan yuz o'girib ketganlarni shayton ba'zi
qilmishlari tufayli yanglishtirgan edi. Alloh ularni afv etdi ham. Zero, Alloh kechiruvchan va halim
zotdir.
156. Ey, imon keltirganlar! O'zlari kofir bo'lib, Yer (yuzi) bo'ylab safarga yoki g'azot (jang)ga ketgan
birodarlari haqida: "Agar biz bilan qolganlarida o'lmagan va qatl qilinmagan bo'lur edilar", - deb,
ularning dillariga Alloh hasrat (nadomat) solishini xohlovchi kishilar kabi bo'lmangiz! Alloh tiriltiradi
ham, o'ldiradi ham. Alloh qilayotgan ishlaringizni ko'rib turuvchidir.
157. Albatta, Alloh yo'lida qatl qilinsangiz yoxud o'lsangiz, Allohning mag'firati va rahmati (ularning)
to'plagan (boyliklari)dan afzalroqdir.
158. Qasamki, xoh o'ling, xoh qatl etiling, albatta, Alloh huzuriga jam etilursizlar.
159. Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyim bo'ldingiz. Agar
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
47
dag'al, toshbag'ir bo'lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo'lur edilar. Bas, ularni
afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so'rang va ular bilan kengashib ish qiling! (Biror ishga) azmu
qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling! Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar.
160. Agar sizlarga Alloh madad bersa, hech kim sizlarga g'olib bo'lmas. Bordiyu qarovsiz qoldirsa,
Undan o'zga sizlarga kim ham madad berar edi?! Allohga tavakkulni mo'minlar qilsin!
161. Payg'ambar (zoti) xiyonat qilishi mumkin emas. Kimda-kim xiyonat qilsa, qiyomat kuni o'sha
xiyonati bilan birga (huzurimga) kelur. So'ngra har bir jon (egasi) O'z amallariga (yarasha) mukammal
jazo olur. Ular (haqqi)ga zulm qilinmagay.
Izoh: Bu yerdagi xiyonat so'zidan urushdan qo'lga kiritilgan o'lja nazarda tutiladi. Demak, hech bir
payg'ambar o'lja taqsimida xiyonat qilib, undan o'ziga nohaq yo'l bilan o'zlashtirib olishi mumkin emas.
162. Allohning rizosini izlagan kishi bilan Allohning g'azabiga uchragan kimsa barobar bo'lurmi?!
Uning (g'azabga uchraganning) borar joyi - jahannam! Naqadar behuzur joy u!
163. Ular Alloh huzurida (turli) darajalar (sohibidirlar). Alloh ularning qilayotgan amallarini ko'rib
turuvchidir.
164. O'zlari ichidan Allohning oyatlarini o'qib beradigan, (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan
hamda ularga Kitob va Hikmatni ta'lim beradigan Payg'ambarni yuborib, Alloh mo'minlarga
mehribonlik qildi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar.
165. Sizlarga (Uhud jangida) bir musibat yetgan bo'lsa - sizlar (Badr jangida) ularga ikki barobar
musibat yetkazgansiz. "Bu qayoqdan keldi?" - deysizmi?! "Bu (mag'lubiyat) o'zingizdan", - deb ayting!
Albatta, Alloh har narsaga qodirdir.
166. Ikki (harbiy) bo'linma to'qnashgan kuni sizlarga yetgan musibat, albatta, Allohning izni bilan (sodir
bo'lgan) va chinakam mo'minlarni bilish
167. hamda munofiqlarni aniqlash uchun edi. Ularga: "Kelinglar, Alloh yo'lida jang qilinglar yoki
(dushmanni) daf qilinglar!" - deyilsa, (ular): "Agar (jiddiy) urush bo'lishini bilganimizda, ortingizdan
borgan bo'lar edik", - degan edilar. O'sha kuni ular imondan ko'ra kufrga yaqinroq edilar. Ular
dillarida yo'q narsalarni og'izlari bilan gapiradilar. Alloh (esa) yashirgan narsalarini yaxshiroq
biluvchidir.
168. Birodarlariga: "Agar (Uhud jangida halok bo'lgan musulmonlar) bizga bo'yin sunib (urushdan
chiqib ketganlarida) o'ldirilmagan bo'lur edilar", - deb, (o'zlari jangdan g'olib) o'tirgan kimsalarga
ayting: "Agar gaplaringiz rost bo'lsa, o'zlaringdan o'limni daf qilinglar-chi?!"
169. Alloh yo'lida o'ldirilganlarni aslo o'lik deb hisoblamang! Aslida (ular) tirikdirlar, Parvardigorlari
huzurida rizqlanib tururlar.
170. (Mazkur shahidlar) Alloh o'z fazli bilan ato etgan (ne'matlardan) xushnud, ortlarida (tirik) g'olib,
hali ularga qo'shilmagan (g'oziylar)ga (qiyomatda) xavf va tashvish bo'lmasligi haqida bashorat bergan
hollarida (yashaydilar).
171. (Yana bir) bashoratlari Alloh beradigan ne'mat, fazl va mo'minlarning mukofotini Alloh zoye
qilmasligi haqidadir.
172. Ularga jarohat yetgandan keyin ham Alloh va Payg'ambar (buyruqlariga) itoat qilgan edilar.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
48
Ularning chiroyli ish qilib, taqvoli bo'lganlariga ulkan mukofotlar bordir.
173. Ularga odamlar: "Sizlarga qarshi (hujum uchun makkalik) odamlar (lashkar) to'pladilar. Ulardan
qo'rqingiz!" - deganlarida, (bu gap) ularning imonlarini yanada ziyoda qildi va aytdilarki: "Bizga
Allohning o'zi kifoya. U vakillikka o'ta loyiqdir!"
174. Ular (Badr jangidan) Allohning ne'mati va fazli ila biror yomonlikka uchramay qaytdilar va
Allohning rizosini izladilar. Alloh, albatta, buyuk fazl egasidir.
175. Albatta, o'sha shayton o'z do'stlari (munofiqlar)ni qo'rqitadi. Agar (chinakam) mo'min
bo'lsangizlar ulardan qo'rqmangiz, (balki) Mendan qo'rqingiz!
176. Kufrda tez harakat qilayotganlar Sizni g'amgin etmasin! Ular Allohga hech qanday zarar yetkaza
olmaydilar. Alloh ularga oxiratda biror nasiba (savob) bermaslikni xohlaydi. Ularga ulkan azob
(muhayyodir).
177. Albatta, imonni kufrga almashtirganlar Allohga zinhor zarar yetkaza olmaydilar. Ularga alamli
azob (bordir).
178. Kofir bo'lganlar, ularga muhlat berib turganimizni yaxshilik deb o'ylamasinlar! Muhlatni ularga
gunohlari yanada ko'payishi uchun beramiz. Ularga xor qiluvchi azob (bordir).
179. Alloh mo'minlarni sizlardagi hozirgi holatdek o'z hollariga tashlab qo'yuvchi emas. U hali pok kimu
nopok kim ajrim etadi. Alloh sizlarni ilmi g'aybdan xabardor qilmadi, lekin Alloh O'z payg'ambarlari
ichidan xohlaganlarini (ilmi g'aybdan qisman bildirish uchun) tanlab oladi. Bas, Allohga va Uning
payg'ambarlariga imon keltiringiz! Imon keltirib, taqvoli bo'lsangiz, sizlarga buyuk mukofot (bordir).
180. Allohning fazli bilan bergan narsasi ustida baxillik qiluvchilar buni o'zlariga yaxshi deb
hisoblamasinlar! Aslo! Bu ular uchun yomondir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari (o'z
bo'yinlariga) bo'yinturuq qilib ilib qo'yiladi. Osmonlar va Yerning merosi Allohga (qolur). Alloh
qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.
181. "Alloh faqir, biz boymiz" degan odamlarning gapini Alloh eshitdi. Ularning (bu) gaplarini hamda
payg'ambarlarni nohaq qatl etganlarini yozib qo'yamiz va (qiyomatda): "Yong'in azobini totib ko'ring!"
- deymiz.
182. Bu - o'z qilmishlaring mahsuli va Allohning bandalarga zulm qilmasligidandir.
183. "Biror payg'ambar kelsa, (uni sinab ko'rish uchun) qilgan qurbonligini (osmondan tushgan) o't yeb
bitirmaguncha unga ishonmasligimiz uchun Alloh biz bilan ahdlashgan", - degan kimsalarga ayting:
"Mendan oldin ham sizlarga (ajdodlaringizga) payg'ambarlar hujjatlar va sizlar aytgan (qurbonlik kabi
mo''jizalar) bilan kelgan edilar. Gaplaringiz rost bo'lsa, nima uchun ularni qatl etgansizlar?"
184. Agar Sizni yolg'onchiga chiqarayotgan bo'lsalar, (xafa bo'lmang, zero,) Sizdan ilgari hujjatlar,
ilohiy bitiklar va nur taratuvchi kitoblarni keltirgan (qator) payg'ambarlar ham yolg'onchiga
chiqarilganlar.
185. Har bir jon o'lim (achchig'i)ni totuvchidir. Qiyomat kunida, albatta, mukofotlaringiz sizlarga to'la-
to'kis berilur. Bas, (o'sha kuni) kim do'zaxdan uzoqlashtirilib, jannatga kiritilsa, demak, u (katta)
yutuqqa ega bo'libdi. Bu dunyo hayoti esa, faqat g'urur (aldov) matohidir.
186. Mol-mulklaringiz va jonlaringiz (ofati va musibati) ila sinalursizlar. Shuningdek, sizlardan oldin
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
49
Kitob berilganlar va mushriklardan ko'p aziyatli (achchiq) gaplarni eshitasizlar. Agar sabr qilsalaringiz
va taqvoli bo'lsalaringiz, albatta, bu ishlarning puxtaligidandir.
187. Eslang (ey, Muhammad,) Alloh ahli kitoblardan, uni (Kitobni) odamlarga, albatta, aniq bayon
qilasizlar, uni (hech kimdan) sir tutmaysizlar, deb ahd olgan edi. Lekin, ular uni ortlariga uloqtirib, uni
ozgina bahoga sotib yubordilar. Bu savdolari naqadar noxush!
188. O'z qilmishlariga suyunadigan, qilmagan (yaxshi) ishlari uchun maqtalishni sevadiganlar azobdan
xalos bo'ladilar deb, aslo hisoblamang! Ularga alamli azob (bordir).
189. Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga tegishlidir. Alloh har narsaga qodirdir.
190. Osmonlar va Yerning yaratilishida, tun va kunning o'rin almashib turishida aql egalari uchun
alomatlar bordir.
191. Ular turib ham, o'tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi
haqida fikr yuritadilar: "Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok
zotdirsan. Bas, bizni do'zax azobidan saqlagin!
Izoh: Ya'ni aql egalari bo'lmish musulmonlar imkoniyatlariga qarab namozlarni tik holda, o'tirib, unga ham
ojiz bo'lsalar, yotgan holda imo-ishora bilan o'qiyveradilar. Boshqa bir tafsiri shuki, bu yerdagi zikrdan
maqsad namoz emas, balki Allohni yod etish, duo va iltijo, tasbeh kabi zikrlardir.
192. Ey, Rabbimiz! Kimni Sen do'zaxga kirgizsang, albatta, uni xor qilgan bo'lursan. Zolimlarga esa
yordamchilar yo'qdir.
193. Ey, Rabbimiz! Biz "Rabbingizga imon keltiring" deb, imonga chorlagan jarchi (Muhammad)ni
eshitdik va darhol imon keltirdik. Rabbimiz! Gunohlarimizni kechir, xatolarimizni o'chir va bizlarni
solih kishilar qatorida vafot ettir!
194. Ey, Rabbimiz! Yana bizlarga payg'ambarlaring vositasi ila va'da qilgan narsalaringni ato et va
bizlarni qiyomat kunida sharmsor qilmagin! Albatta, Sen va'daga xilof qilmagaysan".
Izoh: Bu oyatdagi "payg'ambarlaringga" degan so'zni payg'ambarlaringga imon keltirganimizga qilgan
va'dang yoki ularning tili bilan va'da qilgan savoblaringni ato et, deb tushunish ham mumkin.
195. Bas, Parvardigorlari ularni (duolarini) ijobat etib, (dedi:) "Albatta, Men sizlardan amal
qiluvchining - xoh erkak bo'lsin va xoh ayol bo'lsin - amalini zoye qilmasman. O'z (vatanlaridan) hijrat
qilgan, (yurtlaridan) badarg'a qilingan, Mening yo'limda aziyat chekkan, jang qilgan va qatl
etilganlarning gunohlarini kafforat qilurman va Allohning mukofoti sifatida ularni ostilaridan anhorlar
oqib turadigan, abadiy yashaladigan jannat (bog'lari)ga kirgizurman. Allohning huzurida esa, (yanada)
yaxshiroq savob (bordir).
Izoh: Ya'ni qilgan xayrli ishlarining savobini albatta ato qilurman. Ummu Salama (r. a. ) Rasulullohdan:
"Nima uchun Alloh taolo hijrat qilgan erkaklarni maqtayveradi, lekin ayollarni maqtamaydi?" - deb
so'raganlarida shu oyat nozil qilingan.
196. Kofir bo'lganlarning shaharma-shahar sayr etib (yayrab) yurishlari Sizni zinhor aldab qo'ymasin!
197. Arzimas rohat. Keyin esa boradigan joylari - jahannam. Naqadar mudhish joy u!
198. Lekin, Parvardigorlaridan qo'rqqan (taqvoli)lar uchun esa ostidan anhorlar oqib turadigan jannat
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
50
(bog'lari) bo'lib, (ular) u yerda abadiy bo'lurlar. Bu Alloh tomonidan berilajak ziyofatdir. Allohning
huzuridagi (maxsus savoblar esa) yaxshilar uchun (hammasidan) afzaldir.
199. Darvoqe, ahli kitoblar ichida Allohga, sizlarga nozil qilingan (Kitob)ga hamda o'zlariga nozil
qilingan (Kitob)ga ishonib, Allohga itoat ila bosh eguvchilar ham bor: ular Alloh oyatlarini ozgina
bahoga sotib yubormaydilar. Aynan ular uchun Parvardigorlari huzurida mukofot muhayyodir. Alloh
hisob-kitobda tezkordir!
200. Ey, mo'minlar! Sabr qilingiz, bag'rikeng bo'lingiz va (Alloh yo'liga) taxt bo'lib turingiz va Allohdan
qo'rqingiz, zora (shunda) tole topsangizlar!
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
51
NISO SURASI
Niso - ayollar.
Bu surada asosan oila, turmush, meros masalalari, yetimlarga munosabat, er-xotin huquqlari, fahsh va zino
ishlarining zararlari va boshqa muhim ma'lumotlar o'z aksini topgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
1. Ey, odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda
ikkisidan ko'p erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qo'rqingiz! Shuningdek, o'rtalaringizdagi
o'zaro muomalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qo'rqingiz! Albatta,
Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir.
2. (Voyaga yetgan) yetimlarga mol-mulklarini (qaytarib) beringiz, pok narsani nopok narsaga
almashtirmangiz! Ularning mollarini o'z mollaringizga qo'shib ham yemangiz! Zero, bu katta gunohdir.
3. Agar yetimlarga (nisbatan) adolatli bo'la olmaslikdan qo'rqsangiz, sizlar uchun (nikohi) halol bo'lgan
ayollarga, ikkita, uchta, to'rttadan uylanaveringizlar. Bordiyu (ular o'rtasida) odil bo'la olmaslikdan
qo'rqsangiz, bir ayolga (uylaning) yoki qo'l ostingizdagi cho'rilar (bilan kifoyalaning). Shu (adolatdan)
og'ib ketmasligingizga yaqinroqdir.
Izoh: Ma'lumki, Muhammad (a. s.) payg'ambar bo'lib kelmaslaridan oldingi johiliyat davrida ayollar huquqi
poymol qilinar edi. Bir erga o'nlab ayollar cho'ridek tutqin edi. Uning ustiga tez-tez bo'lib turadigan janglarda
erkaklar qurbon bo'lib ketar, tul ayollar soni esa ortib borar edi. Ijtimoiy hayotdagi bu muammoni Islom dini
odilona hal etish yo'lini ko'rsatib berdi. Imkoniyatiga qarab, to to'rt nafargacha ayolga uylanish mumkinligi,
ular o'rtasida odillik qilishga ko'zi yetmasa, bittadan ortiq uylanmaslik zarurligi uqtiriladi. Lekin bu ruxsatni
suiiste'mol qilish mutlaqo durust emas. Ya'ni imkoniyati moddiy jihatdan yetarli bo'lishining o'zi ko'pxotinlik
uchun yetarli shart o'rnini bosa olmaydi. Balki bu yerda birinchi oila a'zolarining axloqiy va ma'naviy
jihatlariga salbiy ta'sir ko'rsatmasligini ham e'tiborga olish kerak bo'ladi. Bundan tashqari shariat hukmlari
bilan birga musulmon odam o'zi yashab turgan jamiyatdagi shart-sharoitlar, davlat qonunchiligi va boshqa
mahalliy urf va an'analarni ham rioya qilish shartdir. Aks holda, gunoh va jinoyatlar sodir etishga bandaning
o'zi sababchi bo'lib qolishi mumkin.
4. Xotinlarga mahrlarini mamnunlik bilan beringiz! Agar sizlarga o'zlari undan biror narsani ixtiyoriy
ravishda kechsa (bersa)lar, sizlar uni bemalol, ishtaha bilan tanovul qilaveringizlar.
5. (Qaramog'ingizdagi) aqli norasolarga Alloh sizlarga (hayot) turumi qilib qo'ygan mollaringiz
(yetimlarning omonat mollari)ni berib qo'ymangiz, balki o'sha (mollar)dan yediring, kiydiring hamda
ularga yaxshi gapiring!
6. Yetimlarni, to balog'at yoshiga yetgunlaricha, imtihon qilib (jinsiy holatini tekshirib) turinglar:
voyaga yetganliklarini sezsangiz, (omonat) mol-mulklarini o'zlariga topshiringlar! Ularni isrof qilib va
(ulg'ayib qolmasinlar deb) shoshqaloqlik bilan yeb yubormangiz! Kim boy bo'lsa, (yetim molidan)
saqlansin. Agar kambag'al bo'lsa, yaxshilikcha (me'yorida olib) yesin. Mol-mulklarini o'zlariga
qaytarganingizda, ularga guvoh chaqiringlar. Alloh hisob-kitobda kifoya qiluvchidir.
7. Erkaklar uchun ota-onalari va yaqin qarindoshlari qoldirib ketgan (meros)dan ulush bordir. Ayollar
Do'stlaringiz bilan baham: |