2-mavzu: O‘zbekistonning tarixiy geografik o‘rni va tabiiy iqlim sharoitlari (4 soat)
Reja:
1. O‘zbekistonning tarixiy geografik joylashuvi
2. O‘rta asrlarda O‘rta Osiyolik olimlar asarlaridagi tarixiy-geografik ma’lumotlar va ularning ilmiy ahamiyati.
3. Temuriylar davri tarixiy geografiyasining olimlar tomonidan ilmiy o‘rganilishi.
Mavzu bo‘yicha tayanch iboralar.
O‘rta Osiyoning tabiiy iqlim sharoiti. O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy bo‘linishi va aholisi. Tabiiy -iqlim sharoitlari. Qadimgi Baqtriya, Kushonlar davri tarixiy geografiyasi. Ilk o‘rta asrlar davrida o‘lkamiz tarixiy geografik joylashuvi. IX-XIII asrlar Movarounnaxr va Xuroson tarixiy-geografik tasnifi. Amir Temur, temuriylar va shayboniylar davri tarixiy geografiyasining ilmiy o‘rganilishi. Ibn Sino, Beruniy, Z.M.Bobur “Boburnoma” asarlaridagi tarixiy geografik ma’lumotlar.
2. 1. O‘zbekiston tarixiy-geografik jihatdan O‘rta Osiyoning markaziy qismida joylashgan. Uning hududining asosiy qismi Amudaryo bilan Sirdaryo orasida bo‘lib, mo‘‘tadil va subtropik iqlim mintaqalarida o‘rnashgan. O‘zbekistonning eng shimoliy nuqtasi Ustyurt platosining shimoli-sharqida, Orol dengizi qirg‘og‘ida bo‘lib hisoblanadi. O‘zbekistonning eng janubiy nuqtasi esa Termiz shahri va Amudaryo qirg‘og‘i hisoblanadi.
O‘zbekiston janubi-sharqda Tojikiston va Qirg‘iziston bilan, shimol va shimoli-g‘arbda Qozog‘iston bilan, janubi-g‘arbda esa Turkmaniston hamda janubda Afg‘oniston bilan chegaradosh. Davlat chegarasining Afg‘oniston bilan uzunligi-137km, Qozog‘iston-2.203 km, Qirg‘iziston-1.099 km, Tojikiston-1.161 km va Turkmaniston bilan 1.621 km tashkil etadi. Janubda O‘zbekiston Surxon-SHerobod vodiysida Afg‘oniston bilan chegaradoshdir. Bu erda Afg‘oniston bilan O‘zbekiston chegarasi Amudaryo orqali o‘tadi. O‘zbekiston maydoni 448,978 ming kv. km bo‘lib (aholisi 2020 yil 34.011.621 kishi) Norvegiya, Finlyandiya, Buyuk Britaniya va Italiya kabi davlatlar hududidan katta. O‘zbekiston Belgiya, Gollandiya va Daniya kabi davlatlarning er maydonlarini qo‘shib hisoblasak ham ulardan 4 marta kattadir. O‘zbekiston hududida 12 viloyat va Qoraqalpog‘iston respublikasidan iborat. Bular Toshkent viloyati (markazi Toshkent shahri), Samarqand viloyati (markazi Samarqand shahri), Navoiy viloyati (markazi Navoiy shahri), Andijon viloyati (markazi Andijon), Farg‘ona viloyati (markazi Farg‘ona), Namangan viloyati (markazi Namangan), Sirdaryo viloyati (markazi Guliston), Jizzax viloyati (markazi Jizzax), Buxoro viloyati (markazi Buxoro), Qashqadaryo viloyati (markazi Qarshi), Surxondaryo viloyati (markazi Termiz), Xorazm viloyati (markazi Urganch), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (maydoni 165,6 ming km 2, markazi Nukus).
Aholi demografiyasi , aholi va aholi manzilgohlarining tarkibi, soni va joylashivudagi hududiy farqlarni va bu farqlarning vujudga keltiruvchi omillarni o‘rganadi. Aholi demografiyasi xususidagi ma’lumotlar o‘z navbatida tarixiy o‘lkashunoslikda alohida ahamiyatga egadir.
“Demografiya ” – ikki yunon so‘zlarining qo‘shilishidan iborat bo‘lib, “demos” – xalq, aholi, “grafiya” – tasvirlash, yozish, o‘rganish ya’ni, “xalq haqida yozmoq” yoki “aholini sharxlash” ma’nolarini anglatadi. Biroq demografiya asoslari fani faqat sharxlash bilan chegaralanib qolmay, balki uning o‘rganish doirasi bir muncha keng va chuqurdir.
“Demografiya ” tushunchasi 1855 yilda fransuz olimi A. Giyyarning “Inson statistikasi elementlari, yoki taqqoslash (qiyosiy) demografiya asoslari” kitobida paydo bo‘lgan; rasmiy ravishda Xalqaro gigiena va demografiya asoslari kongressida qayd etilgan (1882); XIX asr oxiri – XX asr boshlarida keng tarqalgan. O‘zbek tiliga XIX asrning 60 -70 yillarida kirib kelgan. O‘zbekiston aholisining demografik holatiga nazar soladigan bo‘lsak, jami aholi soni 2020 yil 34.011.621 kishini tashkil etgan. SHundan 86.7% ni o‘zbeklar tashkil qiladi. Aholi milliy tarkibi bo‘yicha (2020 yil ma’lumotlari asosida) ikkinchi o‘rinda tojiklar 1.mln.300 ming kishi, ruslar 770.ming kishi, qozoqlar-750 ming kishini, qorqalpoqlar 750 ming kishini, tatarlar-500 ming kishini, qirg‘izlar- 232 ming kishini, koreslar-178 ming kishini, turkmanlar-152 ming kishini tashkil etib kelmoqda.
BMTning Statistika komissiyasining ta’rificha, aholini ro‘yxatdan o‘tkazish – bu ma’lum vaqt mobaynida mamlakat yoki uning aniq belgilangan bir hududidagi barcha shaxslarga tegishli demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish, chop etish yoki boshqa yo‘l bilan targ‘ibot qilish ishlaridan iborat yaxlit jarayon.
Aholini ro‘yxatdan o‘tkazishning maqsadi – aholi soni va joylashuvi haqida ma’lumotga ega bo‘lish, bu esa mamlakatning iqtisodiy hayotini tashkil qilish, qonunchilik muassasalariga qadrlar belgilash va aholini ilmiy o‘rganish uchun zarur.
Aholini ro‘yhatdan o‘tkazishning dastlabki, oddiy shakllari Osiyo va Afrikaning qadimgi davlatlarida mil. av. 3.ming yilliklarda bo‘lgani ma’lum. Qadimgi Misrda (mil. av. 2800 -2250 y.), Mesopotamiya, Hindiston, Xitoyda (mil. av. 2238 y.), YAponiyada harbiy va soliq yig‘ish maqsadlarida aholi ro‘yxatga olingan. Aholi ro‘yxati maxsus usullarda, belgilar orqali o‘tkazilgan. Masalan, harbiylar soni nayza o‘q uchlaridan aniqlangan (skiflarda), yoki to‘p qilib yig‘ilgan toshlar sonidan (Amir Temur davrida), Qadimgi YUnoniston va Qadimgi Rimda ham aholi qayd etilardi. Masalan, mil. av. IV arsda Attikada barcha erkaklar qayd qilingan. Qadimgi Rimda mil. av. 435 – yildan boshlab muntazam ravishda har 5 yilda o‘tkazilgan. 510-yilda imperator Servi Tull rahbarligida har bir Rim fuqarosi qasamyod qilib saylanayotgan senzlarga o‘z ismi, yoshi, oila a’zolarining ismlari va yoshi, o‘z mulki to‘g‘risida ma’lumot etkazishi lozim edi.
Mukammal aholi ro‘yxatga o‘tkazishni o‘z milliy qonun-qoidalari bordir. Unda aholi ro‘yhati aholining jamiyatni, ya’ni yangi tug‘ilgan chaqaloqdan boshlab to eng keksa guruhgacha qamrab olish kerak. Birinchi ana shunday mukammal aholi ro‘yxati 1970 yili AQSHda, 1801 yili Fransiya, Daniya, Norvegiyada, Buyuk Britaniyada o‘tkazildi. Lekin bu aholi ro‘yxatlari ham juda oddiy bo‘lgan va uzoq muddat cho‘zilgan. Masalan, birinchi marta Amerikada aholini ro‘yxatga olish jarayonlari 18 oy davom etgan.
XIX asrga kelib aholini o‘rganish juda kengaydi. Statistika fan sifatida taraqqiy etdi. Qator Evropa mamlakatlarida statistik tashkilotlar tuzildi. Aholini ro‘yxatga olish ilmiy dasturlari asosida olib borildi. 1870-1879 yillarda dunyoda 48 ta aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. 1880-yillarda esa 74 ta aholi ro‘yxati o‘tkazildi. XIX asr oxirida dunyo aholisining 21 foizini ro‘yxatga olishgan bo‘lsa, XX asr boshida – 54 foiz aholi ro‘yxatga olindi.
Ikkinchi Jahon urushidan keyin aholini va uning demografik guruhlarini ro‘yxatga olish yana ham rivojlanib ketdi. 1945-1954 yillarda 151 davlatda, 1965-1974 yillarda 179 davlatda aholi ro‘yxati o‘tkaziladi. Faqat ba’zi bir rivojlanayotgan davlatlarda iqtisodiy-siyosiy sabablarga ko‘ra aholi ro‘yxati o‘tkazilmagan.
O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tadbirlari 1926, 1939,1959, 1970, 1989 yillarda o‘tkazilgan edi. Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohatlarda aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga ham a’lohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan bu borada «O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konpepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonining tasdiqlanishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2.2. Arxeolog olimlarning ma’lumotiga ko‘ra O‘zbekiston hududida, xususan Surxondaryo, Quyi Amudaryo, Zarafshon, Farg‘ona va Toshkent vohalarida miloddan oldingi 3-2 ming yilliklarda aholi sug‘orma dehqonchilik, hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Metall eritib har xil mehnat va ov qurollari, har xil buyumlar, xususan taqinchoq buyumlari, kulolchilik bilan shug‘ullanganlar. SHuningdek, shoyidan mato to‘qib har xil kiyimlar tikkanlar. Bularning hammasi o‘z navbatida o‘zbek xalqining madaniyati juda qadimdan taraqqiy etganligidan dalolat beradi.
Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekiston hududida paleolit, mezolit va neolit davrlariga oid qadimiy odamlar yashagan makonlarning Surxondaryoda (Teshiktosh), Farg‘ona vodiysida, Zarafshon vodiysida (Omonqo‘ton, CHo‘pon ota), CHirchiq Ohangaron vodiysida -(Xo‘jakent, Obirahmat) va Quyi Amudaryoda ko‘plab uchratish mumkin. O‘zbekiston hududida neolit davrida ibtidoiy odamlar ovchilik, chorvachilik va hatto sug‘orma dehqonchilik bilan ham shug‘ullanganlar, sodda bo‘lsada sug‘orish inshootlari (to‘g‘on, ariq, hovuz) qura boshlaganlar. Bularning hammasi o‘sha davrda O‘zbekiston hududida yashagan ajdodlarimiz atrof muhit tabiati haqida ma’lum darajada bilimga ega bo‘lganligidan dalolat beradi. Binobarin, ular sug‘orish inshootlarini qurish uchun eng avvalo joylarning tabiiy sharoitlari (relefi, iqlimi, er-suv sharoiti) haqida ma’lum darajada bilimga ega bo‘lganlar. Ibtidoiy jamiyatda O‘zbekiston hududida sug‘orma dexqonchilik va chorvachilikning rivojlanishi, mehnat qurollarining takomillashib borishidan tashqari o‘ziga xos turar joy qurilishi, zeb-ziynat uchun tog‘ jinslaridan ham foydalana boshlaganlar. Bu esa ibtidoiy odamlarning atrof muhit tabiiy sirlarini bilish doirasini yanada kengayishiga, hatto tog‘ jinslaridan o‘zlari uchun zarur bo‘lgan ma’danlarni (oltin, kumush, qo‘rg‘oshin, mis, qalay) ajratib olish imkoniyatiga ham ega bo‘lganlar.
Bu davrga kelib mamlakatimiz hududida davlat birlashmalari So‘g‘diyona (Zarafshon va Qashqadaryo vohalarida), Xorazm (Quyi Amudaryoda), Baqtriya (Surxondaryo vohasida) vujudga keladi. Natijada sug‘orish inshootlarini qurish ishlari yanada kengayadi, qishloq va shaharlar bunyod etiladi, chorvachilik va hunarmandchilik taraqqiy etadi. SHuningdek, insonning tabiatga ta’sir doirasi kengayib, yashab turgan joy tabiat haqidagi geografik bilimlari yanada takomillashib boradi. Buni o‘sha davrlarda O‘zbekiston hududida kurilgan to‘g‘onlar, ariqlar, korizlar, hovuzlar, qazib olingan kon qoldiklari, ko‘hna shaHar Harobalari to‘la tasdiqlaydi.
Afrosiyob shahar qoldiqlari Samarqand shimoliy qismida Siyob bozori va Siyob kanali orolig‘ida 219 gek maydonni egallagan ilk shaHarsozlik madaniyati hisoblanadi. Tadqiqotlar davomida Afrosiyob tepaliklaridan 30m chuqurlikdagi madaniy qatlam qazib o‘rganilgan. O‘rganilgan arxeologik madaniyatning tepa qismi Mug‘ullar davri, pastroqda qoraxoniylar, somoniylar, arablar, turkiylar va toki ilk temir davriga ta’lluqli madaniyatlar topib o‘rganilgan. Madaniy yodgorlikdagi eng qadimgi davrlarga oid obida shaharning shimoliy qismidan m.a.VII-VIII asrlarga oid devor qoldiqlarining topib o‘rganilishi bo‘ldi. Bunda shaharning ark qoldiqlari, ya’ni harbiy-ma’muriy markaz ham ochib o‘rganildi. Ark har tomondan baland mustahkam mudofa devori bilan o‘ralgan. Afrosiyob shimolidagi Qo‘rg‘ontepa, Sartepa manzigohlari shahar maqomiga ko‘tarilmagan bo‘lsada, ulardan topilgan topilmalar m.a.I ming yillikka oid ekanligi o‘rganildi. Sartepadan bronza eritadigan, hamda sopol pishiradigan xumdonlar topilgan bo‘lsa, Lolazor manzilgoxidan magistral kanal izlari topib o‘rganildi. Bu madaniyatlar qadimdan O‘rta Osiyo xususan O‘zbekiston o‘ziga xos madaniyatga ega bo‘lganligidan dalolat beradi. SHuningdek O‘zbekiston janubidagi ilk shaharsozlik belgilarini aks ettirgan Jarqo‘ton madaniyatidan ham 14-15 tepaliklardan hunarmandchilik sexi ustaxonasi qoldiqlari topib o‘rganilgan. Jumladan hunarmandchilik sexida, bronza eritadigan qozon- Tigel, shuningdek, sopol pishirish pechlari qoldig‘i hamda muqaddas ichimlik tayyorlash ustaxonasi qoldiqlari topib o‘rganilgan. Bu madaniyatlar shundan dalolat beradiki, qadimgi davrlardan boshlaboq o‘ziga xos hunarmandchilik asoslarini o‘zlashtirib borganlar.
Tarixiy jarayonlarda sodir bo‘lgan turli bosqinlar tufayli O‘zbekiston tarixi va geografiyasiga oid ko‘plab ma’lumotlar deyarli yaxshi saqlanmagan. SHu sababli antik davrdagi O‘zbekiston hududi tabiati (tog‘lari, vodiylari, daryolari va boshq.), aholisi va xo‘jaligi xaqidagi aksariyat ma’lumotlar yunon-rim olimlari tomonidan ham yozib qoldirilgan. Gerodotning «Tarix» asarida ham O‘rta Osiyo tabiati, daryo va ko‘llari, aholisi haqida ma’lumotlar berilgan. Antik davrda O‘rta Osiyo tarixiy geografiyasi xaqidagi nisbatan kengroq ma’lumotlarni yunon va Rim olimlari Kvint Kursiy Ruf, Arrian, Ptolemeylarning asarlarida uchratish mumkin. Ularning asarlarida So‘g‘diyona davlatining sodda bo‘lsada, kartog‘rafik Haritalari berilib, unda Amudaryo-Oks, Sirdaryo- YAksart, Zarafshon - Politimet deb nomlangan. Arrian Zarafshon daryosi sersuv bo‘lishiga karamay qumlar orasiga singib ketadi, deb yozgan bo‘lsa, Kvint Kursiy Ruf esa Politimet-Zarafshon daryosi tog‘li qismida tor va chuqur o‘zanda oqishligi haqida yozib qoldirgan. Xuddi shunday geografik ma’lumotlarni Strabon asarlarida ham uchratish mumkin. Antik davrda Turkiston o‘lkasi haqidagi eng ko‘p geografik ma’lumotlar Klavdiy Ptolemey o‘z asarida va unga ilova qilingan xaritalarida Sirdaryo, Amudaryo, Zarafshon kabi daryolar tilga olinib, ular Kaspiy dengiziga quyiladi deb ko‘rsatilgan. Xaritada yana So‘g‘diyona, Baqtriya davlatlari va Turkistonning sharqida joylashgan tog‘lar ko‘rsatilgan. Turkiston, jumladan O‘zbekiston tabiiy geografik bilimlarining takomillasha borishida o‘rta asrlarda yashagan mahalliy va arab sayyoh olimlari ishlarining ham muhim ahamiyatga ega.
O‘rta asrda yashagan arab va eron sayyohlari Ibn Xurdodbeh, Ibn Rustad, Al Mas’udiy, Istaxriy, Ibn Batuta kabilar yozib qoldirgan ma’lumotlar ham diqqatga sazovordir. Arab sayyohi va geografi Ibn Hurdodbeh o‘zining «Masofalar va mamlakatlar kitobi» («Kitobi al masalik val-momolik») asarida Turkiston tabiati, xususan zamini va daryolari (CHirchiq, Amudaryo, Sirdaryo), karvon yo‘llari haqida ma’lumotlar beradi.
O‘zbekiston hududida tabiiy-geografik tasavvurlar haqida shuningdek, buyuk qomuschi olim Abu Rayhon Beruniyning xizmatlari benihoya kattadir. U astronomiya fizika, matematika, geografiya, iqlimshunoslik, umumiy geologiya, minerologiya, geodeziya, kartog‘rafiya, etnografiya, va boshqa fanlarning rivojiga katta hissa qo‘shgan hamda shu sohalarga bag‘ishlangan 160 dan ortiq asarlaridan bizgacha faqat 30 dan ortig‘i etib kelgan. Bular ichida bizgacha etib kelganlari «Hindiston», «Geodeziya», «Kartog‘rafiya», «Mineralogiya», asarlaridir.
Xususan, Beruniy dunyo ilm-fanida birinchilardan bo‘lib dengizlar nazariyasini ishlab chiqdi. Er radiusini hisoblab, uning sharsimon globusini yaratish yuzasidan o‘ziga xos yangi g‘oyalarni ilgari surdi hamda vakuum, ya’ni bo‘shliq holatini izohlab berdi. Kolumb sayohatidan 500 yil avval Tinch va Atlantika okeanlari ortida qit’a mavjudligini aytdi. Minerallar tasnifi va ularning paydo bo‘lish nazariyasini yaratdi.
Beruniy aynan geodeziya faniga asos soldi. SHuning uchun ham dunyo tabiiy fanlar tarixchilari tomonidan XI asr "Beruniy asri" deb nomlanadi.
Ulug‘ allomaning bizgacha etib kelgan "Mineralogiya" asarida 30 dan ziyod qimmat baho tosh va minerallarning nomi, ularning kimyoviy va fizikaviy xossalarini aniqlash, eritib sinash, deyarli barcha qimmatbaho tosh va turli ma’danlar, ularning qotishmalari haqida ilmiy ma’lumotlar berilgan. Mazkur asar qator xorijiy tillarga tarjima qilingan bo‘lsada, shu vaqtgacha o‘zbek tiliga o‘girilmagan edi. Navoiy konmetallurgiya kombinati tashabbusi bilan Navoiy davlat konchilik instituti va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti olimlari hamkorligida "Mineralogiya" o‘zbek tiliga tarjima qilindi va "O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi" nashriyotida chop etildi.
Dunyoga O‘zbekiston zamini tuhfa etgan buyuk allomalar yaratgan nodir asarlar bugun ham ma’naviy hayotimizning asosi, fundamental tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar uchun manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Beruniy minerallar va ma’danlarning o‘z davridagi narx-navosi, ba’zilarining shifobaxshlik xususiyatlari, nodir tosh va metallar bilan bog‘liq ayrim qiziqarli etnografik ma’lumotlarni bayon etganki, bular mazkur kitobning muhim tarixiy manba sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi.
2.3. Temuriylar davrida dunyo tarixiy-geografik ilmini rivojlantirishda ulkan hissa qo‘shgan Abdurazzoq Samarqandiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarning ilmiy merosini a’lohida ta’kidlash zarur. Dunyoga mashhur astronom, tabiatshunos olim, ma’rifatparvar shoh Mirzo Ulug‘bek O‘zbekiston tarixiy geografiyasining rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan. U Samarqand shahrida «Fanlar-akdemiyasi» tashkil etib, unga o‘z davrining mashhur olimlarini yig‘di. Ular orasida Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid, Ali Qushchi kabi o‘z sohasining zukko bilimdonlari bor edi.
Mirzo Ulug‘bek madrasa, rasadxona qurdirish bilan birga, qator asarlar yozib qoldirdiki, ular ichida bizgacha etib kelgani «Tarixi arba’ ulus» va «Ziji Ko‘ragoniy» («Ulug‘bek ziji», ya’ni astronomik jadval) kitobidir. «Ziji Ko‘ragoniy» astronomiyaga bag‘ishlangan bo‘lsada, unda qimmatbaho geografik ma’lumotlar mavjud. Asarda jahondagi shaharlarning, jumladan Turkistondagi bir qator shaharlarning joylashuvi haqida ma’lumotlar berilgan. «Ulug‘bek Akademiyasi»da etishib chiqqan shogirdlari ichida eng iste’dodlisi Ali Qushchidir. U o‘z davrining Ptolemeyi hisoblanib, Ulug‘bek ishini davom ettirgan. Ali Qushchi Ulug‘bek o‘limidan so‘ng Eron, Turkiya kabi yurtlarda astronomiya, matematika, geografiyaga oid kuzatishlar olib borgan.
Ulug‘bek Mirzoning birinchi ustozi "Zamona Aflotuni" Salohiddin Muso ibn Mahmud Qozizoda Rumiy edi. Ulug‘bek Mirzo Qozizoda Rumiydan falakiyotga oid sir-sinoatlarni o‘rganib, keyinchalik mazkur allomaning maslahati bilan G‘iyosiddin Jamshid ibn Ma’sudni Samarqandga taklif qiladi. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Ulug‘bek yana bir falakiyot ilmi allomasi- Mu’niddinni ham Samarqandga chaqirib keltirgan. Dunyo astronomiyasi taraqqiyotini Mirzo Ulug‘bekning xizmatlarisiz tasavvur etish qiyin. Movarounnahrda qirq yil hukmronlik qilgan sultonning ilm-fan uchun alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi, madrasalar barpo etishi, Samarqandda yirik astronomiya maktabiga asos solishining o‘zi tarix oldidagi katta xizmatidir. Ulug‘bek tashabbusi bilan 1424-1428 yillar mobaynida Samarqand shimolida Obirahmat arig‘i bo‘yidagi Ko‘hak tepaligi bag‘riga bunyod etilgan jahonga mashhur rasadxona o‘z davrida osmon jismlarini o‘rganuvchi eng yirik inshoot hisoblangan. Ushbu tarixiy obida orqali kuzatishlar asosida 1437 yilda dunyoga mashhur "Ziji jadidi Ko‘ragoniy" asari yaratildi. Evropada bu asarni birinchi bo‘lib tadqiq etgan olim Oksford universiteti professori Jon Grivs hisoblanadi. U 1650 yilda mazkur asardagi jadvallarni qisman nashr ettiradi. O‘sha davrda Evropada bu jadvallarga ehtiyoj juda katta edi. Aytish joizki, Evropa renessansida Ulug‘bek jadvallarining ham munosib o‘rni bor. Ulug‘bek "Ziji"da yulduzlar jadvali o‘ta aniqlik bilan tuzilgan. Ulug‘bek asarida erning o‘z o‘qi atrofida aylanishi davomida ro‘y beradigan nozik chetlanish hodisasini aniqladi. Osmon jismlarining harakat nazariyasini o‘rgandi. 247 shahar va aholi punktining jug‘rofiy koordinatlarini belgilab berdi. Bu esa o‘rta asrlar geodeziyasi uchun katta yangilik edi. Bu rasadxona bosh teleskopining diametri qariyb 48 metr bo‘lgan.
1417 - 1430 yillar orasida Ulug‘bek Samarqand markazi Registon maydonida ulkan madrasa, xonaqoh, muqatta’ masjidi va hammom qurdiradi. SHuningdek, 1417 yilda Buxoroda va 1433 yilda G‘ijduvonda ham madrasa qurdirgan. Mazkur madrasalarda diniy ilmlarga nisbatan matematika, geometriya, falakiyot, tabiyot, jug‘rofiya va tarix kabi dunyoviy ilmlar ko‘proq o‘qitilgan. Mirzo Ulug‘bek tarixnavis donishmand edi. "Tarixi arba’ ulus" asari Mirzo Ulug‘bekning turkiy xalqlar tarixini qanchalik chuqur bilganidan dalolat. Undagi nazmiy parchalar esa, ulug‘ ajdodimizning she’riyatdan etarlicha xabardor bo‘lganini ko‘rsatadi. Alisher Navoiy ham "Majolis un-nafois" asarida Ulug‘bekning she’riy iste’dodiga yuqori baho bergan.
Ulug‘bek atrofiga o‘z davrining eng yirik va iste’dodli olimlari to‘plangan edi. Samarqand o‘sha paytda SHarqning eng yirik ilm-fan o‘choqlaridan biriga aylangandi. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlaridan kelgan o‘nlab olimlar Ulug‘bekning bevosita homiyligi ostida faoliyat ko‘rsatgan. Ular orasida Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi, Nizomiddin al-Birjandiy, Miram CHalabiy kabi olimlarni alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Tarixda Mirzo Ulug‘bek kabi yuksak iste’dod va salohiyatga ega hukmdorlar kamdan-kam o‘tgan. Darhaqiqat, buyuk bobomiz jahon ichra yangi bir osmon yaratib ketdi. Uning birgina astronomiya fani rivojiga qo‘shgan hissasi insoniyat tamaddunidagi ulug‘ xizmatidir. YAna, Navoiy ta’biri bilan aytganda, dunyo bor ekan, uning merosi ham boqiy qolaveradi
Temuriylar sulolasining yana bir vakili Zaxiriddin Muhammad Boburdir. Bobur tarixshunos, geograf, etnograf, mashhur shoir, olim va adolatli shoh bo‘lgan. U o‘zining bilgan, ko‘rgan, kuzatgan boy ilmiy dalillari asosida shoh geografik asar hisoblangan «Boburnoma» ni yozib qoldirdi. Bobur Farg‘ona, Zarafshon vodiylarini, Toshkent vohasini bir necha bor kezib chiqib, «Boburnoma» asarida mohirona badiiy ravishda tasvirlagan. Bobur o‘z asarida Turkiston, jumladan O‘zbekiston relefini, bo‘lib turadigan zilzilalarini, iqlimini ilmiy ravishda bayon etish bilan birga tarixiy-geografiyada taqqoslash usulidan mohirona foydalangan. U biror hududga ta’rif berayotganda geografik izchillikka katta e’tibor bergan.
«Boburnoma»da Turkiston iqlimi haqida ham qimmatli ma’lumotlar yoritiladi. Asarda Farg‘ona viloyati beshinchi iqlimda joylashganligi, Farg‘ona vodiysiga shamollar g‘arbdan kelishligi, yog‘inning kam tushishligi, atrofi tog‘lar bilan o‘ralganligi bayon etiladi. Bobur tarixiy geografiyada taqqoslash uslubiga asos solganlardan biridir. U «Boburnomada» Samarqand va Qobul tabiatini, xususan iqlimini bir-biriga taqqoslagan. Bobur o‘z davrining qomuschi olimi sifatida Turkiston tarixi, etnografiyasi sohasida ham qiziqarli ma’lmotlar qoldirganligi bilan birga tilshunos sifatida ham mashhurdir.
«Boburnoma» o‘zbek tarixiy-geografik va toponimik jihatidan katta ilmiy xazinadir. Bu jihatidan «Boburnoma» ni «Devonu lug‘otit turk» bilangina taqqoslash mumkin. Temuriylar sulolasi davridagi mahalliy sayyoh va olimlarning merosini o‘rganish, nafaqat tarixiy bilimlarni oshirishda balki O‘zbekiston tabiati va tabiiy boyliklarini o‘rganishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |