Qirq-Qiz qalʼasi - Eski Termizdan 3 kilometr g‘arbda qadimiy qalʼa joylashgan. Arxeologlar qalʼa qurilishining taxminiy sanasini belgilab berishgan: IX-X asrlar, ammo XIV asrga qadar qasr bir necha bor qayta qurilgan. XX asr boshlarida boshlangan qazishmalar va tadqiqotlar davomida bu yerda ko‘plab osori-atiqalar topildi: uy anjomlari parchalari, tangalar, gipsli haykallar va boshqalar. Qirq-qiz qalʼasi bilan qadimgi afsona bog‘liq. Bir vaqtlar bu qalʼada jasur malika Guloyim 40 nafar dovyurak jangovar hur qizlardan iborat kanizaklari bilan birga yashagan. Qadimiy qalʼaning nomi mazkur qizlar nomidan kelib chiqqan. Jasur hur qizlar o‘zlarining qalʼalarini va bekalarini qattiq himoya qilganlar, dushmanlarning hujumlarini qaytarib, erkaklarning yaqin kelishiga yo‘l qo‘ymaganlar24.
Ammo bir kuni Kokildorota ismli yigit qalʼaga kirishga muvaffaq bo‘ldi. U sochlarini uzun qilib o‘stirdi va shu tufayli qalʼaga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Yigitning ayyor rejasi tezlikda oshkor bo‘ldi, malika esa unga oshiq bo‘lib, ular ajoyib to‘y o‘tkazdi.
Balkim shuning uchun Qirq-Qiz qalʼasining xarobalari yengib bo‘lmaydigan qalʼaga o‘xshaydi. Lekin aslida bino keng yo‘lakli va ko‘p sonli xonalari bo‘lgan katta saroylardan biri edi.
Agar siz qadimiy qalʼani ziyorat qilsangiz, ilgari mahalliy chillaxona vazifasini o‘tagan g‘ayrioddiy xonaning qoldiqlarini ko‘rishingiz mumkin. U yerda hanuzgacha shoxlariga mayda matochalar bog‘lab qo‘yilgan eski daraxt bor. Afsonaga ko‘ra, onalik baxtiga erishish istagida bo‘lgan farzandsiz ayollar bu yerga kelib, zurriyot uchun ibodat qilib, bo‘lg‘usi bolalarning ismlari yozilgan kichik matochalarni daraxt shoxiga bog‘lab qo‘yadilar.
Kampirtepa - Amudaryoning o‘ng sohilidagi Termiz shahridan 30 km uzoqlikda qadimiy Baqtriya yodgorligi – Kampirtepa antik shaharchasining xarobalari joylashgan. 2018-yilda ilmiy arxeologlar Iskandar Zulqarnaynning qarorgohi Oksdagi qadimgi Iskandariya (Amudaryoning boshqa nomi) bir paytlar shu yerda joylashganligini isbotladilar. Arxeologik qazishmalar paytida madaniy qatlamlar topilib, buyuk sarkarda kelgan davrga tegishli yangi buyumlar aniqlangan. Kampirtepa shahridagi hayot kamida 500 yil davom etgan va tarixchilar uni uchta tarixiy davrga ajratishadi:
1. Dastlabki bosqich – bu Iskandar Zulqarnaynning Kampirtepa shaharchasiga kelishi (mil. av. IV - II asrlar).
2. Kushon-Yuyeji davri – eng barqaror va osoyishta davr (mil. av. II - I asrlar).
3. Kushon davri – Kampirtepaning eng yuqori gullab-yashnashi davri (mil. I - II asrlar)25.
Hozir Kampirtepa tarkibiga chuqur xandak va qalʼadan iborat “Quyi shahar” kiradi. “Quyi shahar” to‘rtburchakli minoralari bo‘lgan qalin devor bilan himoyalangan. “Quyi shahar” ning ichida to‘rtta katta bloklarga birlashtirilgan va yo‘laklar bilan ajratilgan turli xonalar mavjud. Shaharning mustahkamlangan qismida asosan qabristonlar joylashgan. Shuningdek, ushbu hududda buddaviylik ibodatxonasi qoldiqlarini, xalq ijodiyoti namunalarini, turli tarixiy davrlarning meʼmoriy va dizayn yechimlarini ko‘rish mumkin, bu esa o‘z navbatida olimlar va tarixchilarning qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.
Qadimgi Mingtepa shahri - Andijon shahridan 30 km uzoqlikda joylashgan qadimgi Mingtepa shahri ko‘p yillar davomida dunyoga yaqindagina maʼlum bo‘lgan sirni saqlab kelgan. Ikki ming yillik qalʼa qadimgi davrlarda arxeologlar aytishiga ko‘ra nafaqat mudofaa inshooti, balki to‘laqonli shahar sifatida xizmat qilgan.
Bu yerga tashrif buyurib, Markaziy Osiyoning qadimiy shaharlarining mudofaasi to‘g‘risida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish mumkin – olti metrli devorlar va tuynukli minoralarning xarobalari saqlanib qolgan.
Mingtepa arxeologlarga Farg‘onada joylashgan qadimgi Dovon davlati tarixi haqida ko‘proq maʼlumot to‘plashga ko‘maklashdi, qazishmalar hali ham to‘xtatilmagan, chunki Mingtepa ko‘plab ochilmagan sirlarni o‘zida saqlab turibdi26.