2-bosqich. O‘rta Zarafshon vohasida tosh davri yodgorliklarining tizimli ravishda tadqiq etilishi va ular natijalari bilan izohlanadi . Bu bosqichdaZarafshon vohasi tosh davri jamoalar moddiy madaniyatining tadqiqotlari natijalari nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo miqyosida ham muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, voha tosh davri jamoalari madaniyatining tadqiqotida D.N.Lev, M.J. Djuraqulov,M.R.Qosimov, T.Mirsoatov, N.X.Toshkenboev, R.X.Sulaymonov, T. Grechkina, N.U. Xolmatov kabi tadqiqotchi olimlarning izlanishlari muhim bo‘ldi. Jumladan, Omonqo‘ton makoni D.N. Lev rahbarligida SamDU arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan 1947-1957 yillarda qazib o‘rganildi. Takalisoy g‘ori- muste davri qarorgohi bo‘lib, 1952 yilda D.N. Lev tomonidan tadqiq etilgan. 1958-1959 yillari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tarix va Arxeologiya instituti xodimlari U.Islomov, M.R.Qosimov, T.Mirsoatovlar tomonidan Zarafshon vohasi Vaush tog‘i janubiy yon bag‘ri Uchtut, Ijond atroflaridan qiziqarli tosh qurollari to‘plami qo‘lga kiritilgan.Samarqand so‘nggi paleolit makonida 1958-1967 yillari D.N.Lev, 1967-1972 yillari M.J.Djurakulov rahbarligida arxeologik qazilma ishlari amalga oshirilgan.
1966 yili D.N. Lev raxbarligida SamDU arxeologik ekspeditsiyasi Samarqand makonida qazilma ishlarini amalga oshirish bilan bir paytda Pastdarg‘om tumani Sazog‘on qishlog‘i hamda Samarqand tumani Navbog‘ qishlog‘i atroflarida arxeologik qidiruv ishlarini amalga oshirdi. Xususan, Sazog‘on 1,2 makonlari xaritaga olinib, qidiruv shurflari qazishmalari jarayonida qiziqarli tosh qurollari to‘plami qo‘lga kiritilgan. Lekin, Sazog‘onsoyga g‘arb tomondan qo‘shni soydagi Kamar-Quduq g‘ori, garchi g‘or har jihati bilan ibtidoiy odamzod yashashiga qulayliklarga ega bo‘lsada, qidiruv shurflari kutilgan natijalarni bermagan. Samarqand tumani Navbog‘ qishlog‘i atroflarida amalga oshirilgan arxeologik qidiruv ishlari jarayonida qazilgan shurflardan topilmalar topilmagan, er maydoni sathidan topilgan tosh buyumlari asosida bu erda so‘nggi paleolit makoni bo‘lganligi to‘g‘risidagi xulosaga kelingan. Sazog‘on 1 yodgorligi dastlab 1966-1969 yillari D.N.Lev boshchiligidagi SamDU arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan tadqiq etilgan, keyingi tadqiqotlar 1969-72 yillari M.D.Djurakulov tomonidan amalga oshirilgan.Sazog‘on 2 yodgorligi esa 1978-1983 yillar maboyinida M.D.Djurakulov tomonidan tadqiq etilgan. 1971-1972-yillari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining N. Toshkenboev rahbarligidagi ekspeditsiyasi tomonidan Qo‘tirbuloq yodgorligi tadqiq etilgan. Zirabuloq makoni 1971 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining N. Toshkenboev rahbarligidagi ekspeditsiyasi tomonidan o‘rganildi. Keyinchalik bu yodgorlik 1977 yilda Samarqand Davlat universitetining M. Jo‘raqulov rahbarligidagi ekspeditsiyasi xodimlari tomonidan qayta tadqiq etildi. Vohaning so‘nggi paleolit davri jamoalari moddiy madaniyati esa Samarqand makoni, Siyobcha va Xo‘jamazgil makonlari tadqiqotlari natijasida ma’lum bo‘ldi. SHuningdek, Afrosiyob shaxarchasi o‘rnidan, Registon maydonidan, Samarqandga yaqin Darg‘om kanalining yonlaridan ko‘plab tosh davri jamoalariga tegishli qiziqarli arxeologik manbalar xam qo‘lga kiritilgan. Zamicha-tosh makoni 1989 yili UzRFA arxeologiya institutining paleolit guruhixodimlari tomonidan kashf etilgan bo‘lib, Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘ridan voha tomon chiqib keluvchi soylardan biri bo‘lgan Sevasoy yon qayirida joylashgan.( Samarqand viloyati, Urgut tumani). Ohalik makoni O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘ridan voha tomon o‘z suvini oqizib chiquvchi yirik soylardan biri bo‘lgan Ohaliksoy yon qayirida joylashgan bo‘lib,1986 yili O‘z FA Arxeologiya instituti paleolit otryadi xodimlari tomonidan kashf etilgan. Ushbu ma’lumotlar jumlasiga Quyi Zarafshonning qadimgi o‘zani bo‘lgan Chorbaqti vohasidan (Gazli shahri yaqinida) topilgan mezolit, neolit yodgorliklari (60 dan ziyod) tadqiqotlarining natijalarini ham qo‘shishimiz mumkin Bu yodgorliklar tosh qurollari tipologik tahlili makonlar moddiy madaniyati o‘z xususiyatlari bilan Markaziy Osiyo tog‘, tog‘ yon bag‘ri mintaqasi so‘nggi paleolit (Samarqand makoni, SHugnov), mezolit jamoalari madaniyatiga yaqinligini ko‘rsatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |