8. O`rta Osiyoda antropogenez jarayoni bilan bog`liq kashfiyotlar.
9. O`rta Osiyoda antropogenez jarayonini asoslovchi qadimgi antropologik topilmalar (Farg`ona odam, Obirahmat odami, Teshiktosh neondertal bolasi).
10. U.Islamov, A.P. Okladnikov, V.A.Ranov, A.P. Derevyanko, R. Suleymonovlarning tosh asri va antropogenez jarayoni bo`yicha tadqiqotlari.
O‘rta Osiyo tosh asri arxeologiyasi o‘rganilishi tarixi
O‘rta Osiyoning XIX asr 2-yarmi va XX asr boshlarida arxeologik jihatdan o‘rganilishi tarixi: Turkiston arxeologiya xavaskorlari to‘garagi, mahalliy o‘lkashunoslar faoliyati, tosh asri jamoalari moddiy madaniyati izlariga doir dastlabki ma’lumotlar; O‘rta Osiyoning XX asr 20-30 yillari maboyinidagi tosh asri yodgorliklari tadqiqotlari. Yirik arxeologik ekspeditsiyalarning tuzilishi va ular tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar natijalari; O‘rta Osiyoning XX asr 40-yillari 2-yarmi- 80-yillar maboyinidagi tosh asri yodgorliklari o‘rganilishi tarixi, yodgorliklar kompleks tadqiqotlarining yo‘lga qo‘yilishi:O‘rta Osiyoning XX asr oxiri va XXI asr boshlaridatosh asri yodgorliklari o‘rganilishi tarixi,yodgorliklar tadqiqotida xorijiy hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi.
O‘rta Osiyoning XIX asr 2-yarmi va XX asr boshlarida arxeologik jihatdan o‘rganilishi tarixi: Turkiston arxeologiya xavaskorlari to‘garagi, mahalliy o‘lkashunoslar faoliyati, tosh asri jamoalari moddiy madaniyati izlariga doir dastlabki ma’lumotlar.
Dunyo miqyosida O‘rta Osiyo hududi moddiy, madaniy va arxeologik meros ob’ektlari tadqiqotida istiqbolli o‘lkalardan biri hisoblanadi. Buni ushbu yodgorliklarning serobligi va ular tadqiqoti natijalari ko‘rsatib turibdi. Tadqiqotlar guvohligicha, O‘rta Osiyo sarhadlarida mazkur yodgorliklarni o‘rganilishi ishlari asosan XIX asr 2-yarmidan e’tiboran amalga oshirila boshlangan. To‘g‘ri, bunga qadar ham Podsho Rossiyasi tomonidan O‘rta Osiyoga uyushtirilgan ba’zi missiyalar jarayonida hududimizning qadimiy yodgorliklari, asori-atiqalarga e’tibor berilgani va bu haqda ma’lumotlar to‘plaganligi haqida faktlar mavjud. Masalan, 1819 yili kapitan N.N. Murav’ev O‘rta Osiyoga qilgan tashrifi jarayonida Turkmaniston va Xiva hududida joylashgan tarixiy obidalar bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar to‘plaganligi bizga ma’lum.
XIX asr 2-yarmida Podsho Rossiyasi tomonidan O‘rta Osiyo, xususan Turkiston hududlarini o‘z mustamlakasi erlariga aylantirilgan yoxud imperiya ta’sir doirasiga olingan paytdan e’tiboran nafaqat tarixiy, madaniy yodgorliklar, balki xududimiz tabiiy- iqlimiy sharoiti, qazilma boyliklari, jug‘rofiyasi rus ilmiy jamiyatining taraqiyparvar qismi tomonidan g‘oyat qiziqish bilan o‘rganila boshlandi. Jumladan rus olimi – zoolog N.A. Seversev, mashhur rus geografi Semyonov-Tyan’shanskiy, tabiatshunos va sayoh A.P.Fedchenko, geolog va geograf I.VMushketov, tuproqshunos olim V.V. Dokuchaev singari jonkuyar olimlarning ilmiy tadqiqot ishlari shular jumlasidan hisoblanadi. Bir guruh harbiy topograflar esa tabiiy kontrastlari bir-biridan keskin farq qiladigan juda katta hududni keng ko‘lamda sur’atga tushirish, xaritalashtirishdek mashaqatli vazifalarni bajardi. SHuningdek, tarixchilar, sharqshunos olimlar tomonidan O‘rta Osiyo, xususan Turkiston o‘lkasining qadimgi tarixini tarixiy yozma manbalar asosida yaratish, yozish ishlariga ham katta e’tibor qaratilib, natijada bu o‘lkalar o‘tmishiga doir yirik tarixiy asarlar, ilmiy to‘plamlar ham yuzaga kela boshladi. Bu borada Turkiston o‘lkasiga taalluqli «Turkiston asarlar va maqolalar to‘plami» nomli tarixiy kitob juda qimmatli asar bo‘lib, uni tuzishda taniqli rus olimi, bibliografi V.I.Mejovning xizmatlari juda katta bo‘ldi. 416 jildan iborat bo‘lgan bu to‘plam 1888 yili yaxlit holatga keltirilgan. YAna bir nodir asar «Turkiston al’bomi» 1872 yili A.L.Kun boshchiligida sharqshunos olimlar tomonidan yaratildi. Al’bomdagi rangli va rangsiz foto sur’atlar 1262 dona bo‘lib, ular 447 karton rasmga jamlangan. Ushbu tarixiy al’bom manba sifatida 3 ta katta kutubxonada saqlangan. Bular Imperator kutubxonasi, Fanlar Akademiyasi kutubxonasi va Turkiston o‘lkasi kutubxonasi hisoblanadi. SHuningdek,1917 yilga qadar Turkistonda ilmiy jamiyatlar tomonidan o‘lka tarixiga doir «Axborot» ilmiy ma’lumotlari, to‘plamlar, jurnallarning nashr etilishi ham o‘ta ahamiyatli hisoblanadi. SHunday muhim tarixiy manbalar jumlasiga Turkiston havaskor arxeologlari to‘garagining majlislar qarorlari va axborotlaridan iborat bo‘lgan 21 to‘plamining nashrdan chiqqanligini kiritish mumkin. Bu davrda O‘rta Osiyoning qadimiy yodgorliklari, asoriy atiqalari ustida tinmay arxeologik kuzatishlar, qidiruv va qisman qazilma ishlari amalga oshirilgan. Bu sohadagi ishlar P. I. Lerx, N.I. Veselovskiy, V. A. Jukovskiy, V. V. Bartol’d va mahalliy turkistonshunoslardan M. S. Andreev, V.L. Vyatkin. A. L. Kun, A.V. Semenov. I.T. Paslovskiy, N.P. Ostroumov va boshqalarning nomlari bilan bog‘liq. Qadimiy yodgorliklarni xisobga olish va tekshirishga markaz ilmiy muassasalaridan Imperator arxeologiya komissiyasi, ayniqsa, Rus arxeologiya jamiyatining sharq bo‘limi, bundan tashqari, 1903 yilda tashkil qilingan O‘rta va SHarqiy Osiyonig tarixiy, arxeologik, lingvistik va etnografik jihatdan o‘rganish qo‘mitasi xam e’tibor bilan qaradi. To‘plangan arxeologik manbalar Toshkent(1871), Samarqand (1874), Farg‘ona (1889) muzaylar fondida, shuningdek Sankt-Peterburg, Moskva muzeylari ko‘rgazma va zahiralarida saqlanadi. Arxeologik izlanishlarda arxeologiya, antropologiya, etnografiya xavaskorlari jamiyatining Turkiston bo‘limlari faoliyati muhim bo‘ldi. Mashhur rus sharqshunosi V.V. Bartold o‘lkamizni tarixini o‘rganish ishiga juda katta yordam ko‘rsatdi. Mahalliy xalq ichidan xam o‘lkashunos, asari atiqa xavaskorlari etishib chiqdi. Samarqandlik Mirzo Buxoriy. Mirzo Abdullalar boy arxeologik – numizmatik kolleksiyalar to‘plashdi. Hattot Mirzo Barot Mullo Qosimov Samarqand va uning atroflaridagi ko‘plab qadimgi yodgorliklar sur’atini chizdi. Mirzo Abdullo Abdurahmon qadimgi toshlarga bitilgan xatlarning ma’lumotini to‘pladi. V.V. Batol’dning bevosita rahbarligida 1895 yil oktyabrida Turkiston arxeologiya havaskorlari to‘garagi tashkil topdi. To‘garakning maqsadi Turkiston o‘lkasida qadimgi yodgorliklarni o‘rganish, arxeologik xaritasini tuzish, arxeologik yodgorliklarni saqlash, arxeologik materiallarni chop etish kabilar bo‘lgan. To‘garakning 108 ta a’zosi bo‘lgan. O‘ning tarkibida V.V Bartol’d, D. M. Levshin, N. S. Likoshin, K.V. Aristov, V.F. Oshanin va boshqa mashhur kishilar bor edi. Olimlardan P. I. Lerx, V.V. Grigor’ev , N.I. Veselovskiy, V.A. Jukovskiy kabilar arxeologiya ishlarini jonlantirib yubordilar. Ular mahalliy tarixchi, o‘lkashunoslar bilan hamkorlikda ish olib borishib, ularga uslubiy yo‘l- yo‘rik ko‘rsatdilar. SHunday mahalliy o‘lkashunoslardan biri havaskor arxeolog Akram Polvon Askarov bo‘lib, u yodgorliklarni tarixshunoslik nuqtaiy nazardan o‘rganishda tashabbus ko‘rsatdi.
Ushbu ilmiy izlanishlar jarayonida O‘rta Osiyo sarhadlari miqyosida kishilik tarixi rivojining ilk bosqichlarini o‘z ichiga oluvchi tosh asri jamoalari moddiy madaniyati izlari haqida ma’lumotlar ham to‘plana borgan. Bular XIX asr oxiri XX asr boshlarida yuqorida keltirilgan ilmiy izlanishlar paytida tasodifiy holda topilgan tosh qurollarining to‘plamlari hisoblanadi. 1864 yili A.Gebel tomonidan Mang‘ishloqdan topilgan tosh qurollari, 1870 yili Toshkentning eski qa’la yonidan topilgan tosh bolta, injener D.L.Ivanov tomonidan 1884 yili Afrosiyob yonidan yo‘l o‘tkazish paytida, 1901 yili A.P.Pavlov tomonidan Toshkentdagi Bo‘zsuv, Qamishlisoy qirg‘og‘i yon terrasalari ko‘zdan kechirilayotgan paytda, A.V.Kamorov tomonidan Janubiy Turkmanistondagi Anov yodgorligi qazishmalari jarayonida topilgan tosh qurollari to‘plamlarini hamda 1902 yilda Saymalitosh petrogliflarining topilishini shu ma’lumotlar jumlasiga kiritish mumkin. Mazkur davr tosh davri jamoalari moddiy madaniyatiga tegishli bo‘lgan asori- aqidalarni, xususan tosh qurollarning topilishi va o‘rganilishida yuqorida keltirilganidek, 1895 yili tashkil etilgan Turkiston yosh havaskor arxeologlar to‘garagining faoliyati muhim ahamiyat kasb etganligini ham alohida qayd etish lozim. Masalan, 1906 yili shu to‘garak yig‘ilishida I.P.Paslovskiy, P.S.Nazarovlar Qoratov, Beshariq tevaraklaridan topilgan qiziqarli tosh qurollari to‘plami haqida axborot berishgan. 1907-1908 yillari Tojikiston hududida I.P.Tolmachev, S.M.Dudinlar neolit davriga oid qiziqarli tosh qurollari to‘plamini qo‘lga kiritishgan. V.N.Andrusov tomonidan 1916 yili Jabal, Gazliota, Qo‘shaba atroflaridan topilgan tosh qurollar shu hududlarning keyingi yillarda arxeologik jihatdan o‘rganilish istiqbolini belgilab berdi. N.I.Veselovskiy, N.Ostroumov, A.YArchinskiylar tomonidan yig‘ilgan tosh qurollari to‘plamlari ham tosh davri jamoalari moddiy madaniyati borasida muhim manbalar bo‘lib hisoblanadi (Djurakulov M.D. Istoriya izucheniya kamennogo veka Sredney Azii. Aavtoreferat diss. na soiskanie uch.step. k.i.n., - Samarkand, 1966.- S.3-27). 1906 yili Turkiston arxeologiya havaskorlari to‘garagi yig‘ilishida ibtidoiy davr mehnat qurollari xaqida xisobot bergan. V.L. Vyatkin 1908 Ulug‘bek rasadxonasi o‘rnini aniqlashga, Afrasiyob va uning atroflaridan ko‘plab qadimiyotga oid manbalar to‘plashga erishgan. SHu tariqa XX asr boshlarida Afrasiyob shahar yodgorligida dastlabki qazish ishlari ham boshlab yuborilgan. SHunday qilib, XX asr 20 yillariga qadar olimlar va Turkistonshunos xavaskorlarning faoliyati bilan O‘rta Osiyo o‘lkasini o‘rganishga doir anchagina manbalar, materiallar to‘plandi. Garchi ko‘plab qadimiyotga oid manbalar to‘plangan bo‘lsada, ular asosan tasodifiy topilgan materiallar hisoblanib, hali ular tadqiqoti to‘laqonli tizimlashtirilmagan bo‘lgan.
O‘rta Osiyoning XX asr 20-30 yillari maboyinidagi tosh asri yodgorliklari tadqiqotlari. Yirik arxeologik ekspeditsiyalarning tuzilishi va ular tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar natijalari.
XX asrning 20-30 yillari, Sobiq Ittifoqning dastlabki yillarida davlat boshqariluvi, jamiyat rivojida muhim sotsial o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan paytda, o‘tmish tariximiz, moddiy madaniyatni tadqiqotiga ham e’tibor qaratilib, bu ilmiy faoliyatni yo‘lga qo‘yuvchi davlat tashkilotlari ham tuzila boshlandi. 1920 yil 27-noyabrda tuzilgan «Tabiat, san’at, qadimgi yodgorliklarni saqlash, muhofaza qilish va muzey ishlari Turkiston Komiteti» tashkiloti shular jumlasidan hisoblanadi. Bu tashkilot tomonidan moddiy, madaniy va arxeologik meros ob’ektlari topish va ularni ilmiy o‘rganish, mavjud bo‘lgan tarixiy-madaniy va arxtekturaviy yodgorliklarni davlat tasarrufiga olish va ularning muhofazasini tashkil etish, ta’mirlash ishlari tizimlilik asosida yo‘lga qo‘yila boshlandi. SHu tariqa yodgorliklarning dala arxeologik qazilma ishlariga keng yo‘l ochildi, tadqiqot uslublari takomillashtirilib, ular malakali soha mutaxassislar tomonidan amalga oshirila boshlandi. YOdgorliklar xaritaga, topilmalar esa hisobga olindi. SHu yillarda tosh davri borasida ham kengroq ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan. Xususan, 1930 yili A.F.Sosedko Qizilqum hududida neolit davriga oid qiziqarli tosh qurollar, sopol buyum parchalari to‘plamini qo‘lga kiritgan. Samarqand yaqinidagi Darg‘om kanali bo‘ylarida 1930 yili B.M.Kastalskiy tomonidan kuzatuv ishlari amalga oshirilib qiziqarli tosh qurollari to‘plami (o‘q-yoy uchlari, keskich qurollar) yig‘ib olinib, Sankt-Peterburgdagi Ermitaj davlat muzeyiga topshirilgan. Bu tosh qurollari to‘plami 1963 yili M.J.Djuraqulov tomonidan o‘rganilib, ilmiy muamilaga kiritilgan. Shu yillari O’rta Osiyo arxeologiyasining rivojlanishida S.P.Tolstov, M.E.Masson, M.M.D`yakonov, A.P. Okladnikov, M.M.Gerasimov, V.G Grigoryev, A.Yu.Yakubovskiy, Ya. G’ulomov kabi tadqiqotchilar xizmatlari katta hisoblanadi. O‘tgan asr 30-yillar oxiridan boshlab O‘rta Osiyo miqyosida ibtidoiy davr yodgorliklari tadqiqotida kompleks fanlar mutaxassislari ishtirokida arxeologik ekspeditsiyalar (XAE, JTAKE) tashkil etilib, ular maqsadli, tizimli izlanishlarni amalga oshira boshlashgan. 1931 yili Samarqand shahri markazida sun’iy ko‘l qirg‘og‘ida dastlab N.P.Xorlamov, keyinchalik M.V Voevodskiy va V.V.SHumovlar tomonidan qidiruv shurfi qazilib qiziqarli tosh qurollari kolleksiyalari to‘plandiki, bu materiallar keyingi yillarda D.N.Lev, M.Jo‘raqulovlar tomonidan Samarqand makonining kashf etilishi va bu erda tadqiqotlar olib borilishiga zamin yaratgan. SHuningdek, o‘tgan asr 30-yillar oxiriga kelib Ayritom, Teshik-tosh, Amir-Temur, Jonbos-4 kabi yodgorliklar kashf etilishi O‘zbekiston sarhadlarida tosh davri yodgorliklari tadqiqotining istiqbolini belgilab berdi. Xususan, 1937 yili S.P.Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologik ekspeditsiyasi Qoraqalpog‘istonning SHabboz va To‘rtko‘l tumanlarida qadimgi sug‘orish inshootlarini tadqiq etdi. 1939 yili S.P.Tolstov tomonidan Jonbos-4 neolit yodgorligining kashf etilishi bilan Kaltaminor neolit madaniyati tadqiqoti keng ko‘lamda boshlanib ketdi. 1939,1940-1945 yillari S.P.Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologik ekspeditsiyasi xodimlari tomonidan Kaltaminor madaniyatiga tegishli qator yodgorliklar tadqiq etilgan. SHuningdek, shu yillari Vatanimizning boshqa sarhadlarida ham tosh davri yodgorliklari bo‘yicha tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan, 1938-1939-yillarida A.P.Okladnikov tomonidan Teshiktosh g‘or makonining tadqiq etilishi va undan neondertal bolasi antropologik topilmasining topilishi, 1940 yili I.F. Lamaev tomonidan tadqiq etilgan qadimgi jamoalar ma’naviy kechinmalarini ifodalovchi Zarautsoy qoyatosh rasmlari yodgorligining ahamiyati hozirgi kunda ham beqiyos hisoblanadi. E.M. Masson raxbarligida Termiz arxeologiya ekspeditsiyasi, A. Marushenko va S.A. Ershovlar Kaspiy bo’ylarida, V.A.Shishkin raxbarligida Quyi Zarafshon ekspeditsiyasi ish boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |