Ijont ustaxonasi. Ijont ustaxonasi Qoratovning tizmalaridan biri bo‘lgan Kalavash Qizil tog‘ining janubiy adirliklarida, Ijont qishlog‘idan 1 km shimolroqda joylashgan. Kalavash Qizil tog‘ining janubiy adirliklari Tutli, Oq Ko‘l, YOv Keldi va nomsiz soylar bilan kesilgan. Materiallar ushbu soylarda va asosan, Ijont qishlog‘idagi tog‘ adirliklaridan yig‘ilgan. 1959, 1961 va 1963 yillarda olib borilgan ishlar natijasida ustaxona maydonidan 389 ta tosh buyum yig‘ib olingan. Ular orasida turli nukleuslar, qirg‘ichchalar va qirg‘ichsimon qurollar, pichoqsimon plastinkalar, ushatg‘ichlar hamda ishlab chiqarish chiqitlari mavjud. tosh qurollar yasash uchun mahalliy kremniy, sifati yuqori bo‘lmagan kvars hamda kremniylashgan oxaktoshdan foydalanilgan.
Ijont ustaxonasining materiallari keyingi yillarda B.Q.Sayfullaev, O.T.Ergashevlar tomonidan qayta tahlil etilgan. Ijont ustoxonasi tosh buyumlari to‘plami tipologik jihatdan tahlil etilganda, mutaxassislar ulardan 78 tasi so‘nggi paleolit davriga oid bo‘lib chiqdi. Bu tosh buyumlar yasalishida kremniy va kremniylashgan jinslardan tashqari, kvars hamda mayda qumli tosh jinslaridan foydalanilgan.
So‘nggi paleolit davri payraqalari va uchirindilari yupqa va kichik hajmli bo‘lib, ularning ko‘pchiligida zarb maydonchalari chaqmoqlanish o‘qiga nisbatan to‘g‘ri burchak ostida joylashganligi aniqlangan. Tosh qurollari to‘plamida 3 ta qirg‘ichcha bo‘lib, ularga qarama qarshi, tishsimon va mayda retushlash yordamida ishlov berilgan. To‘plamdagi uchinchi qirg‘ichcha uchburchaksimon uchirindidan ishlangan, ish maydoni qisman retushlangan.To‘plamda 2 ta randa quroli ham bo‘lib, qirg‘ichga o‘xshash kremniylashgan oxaktosh siniqlaridan ishlangan. To‘plamda plastinalar va ularning siniqlari 7 ta. Ularning katta qismi fragmentlashtirilgan. Butun nusxalari o‘z shakli bilan ajralib turadi. Ularning ko‘pchiligiga ishlov berilmagan. Tosh buyumlari to‘plamida uchirindilarning soni 38 ta. Ularning ko‘pchiligi uchburchaksimon va uzunchoq ko‘rinishlarga ega bo‘lib, ular ichida yon qirralariga turli usulda ishlov berilgani sanoqlidir. 28 dona tosh buyumi ishlab chiqarishning chiqindilari hisolanadi. Ushbu Tosh buyumlari to‘plami kompleksi o‘z jihatlari bilan Uchtut ustaxonasining so‘nggi paleolit davri tosh qurollariga o‘xshashdir.
Qizilqum hududi bo‘yicha A.V.Vinogradovning tadqiqotlaridan so‘nggi paleolit davri jamoalari madaniyati to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Bular Ayakagitmaning 1-terrasasi tosh qurollari, Qizilnura 15 yodgorliklari hisoblanadi. Ustyurt platosi bo‘yicha so‘nggi paleolit davri yodgorliklari E. Bijanov tadqiqotlari asosida fanga ma’lum. Esen 3, CHuruk 12 va boshqa yodgorliklar so‘nggi paleolit davri jamoalari madaniyatiga oiddir. E.Bijanov fikricha Ustyurt so‘nggi paleolit yodgorliklari ikkita madaniy-xronologik guruhga bo‘linadi: Old Osiyo va SHarqiy-Osiyo. Churuk 12 makoni Old Osiyo guruhi yodgorliklari safiga qo‘shiladi. A.V.Vinogradovning tadqiqoticha Quyi Zarafshon hududida so‘nggi paleolit davriga oid yodgorliklar noma’lum bo‘lib kelmoqda edi. Aniqrog‘i, Ayaqagitma havzasi sharqiy qismida bir nechta makonlar so‘nggi paleolit davriga oidligi ehtimoli to‘g‘risida fikr bildirilgan edi. Lekin bu fikr keyingi tadqiqotlarda o‘z isbotini topmadi. Keyinchalik, A.V.Vinogradov tosh qurollari sirtini mog‘or bosish bo‘yicha nisbatan yangirog‘ini hisobga olib, bu qurollar so‘nggi paleolit davri jamoalariga tegishli bo‘lishi mumkin degan fikrni ilgari surdi. SHu nuqtai nazardan Qizilnura 15 –makonini so‘nggi paleolit davri jamoalariga tegishli deb hisobladi. Qizilnura 15-makoni o‘z moddiy madaniyati bilan Ustyurt hududidagi Esen 2 hamda Markaziy va G‘arbiy Qozog‘istondagi bir qancha so‘nggi paleolit yodgorliklariga moddiy madaniyat jihatidan o‘xshash degan fikrni ham bildiradi.
O‘zRFA arxeologiya institutining paleolit otryadi xodimlari tomonidan Uchquduq tumanidagi Ko‘kayaz havzasidan paleolit davriga oid 3 ta makon aniqlandi. Ko‘kayaz 1,4,8 yodgorliklari ashel, so‘nggi paleolit davriga tegishli degan xulosaga kelingan. Keyinchalik bu mintaqada yana qidiruv ishlari bajarilib, 8 ta punkt tosh qurollari bilan topilgan va bu punktlardan topilgan tosh qurollari texnik-tipologik tahliliga ko‘ra ular tosh qurollarini yasashga mutaxassislashgan ustoxona deb eneolit davri bilan sanalanmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |