O‘rta Osiyo neolit jamoalarining madaniy aloqalari, madaniyatlar genezisi.
Tosh davri jamoalari madaniy aloqalari masalasi kishilik tarixi taraqqiyoti ibtidoiy davri madaniyatini o‘rganishda dolzarb hisoblanadi. Soha mutahassislari o‘z tadqiqotlarida bu masalaga e’tibor qaratishgan. Dastlab, A.P.Okladnikov tadqiqotlarida bu borada ma’lumotlar uchratilgan bo‘lsa, S.P.Tolstov, A.V.Vinogradov, V.A.Ranov, V.M.Masson, G.F.Korobkova,U.Islomov, M.Djuraqulov, N.X.Toshkenboev, R.H. Suleymonov, E. Bijanov, G.N. Matyushin, A.N. Melentev, N.O‘.Xolmatov kabi tosh asri mutaxassislarining izlanishlarida ham shu haqda qiziqarli faktlar qayd etilgan.
Soha tadqiqotchilarining izlanishlaridan tosh davri jamoalari qadimdan ma’lum hudud bilan chegaralanib yashab qolmasdan oziq-ovqat, tosh qurollari yasash uchun xom ashyo izlashib boshqa hududlarga borishganligi va u joylarda yashovchi jamoalar moddiy madaniyatining u yoki bu jihatlarini o‘zlashtirib olishganligi, aksincha ular madaniyatiga ta’sir ko‘rsatishganligi ma’lum bo‘ldi. SHu tariqa jamoalar o‘rtasida madaniy aloqalar kelib chiqqanligi va bu aloqalar jamoalar tosh industriyasi xarakteri, tosh qurollari shakli, ishlov berilish usullari, tosh qurollarining turmushda bajargan funksiyalari, tosh qurollari yasalish xom ashyosi, jamoalar turar-joylari, qabrlari, qoya tosh rasmlari, zeb-ziynat taqinchoqlari, sopol idishlari shakli hamda ulardagi naqshlar o‘xshashligida namoyon bo‘lgan.
Kishilik tarixi tosh asrining yakunlovchi bosqichi hisoblanuvchi neolit davriga (mil.avv. 6-4 ming yil) kelib, O‘rta Osiyoning turli mintaqalarida (tog‘, tog‘ yon bag‘ri, pasttekislik) o‘zgacha tabiiy landshaft, ekologik, iqlimiy sharoitlarga tushib qolgan jamoalar o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan turli madaniyat sohiblari bo‘lishgan. SHu kunda bular Amudaryo, Zarafshonning quyi etaklari, Qizilqum sarhadlarida kaltaminar tarixiy madaniy jamoalari, Janubiy Turkmanistonda joyitun, Markaziy va Janubiy Tojikistonda hisor, Farg‘ona vodiysida Markaziy Farg‘ona, O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘rida sazog‘on, Ustyurt neolit jamoalari madaniyatlari hisoblanadi. Bu madaniyatlar tadqiqotida ham jamoalarning o‘zaro madaniy aloqalariga oid qiziqarli ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan. Xususan, S.P.Tolstov birinchi bo‘lib Quyi Amudaryo etagi Oqchadaryo havzasida neolit jamolariga oid kaltaminar madaniyatini aniqladi va bu jamoalar Janubiy Turkmaniston va YAqin SHarq hududi jamolari bilan madaniy aloqada bo‘lishganligi to‘g‘risida qiziqarli manbalarni qo‘lga kiritishga erishdi. Keyinroq kaltaminar jamoalarining O‘rta Osiyo janubiy hududlari neolit jamoalari bilan yaqindan madaniy aloqada bo‘lganligini yangi arxeologik ashyolar asosida atroflicha A.V.Vinogradov o‘z izlanishlarida yoritib berdi. SHuningdek, Kaltaminor jamoalarining shimoliy, shimoliy-sharqiy Kaspiybo‘yi, Janubiy Urol, Urol orti, Janubiy-g‘arbiy Qozog‘iston hududlari neolit jamoalari madaniyatiga ta’siri masalasi ham tadqiqotlarda keng yoritilgan. G.E.Markov va S.Hamrokulievlar Oyukli madaniyatining kaltaminor jamoalari madaniyatiga ba’zi jihatlari bilan o‘xshashligini o‘z tadqiqotlarida keltirishganlar.
M.Djuraqulov, N.U.Xolmatovlar o‘z tadqiqotlarida O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘rida tadqiq etilgan sazog‘on neolit jamoalarining qo‘shni hisor (Markaziy va janubiy Tojikiston), Markaziy Farg‘ona (Farg‘ona vohasi) hamda kaltaminor (Quyi Zarafshon vohasi, Qizilqum sarhadlari) jamoalari bilan yaqindan madaniy aloqada bo‘lib yashaganliklari to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar keltirganlar (masalan, chaqmoqtoshdan yasalgan butun holatdagi paraqaning astar tomoni ikki yon qirrasi bo‘ylab chuqur kirib boruvchi kertish usulida ishlov berilgan paraqa qurollari kaltaminar jamoalariga xos qurollar hisoblanadi va ular sazog‘on neolit jamoalari makonlaridan turkum holda topilgan). O‘z navbatida O‘.Islomov, V.I.Timofeevlar ham Farg‘ona vohasida tadqiq etilgan Markaziy Farg‘ona madaniyati makonlari tosh qurollarining qo‘shni hisor, sazog‘on neolit jamoalari tosh qurollariga o‘xshashlik jihatlari to‘g‘risida fikr bildirishgan. E.Bijanov Ustyurt neolit jamoalarining moddiy madaniyati o‘ziga xos xususiyatlariga to‘xtalar ekan, jamoalar madaniyati ko‘p jihatlari bilan qo‘shni hududlar jamoalari madaniyatlariga yaqinligi borligini e’tirof etgan. V.A.Ranov Tojikiston sarhadlarida tadqiq etilgan hisor neolit jamoalari madaniyatini izohlar ekan kaltaminar va hisor jamoalari o‘zaro aloqalari masalasida O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ massivi shimoliy yon bag‘rida o‘z madaniyatida bir tomondan O‘rta Osiyo tog‘ mintaqasi klassik hisor neolit jamoalari, ikkinchi tomondan O‘rta Osiyo pasttekislik mintaqasi kaltaminar neolit jamoalari madaniyati ba’zi jihatlarini o‘yg‘unlashtirgan sazog‘on neolit jamoalari madaniyatining o‘rni masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Tadqiqotchining bu fikri O‘rta Osiyo neolit davri jamoalari o‘zaro qo‘shnichilik madaniy aloqalarini bilishimizda nihoyatda ahamiyatlidir. Janubiy Turkmaniston hududi joyitun neolit jamoalari madaniyatining YAqin SHarq, SHarqiy Kaspiy bo‘yi hududlari neolit jamoalari madaniyati bilan o‘xshashlik jihatlari to‘g‘risida V.M.Masson tadqiqotlarida qiziqarli ma’lumotlar mavjud. SHuningdek, O‘rta Osiyo neolit davri jamoalari o‘zaro qo‘shnichilik madaniy aloqalari masalasida shu satrlar muallifining izlanishlari ham ahamiyatli hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |