Miloddan avvalgi VI – IV asrlarda Yunonistonda Esxil, Sofokl, Evripid kabi mashhur adiblar yashaganlar. Ular turli mavzuda tragediya asarlari yaratishgan.
Bu jihatdan Esxilning «Zanjirband Prometey», «Forslar», Sofoklning «Shoh Edip» va «Antigona» tragediyalari diqqatga sazovordir. Bu tragediyalar o`sha vaqtlarda yunon teatrlarida qo`yilib namoyish etilgan. Tragediyalarda qahramonlarning jasorati, azob-uqubatlari va fojiali oiimlari bayon etiladi.
O`sha vaqtda sahnalarda namoyish etilgan qadimgi yunon tragediya asarlari hozirda ham jahonning ko`p mamlakatlari, shuningdek o`zbekistonning teatr sahnalarida namoyish etilib kelinmoqda.
Qadimgi yunon adiblari hazil, kulgi va mutoiba ruhida ham ko`p asarlar – pyesalar yaratganlar. Kulgi, hazil, masxaralash ruhida yozilgan pyesalar komediya deyilgan.
Komediya yunoncha so`z bo`lib «xushchaqchaq dehqonlarning qo`shiqlari», degan ma`noni bildiradi.
Qadimgi yunon komediyasining mashhur vakillaridan biri miloddan avvalgi 450–388-yillarda yashab ijod etgan afinalik Aristofandir. U «Tinchlik», «Ayollar xalq yig`inida», «Suvoriylar» kabi o`nlab mashhur pyesalarning muallifidir. Aristofan komediyalarining birida Peloponnes urushida azob chekkan qishloq aholisining mashaqqatli turmushini aks ettirgan. Uning komediyalarida o`sha zamon amaldorlari va xudolarining illatlari fosh etilgan. Aristofan odamlarga kulgu baxsh etish bilan birga, o`sha davr illatlari ustidan kulib, amaldorlarni qattiq hajv ostiga ham oladi. Tomoshalar ko`rsatiladigan kunlarda ular oziq-ovqatlarini olib, ena tongda teatrga kelishgan. Teatrga juda ko`p odamlar to`planib, uni zavq-shavq bilan tomosha qilishgan.
Tomoshabinlar qo`yilgan pyesa va aktyorlarning ijrosi haqida o`z fikrlarini bildirishgan.
Tomoshalar nihoyasiga yetgach, maxsus tuzilgan hay`at a`zolari odamlarning fikrini e`tiborga olib, komediya va tragediya mualliflarini, shuningdek ijrochi aktyorlarni gulchambarlar va qimmatbaho sovg`alar bilan mukofotlaganlar. Yunonistonda mashhur pyesalarning mualliflari qayta-qayta izzat-hurmatga sazovor bo`lganlar. Xususan mashhur adiblar – Esxil, Sofokllarga Afina teatrlarida haykallar o`rnatishgan. Qadimgi Yunonistonda teatrni «tarbiya maktabi», deb bilganlar.
Mashhur tragediya mualliflarini esa «Donishmandlik yo`lboshchilari», deb ataganlar.
Qadimgi yunon teatri jahon teatr san`atining rivojiga o`zining ulkan hissasini qo`shgan.Yunonistonda me`morchilik va haykaltaroshlik. Qadimgi yunonlarda me`morchilik, haykaltaroshlik va rassomchilikning kelib chiqishi Krit Mikena davriga borib taqaladi. San`atning bu turlari asta-sekin rivojlana borib miloddan avvalgi V asrda o`zining yuqori pog`onasiga ko`tariladi. Yunon me`morlari ibodatxona, teatr, saroy va jamoat binolarini qurishga alohida e`tibor berganlar. Ular yig`ilish va majlislar o`tkaziladigan ustunli peshayvonlar qurishga alohida e`tibor berganlar. Ustalar peshayvonlarning ustunlarini yo`g`on yog`ochdan yo`nib ishlaganlar. Keyinchalik esa yog`och ustunlar o`rniga marmar ustunlar ishlatilgan. Miloddan avvalgi VI–V asrlarda ikki xil ustunlar ishlatilgan. Biri marmar polning o`zidan o`sib chiqqandek usti oddiy plita bilan jilolangan. Bunday salobatli ustunlar doriy uslubidagi ustunlar deb atalgan. Bunday ustunlarni kuchli erkak kishining yo`g`on gavdasi qiyofasida ishlaganlar.
Ikkinchi xil ustunlar o`ta nozik, xushbichim bo`lib, ular kelishgan ayol qiyofasida ishlangan. Ustunning yuqori qismi esa qo`chqoraing gajak va qayrilma shoxlariga o`xshatilgan. Bu ustunlaiga nafis naqshlar ham ishlangan. Bunday ustun ioniya uslubidagi ustunlar deyilgan. Yunonlar agora, gimnaziya, teatr, ibodatxona va boshqa binolar qurilishiga katta e`tibor berganlar. Ibodatxona «xudoning uyi» hisoblanib, u to`g`ri to`rtburchak shaklida qurilgan. Uning to`rt tomoniga ustunlar o`rnatilgan. Ibodatxona va jamoat binolarining tomi ikki tomonga nishab qilib ishlangan.
Afinadagi Parfenon, Zevs, Afina ibodatxonalari, Afina akropoli va boshqalar jahon me`morchiligining nodir durdonalaridan hisoblanadi.
Ibodatxonalarning ichi, tashqarisi xudolar, afsonaviy qahra-monlarning haykallari bilan bezatilgan.
Afina Yunonistondagi eng go`zal shahariardan biri bo`lgan. Qadimgi yilnomalarda «Agar sen Afinani ko`rmagan bo`lsang to`nkasan! Ko`rgan bo`lsang-u, undan zavqlanmagan bo`lsang eshaksan! U yerdan o`z ixtiyoring bilan ketgan bo`lsang tuyasan!», deb yozilgan ekan.
Haykaltaroshlik ham qadimgi yunon san`atining bir turi hisoblanadi. Bu davrda haykaltaroshlik shu darajada rivoj topgan ekanki, qadimgi yunon tarixchisi Plutarx hazil tariqasida «Afinada odamlarga qaraganda haykallar ko`proq» deb yozgan ekan. Ustalar asosan Zevs, And, Afina, Appalon, Dionis, Germes, Gefest kabi xudolar va ma`budlarning Gomer, Gerodot, Solon, Femistokl, Perikl, Demokrit, Suqrot, Sofokl, Esxil kabi tarixiy shaxslarning byust va haykallarini juda ustalik bilan ishlaganlar. Haykaltaroshlar kurash tushayotgan polvonlar, nayzabardorlar, disk uloqtirayotgan yigitlar, Gerakl va boshqa afsonaviy qahramonlarning haykallarini shunday. mahorat bilan ishlaganlarki, uni ko`rib kishi hayratga tushadi. Marmardan yasalgan odam haykallari ba`zan kishi badani rangiga bo`yalgan. Ularga ba`zan rangli toshlardan ko`z ham o`rnatganlar. Haykallar ba`zan yalang`och, ba`zan kiyimda ishlangan.
Kiyimsiz va yarim yalang`och haykallar orqali haykaltaroshlar odam tashqi qiyofasining go`zalligini ko`rsatmoqchi bo`lganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |