TARBIYA METODLARI
Reja:
1. Tarbiya metodlari haqida tushuncha.
2. Xalq va zamonaviy pedagogikada tarbiya metodlari
3. Tarbiya metodlarini turkumlash muammosi:
a) Ijtimoiy ongni shakllantiruvchi metodlar
b) O`quvchilarni faoliyatga undovchi metodlar.
d) O`quvchilarni ijobiy hatti- harakatga undovchi metodlar
e) Shaxsning o`z-o`zini tarbiyalash metodlari
4. Tarbiya metodlaridan foydalanishda o`qituvchining mahorati
Tarbiya metodlari deb tarbiyachining bolalarda axloq-odob fazilatlarini tarkib toptirish maqsadida ularning ongi va irodasiga ta'sir etish yo’llariga aytiladi. Tarbiya usullari tarbiyaning maqsadi va mazmunidan kelib chiqib, komil inson shaxsini tarbiyalashga qaratilgandir. Ajdodlarimiz davr sinovidan o’tgan ajoyib insoniy fazilatlar hamda ularni amalga oshirish usul va vositalarini yaratganlar, shu asosda yoshlarni ijtimoiy hayot talablariga javob beradigan kishilar qilib tarbiyalab kelganlar. Bolalarda insoniy his-tuyg’ularni tarbiyalashning asosi - kishilarga mehr-muhabbat qo’yish, izzat-hurmat bilan muomala qilish, insoniy huquqlarini himoya qilish, qadrlash, kishilar oldidagi o’z burchini anglash, odamlarga nisbatan samimiy, halol va rostgo’y bo’lish kabi odob va axloq qoidalarini o’z ichiga oladi.
O’zbek xalq pedagogikasining muhim ahamiyatga ega bo’lgan xususiyatlaridan yana biri folklor materiallarida xalq pedagogikasida qo’llaniladigan tarbiya yo’llari, usuli va vositalarining yoritilishidir. Mehnatkash xalq ommasi, yuqorida qayd qilib o’tilganidek, uzoq davrlar davomida vujudga kelgan tarbiya usullari va vositalaridan foydalangan. Chunonchi, tushuntirish, odatlantirish (o`rgatish va mashq qildirish), bolalarning kundalik hayot tartibi, ibrat ko’rsatish, maslahat berish, o’git-nasihat, undash, ko’ndirish, iltimos qilish, yolborish, tilak-istak bildirish, ma`qullash, maqtash, rahmat aytish, duo qilish, oq yo’l tilash, ta`qiq qilish, man etish, ta'na, gina qilish, qoralash, Ollohdan qo’rqishga undash, tanbeh berish, uzr so’rash, majbur qilish, masxara-mazax qilish, zaxarxandalik, ayblash, uyaltirish, koyish, qarg’ash, qo’rqitish, nafrat bidirish, aybiga iqror qildirish, ont-qasam ichirish, la'natlash, so’kish, urish-kaltaklash; jamoa hukmiga havola qilish kabi usullar tarbiyada qo’l kelganligi ta'kidlanadi.
Tarbiya metodlarini ularning vazifasiga qarab quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
Ijtimoiy ongni shakllantiruvchi metodlar.
Ijtimoiy ongni shakllantiruvchi metodlarga quyidagilar kiradi: tushuntirish, suhbat, hikoya, nasihat qilish, namuna. O`quvchi shaxsini g`oyaviy va axloqiy shakllantirishda o'qtuvchining jonli so'zi asos. Bu metodlar o'quvchilarni madaniyatli, g'ururli qilib tarbiyalashga qaratilgan. Bu metodlar uchun mavzular - axloq, tarix, o`tmish ajdodlarimiz hayoti va faoliyati, Vatanimiz boyliklari, adabiyoti, san'ati, zamondoshlarimiz qo`lga kiritayotgan yutuqlari, davlat ramzlari, xalqimiz urf-odatlari, an`analari kabilar haqida o'tkaziladi. Bu metodlar ishontirish usullari deb ham ataladi. Bu metodlar o’quvchilarda ilmiy dunyoqarash va ishonch-e'tiqodni shakllantirish maqsadida ularning ongi, his-tuyg’ulari va irodasiga har tomonlama ta'sir ko’rsatishga yo`naltirilgan. Bola shaxsining shakllanish jarayoni, asosan, kundalik turmush va faoliyatda hosil qilinadigan tajriba, kattalar va tengdoshlari bilan o’zaro munosabatlarga bog’liq. Boshlang’ich maktabda ishontirishning tarbiyaviy jihatdan muhim va qimmatli bo’lgan tushuntirib berish va ishontirish, hikoya va suhbat, sinfdan tashqari o’qish, namuna ko’rsatib ishontirish singari shakl va usullaridan keng foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |