Bo‘lakli yoqilg‘ilarni yoqishda olingan shlaklar. Pechlarning kolosnikli panjarasida bo‘lakli yoqilg‘ilarni qavatlar bo‘yicha yoqishda shlak hosil bo‘ladi, u notekis shakldagi bo‘laklar holatida, qora, to‘q-kulrang va ba’zan kulrang ranglarda 50mm gacha bo‘lgan yiriklikda bo‘ladi.
CHiqayotgan shlak yoqilgan yoqilg‘ining 10% va undan ortiq massasini tashkil etadi. Ko‘p joylarda yoqilg‘i shlaklari ishlatish uchun etarli miqdorda yig‘iladi.
Tarkibi bo‘yicha yoqilg‘i shlaklari bir jinsli bo‘lmaydi. SHlak tarkibini yonmagan yoki to‘liq yonmagan yoqilg‘i, gilli qo‘shimchalar tashkil etadi. SHu sababli bunday shlaklar hamma vaqt ham mustahkam va chidamli bo‘lavermaydi. Bu nuqtai nazardan antratsitni yoqishdan olingan shlak yaxshi hisoblanadi.
YOqilg‘i shlaklarining uyilma zichligi -1000 kg/m3 gacha va dona zichligi 1,5- 2 g/sm3 ni tashkil etadi.
YOqilg‘i shlaklari to‘ldiruvchi sifatida turli konstruksiyalar uchun mo‘ljallangan betonlarda ishlatiladi: shlakobetonli devor bloklarida, kamqavatli monolit devorlarda, gipsobetonli pardevorlarda, plitalarda va boshqalarda.
Yoqilg‘i shlaklarini qo‘llash chegaralangan arzon mahalliy material sifatida ishlatish mumkin.
Betonlarda ishlatiladigan shlakning tarkibida erkin kalsiy yoki magniy oksidlari bo‘lmasligi kerak. YOnmagan yoqilg‘i miqdori 5-10% dan oshmasligi kerak( faqat antratsit shlaklarida ko‘p bo‘lishiga standartda ko‘zda tutilgan).
SHlak tarkibida oltingugurt bog‘lanishlar sement toshi va armaturalarda emirilishni keltirib chiqarishi mumkin. Ko‘pincha shlak nurashga layoqatli bo‘ladi.
Maxsus chuqurlarga ko‘milgan shlaklar eng kamida bir yil turishi kerak va so‘ngra betonda qo‘llash mumkin. Olingan shlak mayda fraksiyalari bo‘yicha boyitiladi, bunda yoqilg‘i qoldiqlari va boshqa zararli qo‘shimchalardan halos etiladi.
CHangsimon yoqilg‘ilarni yoqishda olingan shlaklar. Issiqlik
elektrostansiyasi pechlarida tuyilgan ko‘mirlar yoqiladi. Bunda kul bilan birgalikda bo‘lakli shlak(chiqindilarning umumiy hajmining 5-20% dan iborat) hosil bo‘ladi.
CHangsimon ko‘mirni yoqishda chiqadigan shlak bo‘lakli ko‘mirni yoqishda chiqadigan shlakdan keskin farq qiladi. Ular kuygan va erigan kulning o‘ta engil eruvchan qismini tashkil etadi.
Ko‘p holatlarda kichik g‘ovakli shishasimon strukturali, zichligi 1,6 g/sm3 dan katta donalardan iborat bo‘ladi. Toshko‘mir va past navli ko‘mirni aralashtirib yoqganda yacheykali strukturaga ega, dona zichligi 0,5 -1,5 g/sm3 bo‘lgan g‘ovak shlaklar hosil bo‘ladi. Issiqlik elektrostansiyasi pechlaridan chiqadigan shlaklardan mustahkamligi 5-50 MPa bo‘lgan betonlar olish mumkin.
O‘zRST 690-96 “Betonbop issiqlik elektrostansiya kul-toshqol aralashmasi” ga ko‘ra beton va yoqilg‘i turidan kelib chiqib shlaklar tarkibida to‘la yonmagan qo‘shimchalar miqdori (qizdirishda massa yo‘qotilishi asosida aniqlanganda) 3-7% dan oshmasligi kerak. Bundan tashqari sovuqqa chidamliligi, silikat nurashga bardoshliligi ham tajribada sinaladi. SHlak tarkibida oltingugurt va oltinugurt bog‘lamalari, erkin kalsiy oksidi ham chegaralanadi.
4-§. Kul va kul-shlakli aralashmalar.
Har yili ko‘mir, slanets yoki torfda ishlaydigan issiqlik elektrostansiyasi pechlaridan katta miqdorda kul chiqadi. Biroq undan kam foydalaniladi. Ilmiy tadqiqotlar va ishlab chiqarish tajribasidan ma’lumki issiqlik elektrostansiyasi kullari betonlar uchun mayda to‘ldiruvchi sifatida yoki to‘ldiruvchilar ishlab chiqarish uchun xomashyo sifatida ishlatish mumkin.
Kul dispersli material bo‘lib, asosan 0,16 mm dan kichik bo‘laklardan tashkil topadi. 0,16mm ko‘zli elakda qolgan qoldiq 20-40% ni tashkil etadi. Kul bo‘laklari g‘ovak strukturaga ega. Quruq kulning uyilma zichligi yoqilg‘i turi va uni yoqish sharoitidan kelib chiqib 600-1300 kg/m3 ni tashkil etadi.
O‘zRST 694-96 “Betonbop issiqlik elektrostansiya kul-changi. Texnik shartlar” ga ko‘ra kuldan mayda to‘ldiruvchi sifatida tabiiy yoki maydalangan qum, hamda granullangan shlak bilan aralashtirib betonda foydalanish yaxshi samara beradi. Bu sement sarfini kamaytirishga va beton xususiyatlarini yaxshilashga olib keladi.
Hozirgi vaqtda kuldan zich va yacheykali kulbetonlarda, hamda mayda to‘ldiruvchi sifatida og‘ir va engil betonlarda foydalaniladi.
Kuldan foydalanishdagi qiyinchiliklar asosan issiqlik elektrostansiyasi pechlarida kullar suv ta’sirida tozalanadi. Kulning esa quruq holatida sifati va samaradorligi yuqori bo‘ladi.
Konstruksion-issiqlikdan himoyalovchi engil betonlarda issiqlik
elektrostansiyasi kullaridan mayda to‘ldiruvchi sifatida ishlatishdagi texnik shartlarda uning donadorlik tarkibi va undagi xavfli qo‘shimchalar keltirilgan.
Sifati past ko‘mirni yoqishda hosil bo‘lgan kulning tarkibida yonmagan yoqilg‘i miqdori 5% gacha, tosh ko‘mir va antratsitni yoqishda hosil bo‘lgan kul tarkibida esa 12 % gacha (massa bo‘yicha) standartda ruxsat etiladi.
Ko‘p hollarda kul tarkibida yonmagan yoqilg‘i miqdori 20% gacha, ba’zan esa 40% gacha tashkil etadi.
5-§. YOg‘och chiqindilari asosidagi to‘ldiruvchilar
Hozirgi vaqtda yohoch chiqindilaridan yog‘och tolali va yog‘och qipiqli plitalar va boshqa qurilish materiallari olishda, qog‘oz-sellyuloza, gidroliz sanoatida keng foydalaniladi.
YOg‘och chiqindilaridan tashqari boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari chiqindilari (g‘o‘zapoya, sholipoya, zig‘irpoya va boshqalar) dan to‘ldiruvchi sifatida betonda qo‘llash mumkin.
Bunday betonlardan biri bu arbolit bo‘lib, unda to‘ldiruvchi sifatida maydalangan yog‘och chiqindilari ishlatiladi. Arbolit sement organik to‘ldirgichlar, kimyoviy qo‘shimchalar va suv aralashmasidan tayyorlanadi. Organik to‘ldiruvchilar sifatida yog‘och navlarning maydalangan chiqindilaridan, maydalangan qamish, kanop yoki zig‘ir o‘zagi va shu kabilardan foydalaniladi. Arbolitdan buyumlar tayyorlash texnologiyasi juda oddiy va organik to‘ldirgichlar tayyorlash operatsiyalarini, masalan, yog‘och navlarining chiqindilarini maydalash (maydalangan yog‘och uzunligi 40mm gacha, eni va qalinligi 2-5 mm bo‘lgan bo‘laklardan iborat bo‘ladi.), to‘ldirgichni sement qorishmasi bilan aralashtirish, hosil bo‘lgan aralashmani qoliplarga quyish va uni zichlash, qoliplangan buyumlarni qotirishni o‘z ichiga oladi. Arbolit zichligining uncha yuqori bo‘lmasligi bilan xususiyatlanadi - zichligi 600-700 kg/m3 dan kam, siqilishda mustahkamligi chegarasi 2,5-3,5 MPa va issiqlik o’tkazuvchanligi 0,18W(m^0S). U qator qimmatbaho qurilish xususiyatlariga ega: biochidamli, qiyin yonadi, sovuqqa chidamli, yaxshi arralanadi va parmalanadi. Arbolitdan plitalar va panellar ko‘rinishida qilingan buyumlar osma va o‘zi ko‘tarib turadigan devorlar va to‘siqlarni qurish uchun shuningdek asosan turli maqsadlarga mo‘ljallangan qishloq binolarining ora yopmalari va yopmalarida ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |