- Nafaqat fransuzlarning, balki butun Evropa ruhoniy adabiyoti va tafakkur tarzini ifoda etuvchi bu maktab haqidagi tadqiqotlari besh jilddan iborat bo‘lib, 1838-1859- yillar orasida nashr etilgan. Sent-Byovning «Konetityusionnel» jurnali bilan qilgan ijodiy hamkorligi natijasi o‘laroq 15 jilddan iborat «Dushanbadagi suhbatlar», 13 jildlik «Yangi dushanbalar» nomli tadqiqotlari maydonga keldi. Ushbu tadqiqotlarning manbaviy ko‘lami nihoyatda keng. Ularda muayyan adabiy-tarixiy davrlar hamda alohida faylasuf, yozuvchi, shoirlar ijodi xususida so‘z yuritiladi. Xullas, Sent-Byov tomonidan o‘z davri ilmiy doirasi uchun yangilik sifatida taqdim etilgan biografik tadqiq yo‘nalishi uch yirik omilga tayanadi. Bularning birinchisi, ildizlari antik dunyo ijtimoiy tafakkuriga borib bog’lansa-da, boshlang’ich aniq harakatni Uyg’onish davridan olgan shaxs kontseptsiyasi. Ikkinchisi, Sent–Byov yashab ijod etgan jamiyatdagi fikriy yangiliklar, madaniy-tarixiy, falsafiy-psixologik, ilmiy-adabiy qarashlar. Uchinchisi, bevosita Sent-Byov shaxsiyati, ijodiy, ilmiy, ijtimoiy faoliyati hisoblanadi. Sent-Byov tadqiqotlarida muayyan shaklga kirgan biografik metod keyinchalik uning qator izdoshlari tomonidan davom ettirildi, rivojlantirildi. Xususan, «Adabiyot tarixiga kirish» (1848) asarining muallifi Lakomb, «Adabiyotni ilmiy tadqiq etish usullari» (1900) asari muallifi Renar, o‘tgan asrning 20-60-yillarida biografik metod muammolari bilan shug’ullangan Maks Verli, Viktor Jiro, Valter Mushg, D.Shtolnits va boshqa qator olimlarning ishlari shu jumladandir. Badiiy asar va ijodiy jarayonni biografik o‘rganish tarafdori bo‘lgan Evropa olimlari orasida Sent-Byovdan qariyb yuz yil keyin yashagan Andre Morua (1885-1967) ijodi alohida ajralib turadi. Sent-Byovgacha va undan keyin maydonga kelgan ilmiy qarashlar, o‘ziga xos tadqiqotlar Andre Morua imkoniyatlarini nisbatan kengaytirgan edi.
O'zbek adabiyotshunosligida biografik metod - XX asr o‘zbek adabiyotshunosligida ham yozuvchilar, olimlarining adabiy portretlariga bag’ishlangan risolalar, biografik o‘rganish muammolariga qaratilgan doktorlik va nomzodlik tadqiqotlari ma’lum. Ammo ularda bu metodni yangi kontseptsiyalari bilan boyitadigan aniq xulosalar uchramaydi. Keyingi davr o‘zbek adabiyotshunosligida biografik metod asosida yaratilgan tadqiqotlar, romanlar talaygina. Jumladan, N.Karimovning “Cho‘lpon’ nomli kitobi katta ahamiyatga ega. “Kitobning muhim yutuqlaridan biri Cho‘lpon asarlarining yaratilish tarixi bilan bog’liq mulohazalardir. Bu jihatdan uning shaxsiy intim hayoti tadqiqi, “Uyg’onish” to‘plamidagi “Yurt qayg’usi” rukni ostida berilgan she’rlar sharhi, shoir ruhiyatini ochishga urinish, Cho‘lpon va turk adabiyoti masalasining qo‘yilishi hamda yoritilishi, tarjimalarga ko‘rilgan tayyorgarlik kabi ko‘pdan ko‘p ijodiy masalalar borasidagi fakt va materiallar yangiligi bilangina emas, talqin va yondoshuvi, hatto pafosi bilan ham maroqlidir. Shuningdek, mashhur adibning zamondosh ijodkorlar bilan o‘zaro muloqotlari, hali ilmiy jamoatchilikka noma’lum kelayotgan qanchadan qancha asrlarning (shu jumladan boshqalar nomidan bosilgan asarlarning (“Rustam” , “Avaz” kabi) aniqlashtirilib muomalaga olib kirilishi, ko‘pchlikka ma’lum asarlarning (masalan, “Yorqinoy” kabi) tug’ilishidan taqdirigacha kuzatishlar kitobni ma’lum ma’noda Cho‘lppon ijodyoti borasidagi eng keyingi va eng jiddiy adabiyotshunoslik tadqiqoti darajasiga ko‘taradi”(Begali Qosimov). Adabiyot tarixida shunday dalillar ham uchraydiki, ijodkorning maishiy hayotida ro‘y bergan favqulodda hodisa keyinchalik o‘zining individuallik doirasidan chiqib, universal funktsiya bajara boshlaydi. XX asr o‘zbek lirikasining yirik nomoyondalaridan biri Zulfiya ijodini kuzatar ekanmiz uning hayotida yuz bergan voqea ijodida ham yaqqol aks etganining guvohi bo‘lamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |