Guruh asosida ta`lim berish. Sinf jamoasini balalarning tayyorgarlik darajasi, o`zlashtirishi, ishlash sur`ati asosida kichik guruhlarga ajratib o`qitish pedagogik amaliyot erishgan eng keyingi yutuqlardandir. Guruhlarga ajratib o`qitishning asosida o`quvchilarning individual xususiyatlari yotadi. Bolalarni individual xususiyatlariga ko`ra turli kichik guruhlarga birlashtirish, har bir guruhga mos ta`lim metodlari, vositalarini tanlash yo`li bilan o`quv-tarbiya ishlarini tashkil etishga guruhlarga ajratib o`qitish deyiladi. Kichik guruhlar ikki turda bo`ladi: geterogen guruhlar – bu qiziqishi, layoqati, tayyorgarligi birbiridan farq qiladigan o`quvchilarning kichik jamoasi; gamogen guruhlar – qiziqishi, layoqati, tayyorgarlik darajasi nisbatan o`zaro yaqin bo`lgan o`quvchilarning kichik jamoasi. Differensial ta`lim asosida gamogen guruhlar yotadi.
Ta`limni guruhlar asosida tashkil etishning qator shartlari mavjud: o`quvchilarning har birining individual xususiyatlarini, ishlash sur`ati, qobiliyatlarini mufassal o`rganish; o`quvchilarda mustaqil ishlash ko`nikmalarini, o`quv predmetlariga oid faktlarni tahlil eta bilish layoqatlarini tarbiyalash; bolalarda o`quv ishlariga oid malakalarni (vaqtdan foydalanish, darslik va qo`shimcha adabiyotlar ustida ishlash, masala va misollarni, mashqlarni bajarish, test to`plami ustida ishlash) shuningdek, aqliy faoliyat usullarini (tahlil va sintez qilish, induktiv va deduktiv xulosalar chiqarish, taqqoslash, bilimlarni bir sharoitdan ikkinchi sharoitga ko`chira bilish) rivojlantirish, o`quvchilarning kichik guruhlari doimiy bo`lishini ta`minlash; guruh o`quvchilari o`rtasida hamkorlik, o`zaro yordamni tashkil etish; guruhlarda bajarilgan ishlar, ularning mazmunini yagona maqsadga – o`quv materiallarini atroflicha, to`liq o`zlashtirishga bo`ysundirish; guruhlarga mo`ljallangan ishlarga yetarli vaqt ajratish, ularning natijasini jamoa bo`lib muhokama qilish, umumiy xulosalar chiqarish; guruhlar bo`yicha ish qilganda bolalarning shaxsiga, shaxsiy sha`niga zid hodisalarni imkoniyati etguncha chegaralash. Bular guruhlar asosida ta`limni o`tkazishning samaradorligiga ijobiy ta`sir qiladi.
Jamoa ta`limi. Jamoa ta`limi o`quvchilarning barchasiga mo`ljallangan umumsinf ishidir. Jamoa ta`limi quyidagi xususiyatlari bilan umumsinf ishi sanaladi: barcha o`quvchilar uchun bir xil o`quv materiali tanlanadi, bir xil murakkablikdagi va qiyinlikdagi o`quv topshiriqlaridan foydalaniladi; ta`lim tempi o`rtacha tezlikda ishlaydigan o`quvchilarga mo`ljallanadi; ta`lim natijasi saylanma (tanlab) tekshiriladi. Jamoa ta`limi xususiyatlari keyingi bobda kengroq bayon etiladi.
O`tkazish o`rniga ko`ra ta`lim tashkiliy shakllari. Ta`limni tashkil etish, boshqarish o`rniga ko`ra uning quyidagi tashkiliy shakllari farqlanadi: ta`limning maktab doirasida tashkil etiladigan shakllari, ta`limning maktabdan tashqarida o`tkaziladigan shakllari.
Do'stlaringiz bilan baham: |