Xabar yo‘llaridan bo‘linmalar bilan yashirincha manyovr qilish, mudofaaga suqilib kirgan dushman bilan jang olib borish, yaradorlarni evakuatsiya qilish va o‘q-dori hamda oziq-ovqatni etkazib berish uchun foydalaniladi.
Guruhning mudofaadagi o‘t ochish tizimi quyidagilardan iborat: guruh mudofaaning oldingi marrasi oldida tayyorlangan, jamlangan o‘t ochish uchastkalari; piyodalar jangovar mashinalarining tankka qarshi va guruhning boshqa o‘t ochish vositalarining oldingi marraning oldida, oraliqlarda, yon qanotlarda va mudofaa ichkarisida yalpi ko‘p qatlamli o‘t ochish zonalari; piyodalarning jangovar mashinalari (tanklar) va boshqa o‘t ochish vositalarining xavf solayotgan yo‘nalishlarida tayyorlangan o‘t ochish bilan manyovr qilishi.
Guruh o‘t ochish tizimining asosini tanklar, piyodalarning jangovar mashinalari, tankka qarshi granatomyotlar va pulemyotlardan o‘t ochish tizimi tashkil etadi. O‘t ochish tizimi guruhdagi qurollarning barcha turlarini va guruhga biriktirilgan o‘t ochish vositalarini o‘t ochish imkoniyatlarini, ularning yaqin o‘zaro hamkorligini hisobga olgan hamda muhandislik g‘ovlari va tabiiy to‘siqlar bilan birga qo‘shilgan holda quriladi. U dushmanning, eng avvalo, tanklari va boshqa zirhli mashinalarining mudofaaga yaqinlashib kelishi joyida, oldingi marraning oldida, qo‘shni tayanch punktlarining o‘rtasida va mudofaa ichkarisida yakson qilinishi, haqiqiy frontal, yon qanot va kesishgan o‘t ochishni olib borish imkoniyatini hamda tayanch punktining aylanma mudofaasini ta’minlashi lozim.
Bevosita oldingi marraning oldida yalpi ko‘p qatlamli o‘t ochish zonasi tayyorlanadi: oldingi marraning oldidagi 400 m gacha bo‘lgan chizig‘idagi joy guruhning haqiqiy o‘t ochish zarbasi ustida bo‘lishi kerak, mavjud o‘lik maydonlarga esa yashirin o‘t ochish pozitsiyalaridan turli artilleriya va minomyotlardan o‘t ochilishi lozim.
Tayanch punkti oldidagi muhandislik g‘ovlari va ularga yaqinlashib kelish yo‘llari yaxshi ko‘rinib turishi va barcha turlardagi o‘t ochish bilan o‘qqa tutilishi lozim.
Mudofaada o‘t ochishning samarali ta’sirchanligiga uning aniqligi, yalpiligi, kutilmaganda qo‘llanishi hamda uni mohirlik bilan boshqarish orqali erishiladi. Mudofaadagi barcha o‘t ochish vositalari o‘t ochishni olib borishga, tunda va ko‘rish imkoniyatlari cheklangan boshqa sharoitlarda manyovr qilishga tayyor bo‘lishi kerak.
Motoo‘qchi (tank) guruhida va seksiyada o‘t ochish tizimini tashkil etishda o‘t ochish chizig‘i, o‘qqa tutining qo‘shimcha sektori, guruhda esa bundan tashqari bir nuqtaga jamlab o‘t ochishning bir-ikki uchastkasi ko‘rsatiladi.
Motoo‘qchi vzvodning o‘t ochib ko‘maklashuvchi guruhining granatomyot va pulemyot seksiyalariga o‘t ochish chizig‘i, qo‘shimcha o‘qqa tutiladigan sektor, bir nuqtaga jamlab o‘t ochish uchastkalari, granatomyot seksiyasida esa, bundan tashqari , o‘q otishning asosiy yo‘nalishi hamda muhofazalovchi o‘t ochishning marralari ko‘rsatiladi.
Piyodalarning jangovar mashinalari (bronetransportyorlar), tanklar, to‘plar, granatomyot, pulemyotlar va ognemyotlarga asosiy va zaxiradagi (navbatchi o‘t ochish vositalari uchun vaqtinchalik) o‘t ochish pozitsiyalari tayinlanadi, o‘qqa tutishning asosiy va qo‘shimcha sektorlari ularning haqiqiy o‘q kuchi masofasiga muvofiq ko‘rsatiladi. Tankka qarshi qo‘l granatomyotlaridan o‘t ochish o‘z seksiyalarning o‘t ochish chizig‘ida tayyorlanadi. O‘t ochish chiziqlari o‘ng va chap tomondan marralar bilan belgilanadi. Har bir marra ikki nuqta (mo‘ljallar) bilan ko‘rsatiladi. Qo‘shni bo‘linmalarning (o‘t ochish vositalarining) o‘t ochish chiziqlari (o‘qqa tutish sektorlari) tutashgan joylar o‘zaro hamkorlikda qo‘riqlanishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |