Ushbu prinsipga binoan dastur materialini tanlashda faqat mavzuga aloqador leksik birliklar tanlanishi lozim. Mavzuga uning xos sususiyatlarini aks ettiradigan va o‘quvchilarning yosh davriga mos keladigan so‘z-tushunchalar kiritilishi tavsiya etiladi. Har bir mavzuda u yoki bu darajada lisoniy, nutqiy, kommunikativ, lingvomamlakatshunoslik va mamlakatshunoslikka oid barcha ifoda birliklari mavjud bo‘lishi lozim. Har bir mavzuda ma’lum darajada “tabiat dunyosi”, “predmetlar dunyosi” va “insonlar dunyosi” tanishtirilishi kerak. Birorta ham so‘z yoki ibora tasodifiy bo‘lmasligi shart. Asosiy e’tibor mavzuni aks ettrira olmaydigan fonetik materialning akustik alomatlariga qaratilishi lozim.
Autentiklik prinsipi
Ushbu prinsipning mohiyati shundaki, tanlangan material o‘ylab topilgan yoki xayoliy bo‘lmasligi va aksincha ingliz tili sohibi tomonidan kundalik turmushda foydalaniladigan bo‘lishi lozim. Har bir tilning turli dialektlari va jargonlari bo‘lganligi sababli bu murakkab va muammoli. Shu sababdan gap shartli autentlilik haqida boradi. Bunda mamlakatda hamma ma’qul biladigan va foydalanadigan so‘zlar, ifoda birliklari, ko‘p uchraydigan manbaalardan olingan matnlar: san’at asarlari, reklama prospektlari, qo‘shiqlar va boshqalar tanlanishi mumkin. Ushbu prinsipga amal qilinishi xalq tilini, fazilat va xos xususiyatini ma’lum darajada akslantira oladigan va o‘quvchilarni ingliz tili sohibi bilan muloqotga tayyorlaydigan sotsiolingvistik materialga murojaat etilishi maqsadga muvofiqdir. Dastur materialini tanlashda og‘zaki autentik va adabiy autentik materiallarning munosabatlarini ham e’tiborsiz qoldirmaslik lozim.
Ko‘p qo‘llanish, keng tarqalganlik va mamlakatshunoslikka oid qadriyatlarni inobatga olish prinsipi
Ko‘p qo‘llanish terminining ma’nosi olingan manbada so‘zlarning jami ishlatilish miqdorini bildiradi. Bu borada ayniqsa korpus lingvistika sohasida erishilgan yutuqlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Korpus lingvistikasida og‘zaki va yozma nutqda yuqori takrorlanish chastotasiga ega bo‘lgan so‘zlar
aniqlanadi. Buning uchun tanlangan manba (og‘zaki yoki yozma matn)da
qo‘llanilgan so‘zlarning umumiy miqdori aniqlanadi va ulardan eng ko‘p takrorlangan so‘zlar ajratib olinadi. Bu jarayonni alifbodagi harflardan 6 ta unlini ajratib olish hodisasiga qiyoslash mumkin. Tanlash manbayi deganda, shakllanayotgan leksik minimumni til sistemasidan “tanlab” olish tushuniladi. Masalan, J.Bauman va B.Kuliganlar tomonidan takomillashtirilgan GSL (General Service List) da og‘zaki va yozma muloqatda eng ko‘p takrorlanadigan 2284 ta leksik birlik aniqlangan (5-jadval)42.