30–31-MAVZULAR: AMALDAGI MUDDATLARDA INVENTARIZATSIYA QILISH (KUN, OY, YIL). ELEKTRON INVENTARIZATSIYA TIZIMINI BOSHQARISH
I nventarizatsiya tayinlab, auditorlar va xo‘jalik mas’ul xodimlaridan iborat hay’at tuzilgach, moddiy javobgar shaxsning bevosita ishtirokida inventarizatsiya o‘tkazish boshlanadi.
Agarda u yoki bu sabablarga ko‘ra, moddiy javobgar shaxs ishtirok etmasa, u holda hay’at tarkibiga mahalliy organlarning vakilini kiritish lozim.
Resurslar inventarizatsiyasini o‘tkazishni tashkil qilishda xazina, ombor binosi va tekshirish lozim bo‘lgan obyektlar joylashgan boshqa binolarni oldindan tayyorlash, stollar, stellajlarni tartib bilan joylashtirish, tekshirilgan resurslar uchun joy ochish, zarur hollarda binolarni yoritish va isitishni yaxshilash muhim ahamiyatga ega.
Sanash yo‘li bilan o‘tkaziladigan inventarizatsiyalarda sanashni, odatda, inventarizatsiya hay’atining diqqat bilan kuzatish ostida moddiy javobgar shaxs amalga oshiradi. Sanab o‘tkazilgan buyumlar bir joydan boshqa joyga o‘tkazib qo‘yiladi va inventarizatsiya tugaguncha xo‘jalik ishlab chiqarish jarayoniga jalb etilmaydi.
Tarozida tortish yo‘li bilan o‘tkaziladigan resurslar, moddiy boyliklar inventarizatsiyasida ortish-tushirish ishlarini bajarish uchun ishchilar jalb qilinadi. Har bir tortish natijalari hay’at a’zolari hamda moddiy javobgar shaxs tomonidan parallel ravishda yozib boriladi.
B unday hujjatlashtirish amaldagi qonunlarga ko‘ra, inventarizatsiya natijalari orqali dalolatnomalar bilan rasmiylashtiriladi va audit umumiy dalolatnomasiga yoki tekshirish ma’lumotnomalariga ilova qilinadi.
Birinchidan, inventarizatsiya natijalari bo‘yicha zaruriy hisob-kitoblar o‘tkazilgach, hay’at a’zolari va moddiy javobgar shaxs hisob-kitoblari chiqariladi. Agarda bunday hay’at va javobgar shaxs hisoblari bo‘yicha farq chiqsa, qo‘shimcha, betaraf shaxslar ishtirokida inventarizatsiya obyekti qaytadan tekshiriladi.
Inventarizatsiya amalda auditning boshqa usullari bilan uzviy holda olib boriladiki, bu uning ta’sirchanligini yanada oshiradi. Masalan, inventarizatsiya natijasida tekshirilayotgan obyektning haqiqiy va hisobot ko‘rsatkichlari o‘rtasida farq chiqsa, darhol hujjatlarni tekshirish yo‘li bilan bunday farqning kelib chiqishi sabablari aniqlanadi.
Inventarizatsiya o‘tkazishning texnikaviy elementlari butun xalq xo‘jaligi yoki uning ayrim tarmoqlari miqyosida bir xil normativ qoida sifatli qonun bilan tasqiqlangan hamda bu masala «Buxgalteriya hisobotlari va balanslari to‘g‘risida»gi Nizomda to‘la o‘z aksini topgan. Inventarizatsiya faqat ma’muriyat tomonidan qabul qilingan qaror yoki buyruq asosida tuzilgan maxsus hay’at tomonidan o‘tkazilishi mumkin. Bunday hay’at tarkibida mas’ul shaxs ishtirok etishi shart. Inventarizatsiya to‘satdan va har bir obyektni ko‘z bilan ko‘rib, sanab o‘tkaziladiki, bu uning natijalarining obyektivligini ta’minlaydi. Inventarizatsiya, albatta, takrorlash tartibida, ya’ni tekshirish obyektlari ham hay’at a’zolari tomonidan, ham javobgar shaxs tomonidan to‘liq ko‘rib, o‘lchanib, sanab yoki tortilib o‘tkazilishi lozim.
Obyektni birma-bir ko‘zdan kechirib chiqishda, ular haqiqiy holda o‘rganilib, mavjudligi, texnik holati, rivojlanish darajasi va ularni umumiy ravishda xarakterlovchi boshqa hamma tomonlari aniqlanadi. Bu tartibda, masalan, xo‘jalikning ishlab chiqarish bo‘linmalari va tarmoqlarining chegaralari bo‘yicha joylashuvini, chorvadorlik fermalarining zooveterinariya holatini o‘rganish mumkin.
Ma’lum og‘irlikka ega bo‘lgan hamda miqdor jihatdan biron-bir o‘lchov birligida ifodalanadigan obyektlar inventarizatsiyasida tortish usulidan foydalaniladi. Uzunlik, balandlik, maydon, hajm birliklari bilan xarakterlanuvchi obyektlar inventarizatsiyasida o‘lchash usuli qo‘llaniladi. Bu usul maxsus texnik o‘lchash asboblari vositasida amalga oshirilishi mumkin. Donabay tekshirish obyektlari inventarizatsiyasi esa ularni donalab sanash yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Inventarizatsiya natijalari maxsus hujjat orqali inventarizatsiya dalolatnomasida aks ettiriladi. Bu dalolatnoma har bir inventarizatsiya natijalariga javobgar shaxs bo‘yicha tuzilishi shart. Inventarizatsiya natijasida olingan haqiqiy ma’lumotlar buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bilan solishtirilib, natijada obyektlarning kam yoki ortiqcha miqdori aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |