Dorivor preparatlari. O‘simlikdan damlama, nastoyka va quyuq ekstrakt tayyorlanadi. O‘simlik ishtaha ochuvchi va o‘t haydovchi yig‘ma-choylar, me’da kasalliklarida ishlatiladigan tabletkalar va achchiq nastoyka tarkibiga kiradi.
BO‘YMODARON
O‘simlikning nomi. Oddiy bo‘ymodaron — Achillea millefolium L., astradoshlar — Astyeraceae (murakkabguldoshlar — Compositae) oilasiga kiradi (31-rangli rasm). Ko‘p yillik, bo‘yi 20—50 (ba’zan 80) sm ga yetadigan o‘t o‘simlik. Ildizpoyasi shoxlangan bo‘lib, yyerostki novda hosil qiladi. Bunday novdadan ildizoldi barglar va poyalar o‘sib chiqadi. Poyasi bir nechta, tik o‘suvchi, yuqori qismi shoxlangan bo‘lib, ular qalqonsimon gul to‘plamlari bilan tamomlanadi. Bargi oddiy, ikki marta patsimon ajralgan bo‘lib, poyada bandsiz ketma-ket o‘rnashgan. Gullari savatchaga to‘plangan. Savatchalar o‘z navbatida qalqonsimon to‘p gulni tashkil etadi. Mevasi — yassi, tuxumsimon, kulrang pista. Iyun oyidan boshlab yoz oxirlarigacha gullaydi, mevasi avgustdan boshlab yetiladi.
Geografik tarqalishi. O‘simlik keng tarqalgan bo‘lib, o‘rmon, o‘rmon-cho‘l va cho‘l hududlarida hamda tog’‘li tumanlarda (tog’‘ etaklaridagi tekisliklarda, tog’‘ yonbag‘irlarida) ochiq yalangliklarda va quruq o‘tloqlar, qirlar, yo‘l yoqalari, o‘rmon chetlari va boshqa yyerlarda o‘sadi.
Ishlatilishi. Mahsulotning dorivor preparatlari me’da-ichak (me’da yarasi, gastrit hamda shilliq qavatning yallig‘lanish) kasalliklarini davolash, ishtaha ochish va qon to‘xtatuvchi dori sifatida (ichakdan, bachadondan va gemorroidal qon oqishi hamda burun, milk va yaralar qonaganda uni to‘xtatish uchun) ishlatiladi.
Dorivor preparatlari. Suyuq ekstrakt, damlama, yyerustki qismi kukuni. Mahsulot ishtaha ochish, qon oqishini to‘xtatish va me’da-ichak kasalliklarida ishlatiladigan yig‘ma-choylar tarkibiga kiradi.
IGIR
O‘simlikning nomi. Oddiy igir — Acorus calamus L., kuchaladoshlar — Araceae oilasiga kiradi (32-rangli rasm). Ko‘p yillik, bir pallali o‘t o‘simlik. lldizpoyasi 1,5 m uzunlikda gorizontal joylashgan, sudralib o‘suvchi, shoxlangan va ko‘p ildizli, yo‘g‘on bo‘lib, ustki tomoni qo‘ng‘ir yoki yashilsarg‘ish tusli. Ildizpoyaning yuqori tomonidan barg to‘plamlari o‘sib chiqqan. Bargi chiziqsimon yoki qilichsimon, uzunligi 60—120 sm, tekis qirrali va parallel tomirlangan (bir pallali o‘simliklarga xos). Poyasi (gul o‘qi) yashil, tik o‘suvchi, shoxlanmagan, uch qirrali, bargsiz, bir tomoni tarnovsimon, ikkinchi tomoni esa o‘tkir qirrali. Poyada ikki jinsli, so‘taga to‘plangan sariq gullar bo‘ladi. So‘ta silindrsimon — konusga o‘xshash bo‘lib, uzunligi 4—12 sm. Gul to‘plami — so‘ta yonidan 50 sm uzunlikda o‘rovchi (qinli) barg chiqadi. Gulqo‘rg‘oni ko‘rimsiz, oddiy, olti bargli, otaligi 6 ta, onalik tuguni uch xonali, yuqorida joylashgan. Mevasi — cho‘zinchoq, ko‘p urug‘li, qizil ho‘l meva. Ildizpoya va bargi hidli, mayda ildizlari hidsiz. May oyi oxiridan boshlab iyulgacha gullaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |