Sug'urta kompaniyasining tashkiliy tuzilishi
Reja:
Sug‘urta tashkiloti haqida tushuncha, ularning turlari
Sug‘urta kompaniyasining tashkiliy tuzilishi
Tayanch iboralar
Sug‘urta tashkiloti haqida tushuncha, ularning turlari.
Sug‘urta tashkiloti – bu turli xildagi sug‘urta korxonalari, muassasalari. Sug‘urta kompaniyalari, aksionerlik sug‘urta kompaniyalari, regional va xalqaro moliyaviy guruhlar, qo‘shma sug‘urta va qayta sug‘urta birlashmalar (kompaniyalar), xususiy firmalar, davlat sug‘urta kompaniyalari va boshqalar. U davlatning umumiy iqtisodiy tizimida mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt sifatida faoliyat yuritadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunining 6-moddasida sug‘urtalovchilarga quyidagicha ta’rif berilgan: «Sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovoni (sug‘urta puli) to‘lovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi yuridik shaxs sug‘urtalovchi deb hisoblanadi.
Sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuzaga kelishini bartaraf etish va oldini olishga oid chora-tadbirlarni maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda va shartlarda moliyalashtirishga haqli.
Sug‘urtalovchilar sug‘urtani amalga oshirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari mumkin emas. Quyidagilar bundan mustasnodir:
maxsus vakolatli davlat organi belgilaydigan tartib va shartlardagi investitsiya faoliyati;
sug‘urta sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish bilan bog‘liq faoliyat;
sug‘urta agenti sifatidagi sug‘urta vositachiligi.
Sug‘urtalovchilar ustav fondining eng kam miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Sug‘urtalovchi ustav fondining kamida to‘qson foizi muassislarning (ishtirokchilarning) pul mablag‘laridan shakllantiriladi.
Sug‘urtalovchining ustav fondini shakllantirish uchun kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va boshqa jalb qilingan mablag‘lardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sug‘urtalovchining ustav fondi litsenziya olinadigan paytga qadar sug‘urtalovchining muassislari tomonidan to‘langan bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yilning 10 aprelida qabul qilingan PQ-618-sonli «Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan sug‘urta tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish, sug‘urtalovchilarning moddiy-texnika bazasini va moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, ularning mintaqaviy vakolatxonalarini kengaytirish va aholining sug‘urta tashkilotlariga bo‘lgan ishonchini oshirish maqsadida sug‘urta tashkilotlari ustav fondining eng kam miqdorlari quyidagicha belgilandi:
umumiy sug‘urta tarmog‘iga ixtisoslashayotgan sug‘urtalovchilar uchun – 500 ming AQSh dollariga ekvivalent summada;
hayotni sug‘urta qilish tarmog‘ida ixtisoslashayotgan sug‘urtalovchilar uchun – 750 ming AQSh dollarigi ekvivalent summada;
majburiy sug‘urta faoliyatini amalga oshiruvchi sug‘urtalovchilar uchun – 1 mln. AQSh dollariga ekvivalent miqdordagi summada.
qayta sug‘urta qilish faoliyatiga ixtisoslashayotgan sug‘urtalovchilar uchun (agar faoliyat mavzusi faqat qayta sug‘urta qilish bo‘lsa) – 3 mln. AQSh dollariga ekvivalent summada;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21 maydagi "Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi PQ-872-sonli Qaroriga asosan sug‘urta faoliyatini yanada takomillashtirish, sug‘urtalovchilarning kapitallashuvi va moliyaviy barqarorligini oshirish, ularning hududiy tarmoqlarini kengaytirish va sug‘urta kompaniyalarining investitsion jarayonlardagi ishtirokini rag‘batlantirish, shuningdek, sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini samarali himoya qilishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining taklifiga binoan 2010-yilning 1 yanvaridan boshlab quyidagi sohalarda faoliyatni amalga oshiradigan sug‘urtalovchilar uchun ustav kapitalining eng kam miqdorlarini belgilandi. Unga ko‘ra:
umumiy sug‘urta sohasida - 750 ming yevroga ekvivalent summada;
hayotni sug‘urta qilish sohasida - 1000 ming yevroga ekvivalent summada;
majburiy sug‘urta bo‘yicha - 1500 ming yevroga ekvivalent summada;
faqat qayta sug‘urta qilish bo‘yicha - 4000 ming yevroga ekvivalent summada.
Faoliyat ko‘rsatayotgan sug‘urta kompaniyalari (sug‘urtalovchilar) 2010-yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan muddatda ustav kapitali miqdorlarini yuqorida ko‘rsatilgan talablarga muvofiqlashtirilishi talab etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Adliya vazirligiga Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2010-yilning 1 yanvaridan boshlab mazkur ustav kapitalining eng kam miqdorlarning yuqoridagi talablariga javob bermaydigan sug‘urtalovchilarning litsenziyalari amal qilishini belgilangan tartibda to‘xtatib turish va tugatish bo‘yicha choralar ko‘rsish yuklatilgan.
Sug‘urtalovchilarning firma nomida ilgari tashkil etilgan sug‘urtalovchilarning nomi bilan bir xil yoki ular bilan chalkashtirib yuboriladigan darajada o‘xshash belgilar qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, sug‘urtalovchilarning filiallari, shuningdek unitar korxona shaklida boshqa sug‘urtalovchilar tomonidan tashkil etilgan sug‘urtalovchilarning nomlari bundan mustasnodir.
Huquqiy jihatdan sug‘urta tashkiloti O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘zda tutilgan, uning hududida sug‘urta faoliyatini (sug‘urta shartnomalarini tuzish; sug‘urta zahiralari va fondlarini shakllantirish; vaqtincha bo‘sh pul mablag‘larini daromadli obyektlarga, qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilish va boshqalar) amalga oshiruvchi har qanday tashkiliy-huquqiy shaklning asoslangan strukturasini tashkil qilishi mumkin.
Sug‘urta tashkilotlarining resurslari va aylanma mablag‘lari to‘la mustaqil hisoblanadi. Sug‘urta tashkilotlari boshqa sug‘urta tashkilotlari bilan o‘zaro munosabatlarini qayta sug‘urtalash va birgalikda sug‘urtalash asosida qurishlari mumkin.
Rivojlangan bozor iqtisodiyotiga ega davlatlarda sug‘urta ishini monopollashuvini oldini olish maqsadida quyidagicha tartib qo‘llaniladi: sug‘urtaning bir sohasida o‘n va o‘ndan ortiq raqobatchilar faoliyat ko‘rsatishi kerak, shu bilan birga ularni eng yirigining ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari umumiy hajmidagi ulushi 31 % dan, ikkitasiniki – 44 % dan, uchtasiniki – 54 % dan va to‘rttasiniki – 64 % dan oshmasligi kerak. Agar bunday mutanosiblik buzulgidek bo‘lsa, u holda davlat tegishli sug‘urtalovchilarga iqtisodiy sanksiyalar qo‘llaydi va sug‘urta bozoridagi ishtirokini chegaralab qo‘yadi.
Sug‘urta faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning maqsadi, bundan tashqari, sug‘urta tashkilotlarining sug‘urta xizmatlari bozorini bo‘lishib olish bo‘yicha til biriktiruvlari, kelishuvlari va boshqa harakatlarini, raqobatni chegaralash yoki boshqa tashkilotlarni sug‘urta bozoriga kirishiga qarshiliklarni oldini olish hisoblanadi. G‘irrom raqobat vosita va usullari (sug‘urta tariflarini sun’iy ravishda ko‘tarish yoki tushirish, sug‘urtalanuvchini sug‘urta turi shartlari yoki o‘z raqobatchilarining moliyaviy holati to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot berish orqali chalg‘itishga urinishlar)ni qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |