Statistika (lotincha: status — "vaziyat") maʼlumot yigʻish, tartiblash, tahlillash, sharhlash va koʻrsatishga bagʻishlangan matematika sohasidir.[1][2] Bunga statistik tadqiqot va tajriba rejalashtirish ham kiradi.[1]
Statistika (lot. ctatus — boylik, davlat) — 1) turli hodisalar va jarayonlarni miqdoriy hisoblash, maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish yoʻli bilan ijtimoiy hayotning umumiy qonuniyatlarini oʻrganadigan ijtimoiy fanlar tarmogʻi. Tor maʼnoda S. bironbir hodisa yoki jarayon toʻgʻrisidagi jamlanma maʼlumotlar (koʻrsatkichlar) majmui (toʻplami)ni bildiradi. S. murakkab va sertarmoq fanlar majmuidan iborat boʻlib, ijtimoiy hayotning xilmaxil hodisalarini oʻrganadi va tahlil etadi. S.ning asosiy boʻlimlari: S. ning umumiy nazariyasi — miqdoriy taxlilning umumiy tamoyillari va usullarini oʻrganadi; iqtisodiy S. — xalq xoʻjaligi koʻrsatkichlari tizimini, uning tarkibini, nisbatlarini, sektorlararo, tarmoqlararo aloqalar va boshqalarni oʻrganadi (qarang Iktisodiy statistika); iqtisodiyot tarmoqlari S.si — sanoat, qishloq xoʻjaligi., qurilish, transport, aloqa S.siga boʻlinadi; demografik S, mehnat, aholi bandligi S.si; ijtimoiy S — aholi turmush tarzini tavsiflaydigan koʻrsatkichlar tizimini va ijtimoiy hayotning turli masalalarini oʻrganadi va h.k. Ularning asosiy vazifasi xalq xoʻjaligi tarmoqlaridagi, jamiyat hayotining ayrim sohalaridagi ijtimoiyiqtisodiy jarayonlarni tavsiflaydigan koʻrsatkichlar tizimini oʻrganish va ishonchli, ilmiy asoslangan maʼlumotlarni aks ettirishdan iborat. Bu vazifalarni bajarish uchun S. fanida yalpi statistik kuzatish, hodisalarning oʻziga xos tomonlari, xususiyatlari va ular oʻrtasidagi aloqalarni aks ettiradigan koʻrsatkichlar tizimlari, statistik guruhlash natijalari boʻlgan yigʻma va kombinatsiyalashgan jadvallar kabi vositausullar ishlab chiqilgan va amaliyotda qoʻllaniladi. S.da oʻrtacha miqdorlar va indekslar kabi umumlashtiruvchi tavsiflar muhim rol oʻynaydi. S. usullari qoʻllaniladigan bir qator sohalar va shunga mos holda tibbiyot, sud, geol., sport va boshqa S. tarmoklari bor. Mat. va statistik tadqiqotlarning tutash joyida paydo boʻlgan matematik statistika S. fanining alogʻida boʻlimini tashkil etadi. Matematik S. statistik tadqiqotlarda statistik maʼlumotlarni toʻplash, ularni tizimga solish, ishlash hamda ulardan ilmiy va amaliy xulosalar chiqarish usullarini oʻrganadi. Toshkent iqtisodiyot un-tida S. boʻyicha oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlanadi;2) jamiyat hayotidagi hodisalar va jarayonlar toʻgʻrisida yalpi axborotlarni yigʻish, qayta ishlash, tahlil va eʼlon qilish bilan bogʻliq amaliy faoliyat sohasi. Milliy, mintakdviy xalqaro S.ga boʻlinadi. Xalqaro S. ijtimoiyiktisodiy koʻrsatkichlarning xalqaro qiyosiyligini taʼminlashga asoslangan holda turli mamlakatlarning ijtimoiy iqtisodiy taraqqiyoti darajasi, tuzilmasi va tendensiyalarini oʻrganadi. Xalqaro S.da BMT ning ixtisoslashgan statistika xizmatlari yetakchi rol oʻynaydi. Milliy (umumdavlat) miqyosida statistik maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va tahlil qilish yagona tamoyillar asosida, yagona dastur va uslubiyat boʻyicha davlat statistika organlari rahbarligida amalga oshiriladi. Oʻzbekistonda S. amaliyoti bilan Oʻzbekiston Respublikasi Statistika davlat qoʻmitasi va uning viloyat, shahar, tuman boshqarma (boʻlim)lari shugʻullanadi.
S. amaliyotining boshlanishi davlatning paydo boʻlishi davriga toʻgʻri keladi. Qadimgi davrlardayoq xoʻjalik va gʻarbiy ehtiyojlar, aholi, yer, molmulk hisobi boʻyicha S. ishlari amalga oshirilgani haqida maʼlumotlar mavjud. Fan sifatida S.ga 17-asr oxirida ingliz iqtisodchi olimi U.Petti asos soldi. Uning asarlarida siyosiy iqtisod va boshqa ijtimoiyiqtisodiy fanlardan ajralmagan "siyosiy arifmetika" deb nomlangan fan — S. asoslari ifodalab berildi. S. rivjida davlatshunoslik fanining paydo boʻlishi ham muhim rol oʻynaydi. 19-asrning 2-yarmi va 20-asr boshlarida S. jadal rivojlandi. Ayniqsa, davlat monopolistik kapitalizmi sharoitlarida S.ning texnik vositalari va iqtisodiy imkoniyatlari mukammallashdi.
Monopoliyalarning iqtisodiy holatini chuqur tahlil qilish ehtiyojlari, aholining tabiiy koʻpayishi va koʻchishi oʻrganildi, aholi, sanoat va qishloq xoʻjaligi. roʻyxatlari oʻtkazildi. Birinchi navbatda, roʻyxatni oʻtkazadigan davlat S. tashkilotlari shakllandi va takomillashdi. Statistik maʼlumotlarni qayta ishlashda matematik usullarni qoʻllash S. nazariyasini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Iqtisodiyotda maʼmuriybuyruqbozlik boshqaruvidan bozor iqtisodiyoti munosabatlariga oʻtish S.da ham tub burilish yasadi. Hoz davrda Oʻzbekistonda iqtisodiyotni xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisob va statistikaga oʻtkazish hamda mahalliy sharoitlarga uygʻunlashgan milliy hisoblar tiziminp ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni xorijiy davlatlar koʻrsatkichlari tizimi bilan taqqoslash va tahlil qilish eng zarur vazifalardan biridir. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi hukumati 1994 y. 13 sent.da "Oʻzbekiston Respublikasini xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisob va statistika tizimiga oʻtkazishning davlat dasturi"ni qabul qildi va bu dastur izchil amalga oshirilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |