Mashqlar xarakteri. Ta’sir xarakteri bo‘yicha hamma mashqlar quyidagi uchta asosiy guruhlarga:
- global ta’sir ko‘rsatuvchi;
- hududiy (regional) ta’sir ko‘rsatuvchi;
- lokal ta’sir ko‘rsatuvchi mashqlarga bo‘linadi.
Global ta’sir ko‘rsatuvchi mashqlarga bajarilish jarayonida umumiy mushaklar hajmining 2/3 qismi, hududiy (regional) ta’sir ko‘rsatuvchi mashqlarga – 1/3 qismidan to 2/3 qismigacha, lokal ta’sir ko‘rsatuvchi mashqlarga esa umumiy mushaklar hajmining 1/3 qismigacha ishtirok etadigan mashqlar kiritiladi (V.M.Zatsiorskiy, 1970).
Global ta’sir ko‘rsatuvchi mashqlar yordamida sport mashg‘ulotining, organizmning ayrim tizimlari funksional imkoniyatlarini oshirishdan boshlab, to musobaqa faoliyati sharoitlarida harakatlanish koordinatsiyalari va vegetativ funksiyalarni optimalligiga erishishgacha bo‘lgan, ko‘pgina masalalari yechiladi.
Hududiy va lokal ta’sir ko‘rsatuvchi mashqlardan foydalanish diapazoni ancha tor. Biroq, ushbu mashqlarni qo‘llash orqali ba’zi hollarda organizmning funksional holatida global ta’sir ko‘rsatuvchi mashqlar yordamida erishib bo‘lmaydigan ijobiy siljishlarga erishish mumkin.
Yuklama shiddati mashg‘ulot mashqlarini sportchi organizmiga ta’siri kattaligini va yo‘nalishini sezilarli darajada aniqlab beradi. Ish shiddatini o‘zgartira borib yoki bu energiya ta’minotchilarini ustuvor safarbar etilishiga, funksional tizimlar faoliyatini turli me’yorda intensivlashtirishga, sport texnikasining asosiy parametrlarini shakllantirishga faol ta’sir ko‘rsatishga erishish mumkin.
Ish shiddati mashqni bajarish davomida rivojlantiriladigan quvvat, sikllik xarakterdagi sport turlarida harakatlanish tezligi, sport o‘yinlarida, yakkakurashlardagi bellashuv va janglarda taktik – texnik harakatlarni qanchalik to‘liq amalga oshirilishi bilan chambarchas bog‘liq.
Har xil sport turlarida quyidagi bog‘liqlik – vaqt birligi davomida bajarilgan harakatlar hajmini yoki harakatlanish tezligini ortishi, odatda, ushbu harakatlarni bajarishda asosiy yuklama tushadigan energetik tizimlarga qo‘yiladigan talablarning noproportsional ortib borishi bilan bog‘liqligi namoyon bo‘ladi.
Ish hajmi. Sport mashg‘uloti jarayonida turli davomiylikdagi – bir necha soniyadan to 2 – 3 soatgacha bajariladigan mashqlardan foydalaniladi. Bu har bir aniq holda sport turi xususiyatlari, ayrim mashqlar yoki ularning majmuasi hal etadigan vazifalar bilan aniqlanadi.
Alaktat anaerob imkoniyatlarni oshirish uchun chegaraviy shiddatidagi qisqa muddatli (5 –10 s.) yuklamalar eng maqbul hisoblanadi. Sezilarli darajadagi (2–5 daqiqagacha) pauzalar tiklanishni ta’minlash imkoniyatini beradi. Yuklamani bajarish vaqtida alaktat anaerob manbalarni to‘liq sarflashga, demak, ularning zaxirasini ortishiga maksimal intensivlikdagi 60 – 90 soniya davomida bajariladigan ish, ya’ni glikoliz jarayonini takomillashtirish uchun yuqori samarali hisoblangan ishlash olib keladi.
Mushaklarda sut kislotasi paydo bo‘lishining maksimumi, odatda, 40-50 soniyadan keyin namoyon bo‘ladi, asosan, gulikoza hisobiga ishlash esa 60 - 90 soniya davom etadi. Aynan ana shuncha vaqt davom etadigan yuklamalardan glikolitik imkoniyatlarni oshirishda foydalaniladi. Laktat miqdori sezilarli darajada pasayib ketmasligi uchun dam olish pauzalari uzoq davom etadigan bo‘lmasligi kerak. Ana shunda glikolistik jarayon quvvatini takomillashtirishga va uning hajmini orttirishga zamin yaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |