4.3. Musobaqalarga psixologik tayyorgarlik
Muayyan musobaqaga psixologik tayyorgarlikning musobaqalardan taxminan bir oy oldin boshlanadigan erta hamda chiqish oldidan, musobaqa davomida va u tugaganidan keyin bo’ladigan bevosita turlari bor (7-rasm).
Erta musobaqaoldi tayyorgarligi quyidagilarni ko’zda tutadi: bo’ladigan musobaqa va asosiy raqiblar haqida ma'lumot olish; sportchining shug’ullanganligi darajasi, uning shaxsiy xususiyatlari va tayyorgarlikning ayni bosqichidagi psixik holati to’g’risida axborot to’plash; bo’lajak musobaqalardagi harakat dasturini tuzish (mavjud axborotlarni inobatga olgan holda) va chiqishlar maqsadini belgilash; musobaqalarga psixologik tayyorgarlik ko’rish va xatti-harakatlarning batafsil dasturini tuzish (musobaqa bosqichi ham shu jumladan); bo’lajak musobaqalar sharoitini modellash tizimini ishlab chiqish, belgilangan maqsad, chiqishning vazifalari hamda mo’ljallangan tayyorgarlik dasturiga muvofiq musobaqalarda ishtirok etishning to’g’ri shaxsiy va ijtimoiy motivlarini rag’batlantirish; sportchida irodaviy sifatlarni, ishonch va taktik fikrlashni takomillashtirishga yo’naltirilgan musobaqa faoliyatini modellovchi sharoitlarda qiyinchilik va to’siqlarni yengib o’tilishini tashkil qilish; tayyorgarlik jarayonida sportchining psixik zo’riqishini pasaytirishga qaratilgan sharoitlar yaratish hamda shunday priyomlarni qo’llash.
Musobaqalar oldidan uning davomida o’tkaziladigan bevosita psixologik tayyorgarlik aynan maydonga chiqish oldidan psixik moslashuv va psixik holatning boshqarilishini; chiqishlar orasidagi tanaffuslarda psixologik ta'sir ko’rsatish va asabiy-psixologik tiklanish uchun sharoitlarning tashkil etilishini; bir chiqish davomidagi psixologik ta'sirni, navbatdagi chiqishdan keyingi psixologik ta'sirni o’z ichiga oladi. Har bir chiqish oldidan psixologik moslashuv chiqish uchun aqliy hozirlikni nazarda tutadi, bunda bo’lajak sport kurashini aniqlashtirish hamda detallashtirish kerak bo’ladi. Irodaviy moslashuv bo’lajak sport kurashi uchun zarur irodaviy sifatlarni namoyon etib, maksimal kuchlanishlarga tayyorgarlikni yaratish bilan bog’liq bo’lsa, ta'sir ko’rsatish tizimi sportchining hissiy zo’riqishlarini kamaytiradi. Bir chiqish mobaynidagi psixologik ta'sir quyidagilarni o’z ichiga oladi: tanaffuslar chog’idagi o’z-o’zini qisqa tahlil qilish va kurash paytidagi xatti-harakatlarni tahrir etish; irodaviy kuchlanishlarni rag’batlantirish, zo’riqishni kamaytirish; tasniflovchi chiqishlardan keyingi psixologik ta'sir ko’rsatish – psixik holatni yaxshilash, o’z imkoniyatlarini xoli baholashga halal beruvchi hissiyotlarni bartaraf etish, o’z kuchiga ishonchni mustahkamlash; alohida chiqishlar orasidagi tanaffuslarda psixologik ta'sir ko’rsatish – o’tgan chiqishlarni tahlil etish; raqiblar kuchini hisobga olgan holda navbatdagi chiqishni taxminan dasturlash; ishonchni tiklash; asabiy-psixik tiklanish uchun sharoitni tashkil qilish (psixik charchoqni kamaytirish, faol dam olishning xilma-xil vositalarini qo’llash chalg’ishi o’z-o’zini ishontirish va h.k. yo’llari bilan taranglikni pasaytirish).
Sportchining musobaqalarda muvaffaqiyatli chiqishi ko’p jihatdan uning musobaqalar oldidan va ular o’tayotgan paytda o’z psixik holatini boshqara olish qobiliyatiga bog’liq.
1) optimal qo’zg’alish – “jangga shaylik”. Bu holat sportchining o’z kuchiga ishonchi, xotirjamligi, yuqori natijalar uchun kurashga intilishi bilan tavsiflanadi;
2) haddan ortiq qo’zg’alish – “startoldi titrog’i”. Bu holatda sportchida hayajon, vasvasaga tushish, musobaqa ko’ngilli o’tishi uchun xavotirlanish paydo bo’ladi (6-jadval);
3) yetarlicha qo’zg’alishning yo’qligi – “startoldi loqaydligi”. Bu holatda sportchida lanjlik, uyquvchanlik, texnik-taktik imkoniyatlarning pasayishi va b. kuzatiladi;
4) haddan ortiq qo’zg’alish oqibatidagi tormozlanish. Bu holatda sportchida loqaydlik, psixik va jismoniy lanjlik, ba'zida asabiy holat yuzaga keladi. Sportchi hayolini chulg’ab olgan fikrlarning keraksizligini anglaydi, lekin ulardan qutula olmaydi.
Odatda, jangovar shaylik yuqori natijalarga erishishga yordam beradi, qolgan uchta turi – bunga halal beradi. Shunga ko’ra musobaqalar arafasida murabbiy va sportchi oldida to’rtta asosiy vazifa turishi mumkin:
1. “Jangovar shaylik” holatini imkon qadar uzoq vaqt saqlab turish;
2. Hissiy qo’zg’alish darajasini pasaytirish – agar sportchi “startoldi titrog’i” holatida bo’lsa;
3. Sportchining hissiy tetikligini oshirish – agar sportchi “startoldi loqaydligi” holatida bo’lsa;
4. Hissiy qo’zg’alish darajasini o’zgartirish – agar sportchi haddan ortiq qo’zg’alish natijasida tormozlanish holatiga tushib qolgan bo’lsa.
Shu maqsadda sportchini psixikasiga ta'sir ko’rsatuvchi har xil vositalar, usul va priyomlardan, o’quv-mashq jarayonining tegishlicha tashkil etilishidan foydalaniladi.
Hissiy qo’zg’alish darajasini pasaytirish uchun odatda quyidagilar qo’llaniladi:
a) murabbiyning sportchini tinchlantirishga, ishonchsizligini bartaraf etishga ko’maklashuvchi og’zaki ta'sir ko’rsatishi – tushuntirishi, ishontirishi, ma'qullashi, maqtovi va b. Bularni musobaqalar boshlanishidan bir necha kun avval qo’llay boshlash tavsiya etiladi. Sport amaliyotining ko’rsatishicha, musobaqalar o’tkaziladigan kuni, ayniqsa, ular boshlanishidan avval bu ta'sirlar ijobiy samara bermaydi, ba'zi hatto zarar keltiradi;
b) sportchining o’z-o’ziga ta'sir ko’rsatishi (autota'sir) – psixik zo’riqish holatini bartaraf etish uchun o’z-o’zini ishontirish, tinchlantirish, o’ziga buyruq berish. Masalan, “tinchlan”, “o’zingni qo’lga ol”, “hammasi joyida”, “barakalla” va b. shunga o’xshash o’z-o’ziga beriladigan buyruqlar keng qo’llaniladi;
Do'stlaringiz bilan baham: |