Mavzuga doir tayanch so’z va iboralar:
Ijtimoiy me’yor - ijtimoiy tartib va qoidalar majmui; deviant xalq-atvor - ijtimoiy axloqiy me’yorlardan chetga og’ish; konformlik - madaniy maqsad va vositalarga muvofiqlik;
delinkvent xulq-atvor - ijtimoiy-axloqiy me’yorlardan chetga chiqishning
jinoiy darajasi; anomiya - qonunlar, tartiblarning yo’qligi;
degradatsiya - individ ijobiy xususiyatlarining tobora yomonlashuvi,
kamayishi yoki ularning yo’q bo’lib ketishi.
1. Ijtimoiy me’yor tushunchasi.
Ijtimoiy me’yorlar boshqa qadriyatlar kabi shaxs va umumiyliklarni baholash funktsiyasini bajaradi. Me’yorlar xulq-avtorni tartibga soladi va ijtimoiy nazoratni amalga oshiradi. Bunda faqatgina fikr emas, iroda ham ifodalanadi. Ifodaning individual ifodalanishidan farq qilib me’yor tipik ijtimoiy aloqalarni ifodalaydi. Me’yor g’oyalar va ideallar kabi baholab, yo’naltirib qolmaydi, balki buyruq, farmoyish ham beradi. Uning xarakterli xususiyati qat’iylik va keskinlikdir.
Ijtimoiy me’yorlar - jamiyat boshqaruvining ajralmas qismi bo’lib, shaxs yoki ijtimoiy guruh xulq-atvorini muayyan ijtimoiy muhitga moslashtiruvchi qoidalar majmuidir. Me’yorlar xulq-avtorning chegarasi, shart-sharoiti, shaklini munosabatlar xarakteri va unga erishish maqsad hamda usullarini belgilaydi. Me’yorlar xulqatvorning umumiy tamoyillari va uning konkret parametrlarini belgilagani uchun ham boshqa qadriyatlarga qaraganda keraklilik, darkorlikning to’la modeli, o’lchovini berishi mumkin.
Deviant xulq-atvor sotsiologiyasi muammolari bo’yicha O’zbekistonda ko’plab ishlar qilingan. Deviant xulq-atvorning turli ko’rinishlarini respublikamiz olimlari o’z tadqiqot ob’ekti doirasida o’rganganlar. Respublika faylasuflari X.Shayxova, Q.Nazarov, M.Xolmatova, N.Komilov (shaxs tarbiyasida ma’naviy-axloqiy tarbiya ta’siri masalalari), sotsiolog M.B.Bekmurodov (ijtimoiy me’yorlarga jamoatchilik fikrining ta’siri jarayonlari), huquqshunoslar A.Qulahmetov, Y.Karaketov, M.Usmonaliev (jinoyatchilikning umumiy jihatlari va o’smirlar jinoyatchiligi masalalari), psixolog olimlar §.B.Shoumarov, N.A.Sog’inov, S.A.Axunjonova, Z.R.Qodirova, E.Sh.Usmonov, B.M.Umarov (o’z joniga qasd qilish va jinoyatchilik muammolarining ruhiy-psixologik asoslari), pedagog-olimlar O.Musurmonova. D.J.Sharipovlarning (oilada barkamol shaxsni tarbiyalash hamda giyohvandlik, ichkilikbozlik, chekish kabi illatlarning oldini olish muammolari) olib borgan ilmiy ishlarini shunday ishlar jumlasiga kiritish mumkin.
Me’yorning buzilishi ijtimoiy guruh, jamiyat tomonidan aniq salbiy munosabatni vujudga keltiradi. Shuning uchun ham me’yorlar deviatsiyaga qarshi kurash vositasi, tartib o’rnatish hamda ijtimoiy barqarorlik vositasi bo’ladi.
Me’yorlar muayyan xulq-atvorga bo’lgan talab oqibatida vujudga keladi. Ijtimoiy reallik va talablarning turli-tumanligi me’yorlar turli-tumanligini keltirib chiqaradi. Me’yorlarni turli asoslarga tayanib tasnif qilish mumkin. Sotsiologiya uchun me’yorlarni sub’ektga, shu me’yorni tashuvchilarga ko’ra ajratish katta ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib umuminsoniy me’yorlar, jamiyat, guruh va jamoa me’yorlarini ajratib ko’rsatishimiz mumkin. Zamonaviy jamiyatda ushbu me’yorlar uzviy, bog’liq va bir-biriga ta’sir ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |