Jami yillik daromad toʼgʼrisidagi deklaratsiyani taqdim etish tartibi.
Soliq toʼlovchilar soliq Kodeksning 393-moddasida koʼrsatilgan daromadlar boʼyicha jami yillik daromad toʼgʼrisidagi deklaratsiyani, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʼlsa, doimiy yashash joyidagi soliq organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay taqdim etadi.
Deklaratsiya qilinishi shart boʼlmagan daromadlarni olgan soliq toʼlovchilar doimiy yashash joyidagi soliq organiga jami yillik daromadi toʼgʼrisidagi deklaratsiyani ixtiyoriy ravishda taqdim etishi mumkin.
Har qanday ketma-ketlikdagi oʼn ikki oylik davr ichida jami bir yuz sakson uch kun va undan ortiq muddat Oʼzbekiston Respublikasining tashqarisida turgan Oʼzbekiston Respublikasining fuqarolari Oʼzbekiston Respublikasiga qaytgan sanadan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay doimiy yashash joyidagi soliq organiga Oʼzbekiston Respublikasidagi va uning tashqarisidagi manbalardan olgan daromadlari boʼyicha jami yillik daromadi toʼgʼrisidagi deklaratsiyani ixtiyoriy ravishda taqdim etishi mumkin. Bunda Oʼzbekiston Respublikasidan tashqarida olingan daromadlar boʼyicha jismoniy shaxs Oʼzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etish mezonlariga muvofiq kelmagan davr uchun soliq toʼlanmaydi.
Grant olgan soliq toʼlovchi jami yillik daromadi toʼgʼrisidagi deklaratsiyani topshirayotganda grant boʼyicha olingan daromad summasini, soliq miqdorini koʼrsatadi, shuningdek vakolatli organning tegishli xulosasini ilova qiladi.
Mol-mulkini ijaraga berishdan toʼlov manbaida soliq solinmaydigan daromadlar olayotgan soliq toʼlovchilar, shuningdek ushbu Kodeks 385-moddasining uchinchi qismida koʼrsatilgan va jami yillik daromad toʼgʼrisidagi deklaratsiya asosida soliq toʼlaydigan jismoniy shaxslar jami yillik daromad toʼgʼrisidagi deklaratsiyani belgilangan muddatlarda taqdim etish bilan bir qatorda dastlabki tarzdagi deklaratsiyani ham quyidagi muddatlarda taqdim etadi:
1) mol-mulkni ijaraga berishdan daromad oladigan soliq toʼlovchilar — ijaradan daromadlar paydo boʼlgan kundan eʼtiboran birinchi oy tugaganidan keyin besh kun muddatda;
2) Jami yillik daromad toʼgʼrisidagi deklaratsiya asosida soliqni toʼlaydigan jismoniy shaxslar — joriy yilning 1 fevralidan kechiktirmay. Yangi roʼyxatdan oʼtgan tadbirkorlik subʼektlari — tadbirkorlik subʼekti davlat roʼyxatidan oʼtkazilgan oyning oxiriga qadar dastlabki deklaratsiyani taqdim etadi.
Koʼchmas mulkning ijara shartnomasi soliq organlarida hisobga qoʼyilayotganda dastlabki deklaratsiya taqdim etilmaydi.
Mol-mulkni ijaraga berishdan daromad olish tugagan taqdirda soliq toʼlovchi doimiy yashash joyidagi soliq organini bu haqda yozma shaklda xabardor etadi.
Joriy yilning 1 apreliga qadar Oʼzbekiston Respublikasining rezidentiga aylangan chet ellik jismoniy shaxs oldingi soliq davri uchun jami yillik daromadi toʼgʼrisida deklaratsiya topshiradi.
Oʼzbekiston Respublikasining rezidenti boʼlgan chet ellik jismoniy shaxs ushbu bobda belgilangan tartibga muvofiq soliq solinishi lozim boʼlgan daromad keltirayotgan faoliyatini kalendarь yili ichida tugatgan va Oʼzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqib ketayotgan boʼlsa, uning Oʼzbekiston Respublikasi hududida turgan davrda joriy soliq davrida haqiqatda olgan daromadlari toʼgʼrisidagi deklaratsiya bu jismoniy shaxs Oʼzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqib ketishidan bir oy avval taqdim etilishi lozim. Аgar Oʼzbekiston Respublikasining norezidenti boʼlgan chet ellik jismoniy shaxs joriy yilning 1 fevraliga qadar chet elga doimiy yashashga chiqib ketsa, joriy yil uchun daromadlar boʼyicha deklaratsiya taqdim etilmaydi.
Jami yillik daromad toʼgʼrisidagi deklaratsiya boʼyicha hisoblangan va taqdim etish tartibi ushbu moddaning toʼqqizinchi qismida belgilangan soliqni toʼlash deklaratsiya taqdim etilgan sanadan eʼtiboran oʼn besh kun ichida amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |