BOSH BO‘LAKLAR
Bosh bo‘laklar – gapning grammatik asosini tashkil etuvchi va boshqa bo‘laklarni o‘ziga tobelantiruvchi gap bo‘lagi turi. Bosh bo‘lak – kesim va ega.
Kesim. Kesim – tasdiq/inkor, mayl, zamon shaxs/son ma’nosi va shakliga ega bo‘lgan, gapning egasi haqidagi xabarni ifodalovchi bo‘lak. Nutqda kesimsiz gap bo‘lishi mumkin emas. Gapda kesim bo‘lmasa, u o‘zbek tili uchun to‘liqsiz gap. Kesim qaysi turkum so‘zi bilan ifodalansa, shu turkum so‘rog‘iga javob bo‘ladi. U qo‘llanishiga ko‘ra ikki xil: 1) mustaqil kesim; 2) nomustaqil kesim5.
Mustaqil kesim sodda gap tarkibida ham, qo‘shma gap tarkibida ham bir xil ma’no beradi. Masalan: Karim keldi, lekin Salim kutmadi gapidagi har ikki kesim shu qo‘shma gap tarkibida ham, ajratilgan sodda gap tarkibida ham bir xil ma’noga ega. Qiyoslang: Karim keldi. Salim kutmadi.
Nomustaqil kesim. Ayrim kesim sodda gap tarkibida boshqa, qo‘shma gap tarkibida boshqa ma’no beradi: Salim kelsa, men boraman gapi tarkibidagi ergash gapning kesimi “shart” ma’nosini ifodalamoqda. Lekin qo‘shma gap sodda gapga ajratilsa, bu kesimning ma’nosi o‘zgaradi: Salim kelsa (istak). Bu – nomustaqil kesim. -sa shart mayli qo‘shimchasi, uning -sa edi, -ganda edi o‘tgan zamon ko‘rinishi, -di ham, -ganicha yo‘q, -ganicha yo‘q edi, -gan edi, -ardi, -ar ekan o‘tgan zamon qo‘shimchasi kabilar nomustaqil kesimni shakllantiradi6.
Qo‘shma gap tarkibida
|
Sodda gap tarkibida
|
Havo ochilsa, ishni boshlaymiz.
|
Havo ochilsa.
|
Kitobim bo‘lsa edi, tezda bajarar edim.
|
Kitobim bo‘lsa edi.
|
Salim kelganda edi, bir zumda hal qilar edik.
|
Salim kelganda edi.
|
U aytardi (aytsa edi), men bajarardim.
|
U aytardi.
|
Boshqa shaklli kesim mustaqil kesim sanaladi.
Kesimning ifodalanishi. Kesim ifodalanishiga ko‘ra ikki xil: 1) fe’l kesim; 2) ot kesim.
Fe’l kesim. Sof fe’l bilan ifodalangan kesim fe’l-kesim deyiladi: Men maktabga boraman. Po‘lat xatni kecha yuborgan.
Ot kesim. Ot, sifat, son, olmosh, ravish, taqlid, modal va harakat nomi bilan ifodalangan kesim – ot kesim: 1) ot-kesim: Qarg‘a nima deyotganini bilmaymiz, chunki u – qarg‘a, biz – odam; 2) sifat-kesim: E taqsir, qissamiz uzun; 3) son-kesim: Ikki karra ikki – to‘rt; 4) ravish-kesim: O‘zlashtirishing – yodaki. 5) taqlid-kesim: Hamma tomon g‘ovur-g‘uvur. 6) olmosh-kesim: Sen – mensan-u, men – senman, qissamni bayon etsam; 7) modal-kesim: Tinchlik yo‘q.
Kesimning tuzilishi. Kesim tuzilishiga ko‘ra ikki xil: a) sodda kesim; b) murakkab kesim.
Do'stlaringiz bilan baham: |