1.2. Sodda gaplarning о’zigа xоs xususiyаtlаri.
Umumiy grammatik belgilari. Gap tarkibidagi so‘zlar va qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplar bir-biri bilan grammatik jihatdan teng yoki tobe bo‘ladi: onalar va bolalar xonasi, Quyosh chiqdi va kun isidi, Qunduz darsga kechikdi, chunki yo‘lda ushlanib qoldi. Bunday munosabatni ko‘rsatuvchi yordamchi so‘zlarga bog‘lovchi deyiladi. Bog‘lovchilar atash ma’nosiga ega emas, so‘roq qabul qilmaydi, mustaqil gap bo‘lagi vazifasida kelmaydi. Morfologik jihatdan o‘zgarmaydi: turlanmaydi, tuslanmaydi. So‘z yasalishi, shakl yasalishi uchun asos bo‘lmaydi.
Bog‘lovchining qo‘llanishiga ko‘ra turlari. Gapda qo‘llanilishiga ko‘ra bog‘lovchi yakka, takror, yakka va takror qo‘llanadagan bog‘lovchiga bo‘linadi3. Yakka qo‘llanadigan bog‘lovchiga a, va, hamda, ammo, lekin, biroq, balki, holbuki, vaholanki, gar, agar, agarda, basharti, chunki, garchi, garchand, go‘yo, go‘yoki, ki/kim, esa, ya’ni; takror qo‘llanadigan bog‘lovchilarga damdam, ba’zanba’zan, hamham, birbir, xohxoh, gohgoh; yakka va takror qo‘llanadigan bog‘lovchiga yo, yoki bog‘lovchisi kiritiladi.
Bog‘lovchining vazifasiga ko‘ra turlari.Bog‘lovchi gap bo‘laklari yoki qo‘shma gap qismlarini qanday munosabatda bog‘lashiga ko‘ra teng bog‘lovchi va ergashtiruvchi bog‘lovchiga bo‘linadi.
Teng bog‘lovchilar gapning uyushiq bo‘laklari yoki qo‘shma gap tarkibidagi teng huquqli sodda gaplarni bog‘laydi: darsliklar va qo‘llanmalar. Shamol tindi va hamma uyquga ketdi. Kecha sokin va iliq edi. Quyosh chiqdi, lekin havo isimadi.
Teng bog‘lovchi ma’nosiga ko‘ra quyidagi turga bo‘linadi:
1) biriktiruv: va, hamda, bilan (ko‘makchi-bog‘lovchi), ham, u//yu. da (yuklama-bog‘lovchi);
2) zidlov: ammo, lekin, biroq, esa, balki, holbuki, vaholanki,
3) ayiruv: yo, yoxud, yoinki, yoyo, gohgoh, damdam, ba’zan ba’zan, birbir, xohxoh;
4) inkor bog‘lovchisi: na…, na…
Ergashtiruvchi bog‘lovchi asosan qo‘shma gap tarkibidagi ergash gapni bosh gapga bog‘laydi: Endi qattiq o‘qimasak bo‘lmaydi, negaki test sinovlariga yaqin qolmoqda.
Ma’nosiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
1) aniqlov: ya’ni, ki//kim;
2) sabab: chunki, negaki, sababki, zeroki;
3) shart: agar//gar//agarda, basharti, mabodo, garchi// garchand, modomiki.
Bog‘lovchining tabiatiga ko‘ra turi: 1) sof bog‘lovchi; 2) vazifadosh bog‘lovchi.
Faqat bog‘lovchiga xos vazifa bajaruvchi yordamchi so‘z sof bog‘lovchi: va, lekin, agar.
Bir o‘rinda bog‘lovchi, boshqa o‘rinda ko‘makchi, yuklama, modal so‘z yoki biror mustaqil so‘z bo‘lib keladigan yordamchi vazifadosh bog‘lovchi hisoblanadi:
– bilan ko‘makchisi: olma bilan anor;
– na…na yuklamasi: na otam bor, na onam bor;
– balki modal so‘zi: bu gaplar qulog‘imga kirmas, balki battar g‘ashimga tegar edi.
– bir soni: bir kulasan, bir yig‘laysan.
Shuningdek, -u (yu), -da, ham, -a yuklamasi, ba’zan ravishi ham bog‘lovchi vazifasida kelishi mumkin.
Uslubiy belgilari4.
1. bilan, bordi-yu, ham, -u/-yu, -da, deb, ba’zan, negaki, toki kabilar sof bog‘lovchi emas. Ular bog‘lovchi vazifasidagi so‘z hisoblanadi.
2. ham o‘zi bog‘lagan qismdan oldin kelsa, ayiruv bog‘lovchisi (ham o‘qidim, ham yozdim), keyin kelsa yuklama (o‘qidim ham, yozdim ham) sanaladi.
3. ham ta’kid ma’nosini bildirganda yuklama (Men ham borman), teng munosabatni ko‘rsatganda biriktiruv bog‘lovchisi hisoblanadi: Keldi Dildor ham Ruxsor.
4. Takroriy bog‘lovchining bir qismi faqat takror kelganda bog‘lovchi hisoblanadi. Yakka qo‘llanganda boshqa turkumga mansub bo‘ladi: ba’zan – ravish: Ba’zan borib turaman; bir – son: Bir ko‘rdim men uni; dam – ot: dam oldim.
5. bilan ko‘makchisi teng munosabatni ko‘rsatganda bog‘lovchi, tobe munosabatni ko‘rsatganda ko‘makchi hisoblanadi: darslik bilan qo‘llanma – qalam bilan yozmoq.
6. na…, na… so‘zlar orasidagi teng munosabatni ko‘rsatib, biriktiruv bog‘lovchi ga ma’nodosh bo‘lsa, bog‘lovchi (Na xotin, na farzand ko‘rmagan… (G‘.G‘ul.)), inkor ma’nosi kuchli bo‘lganda yuklama hisoblanadi: Na so‘ngiga yetoldi ishning, Na dunyoni anglab ulgurdi. (E.Voh.)
Imlosi: 1. yo, yoki bog‘lovchilari yakka qo‘llanganda tinish belgisi ishlatilmaydi (Kelasizmi yo o‘zimiz boraylikmi?), takror qo‘llanganda vergul qo‘yiladi: Yo bir maslahatni aytib bo‘ladi, yo ro‘zg‘or ishini (Cho‘lp.).
2. Takror qo‘llanuvchi ayiruv bog‘lovchilari oldidan vergul ishlatiladi.
3. -u (-yu), -da o‘zi qo‘shilayotgan so‘zdan chiziqcha bilan ajratiladi, lekin uyushiq bo‘laklar o‘rtasiga vergul qo‘yilmaydi.
4. Yozuvda chunki, negaki, sababki, zeroki, ya’ni, ammo, lekin, biroq bog‘lovchilaridan oldin vergul qo‘yiladi.
Bog‘lovchisiz qo‘shma gap – sodda gapning bog‘lovchi vositasiz, ohang yordamida birikishidan tuzilgan qo‘shma gap turi: Kech kirdi, tevarak-atrofga qorong‘ilik tusha boshladi. Bu qo‘shma gapdagi sodda gap o‘zaro faqat ohang yordamida bog‘lanadi. Bog‘lovchisiz qo‘shma gapning quyidagi turi mavjud: 1) bog‘langan qo‘shma gapga sinonim bo‘lgan bog‘lovchisiz qo‘shma gap: Tig‘ yarasi tuzaladi, til yarasi tuzalmaydi. Bunday gapni bog‘lovchi qo‘yib, bog‘lovchili gapga aylantirish mumkin: Tig‘ yarasi bitar, lekin til yarasi tuzalmaydi; 2) ergashgan qo‘shma gapga sinonim bo‘lgan bog‘lovchisiz qo‘shma gap: Qor yog‘di – don yog‘di. Bunday gapni ergashgan qo‘shma gapga aylantirish mumkin: Qor yog‘di, go‘yoki don yog‘di (o‘xshatish); 3) bog‘langan qo‘shma gapga ham, ergash gapli qo‘shma gapga ham sinonim bo‘lmagan bog‘lovchisiz qo‘shma gap: Xushxabar olib keldim: garnizon yanchildi. Bunday gapni bog‘lovchi vosita yordamida boshqa tur ergash gapga aylantirib bo‘lmaydi.
Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda tinish belgisi. Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda ohang muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun tinish belgisining ahamiyati katta: 1) agar bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismi bir paytda yoki ketma-ket yuz bergan voqea-hodisani ifodalasa, vergul qo‘yiladi: Arava g‘ijirlab borar, aravakash esa xirgoyisini bir zum ham to‘xtatmas edi; 2) agar bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismi mazmunan bir-biridan ancha uzoq bo‘lsa, nuqtali vergul qo‘yiladi: Yomg‘ir chelakdan quyganday sharillab yog‘ardi; uning xayoli uzoq, yoshlik paytlarida kezmoqda; a) bog‘lovchisiz qo‘shma gapning ikkinchi qismi birinchi qismning sababini bildirsa, izohlasa, to‘ldirsa, ular orasiga ikki nuqta qo‘yiladi: Gap shu: ertaga men bilan yo‘lga chiqasiz; b) agar bog‘lovchisiz qo‘shma gap qismi o‘zaro zidlik yoki o‘xshashlik munosabatiga kirishgan bo‘lsa, tire qo‘yiladi: Qor yog‘di – don yog‘di. Yoshim yetmish ikkida – o‘zim yigitman.
Do'stlaringiz bilan baham: |