Ritorik so'roq gaplar so'roq shaklida bo'lib, javob talab qilmaydi. Badiiy tilda, ba'zan ommaviy nutqda so'zlovchi o’z his-tuyg'ularini hayajon bilan ifoda etadi. Ritorik so'roq gaplar jumlaning ta'sirli bo'lishiga xizmat qiladi va badiiy uslubning be turi hisoblanadi. Masalan: Nahotki Ahmadjonning shuncha mehnatlari bemaqsad ketsa! Bilmayman, bu ijod kishilarisiz qaydan olar edim qalbimga o'tni? Nahotki u dunyoga kelib durustroq niyat bilan yashamagan bo'lsa!
Shuningdek, so'roq gap shakli orqali buyruq ma'nosi ham ifodalanishi mumkin. Masalan: - Yurmaysanmi? («yuring» ma'nosida) So'roq gap orqali ifodalangan buyruq gap ma'nosi buyruq gap orqali ifodalangan buyruq ma'nosidan kuchliroq bo'ladi. Bunday so'roq gaplar so'roq-buyruq gaplar yoki ritorik so'roq gaplar deyiladi.
BUYRUQ GAPLAR VA ULARNING USLUBIY XUSUSIYATLARI
Siz bir harakat-holatni, voqea-hodisani bajarish yoki bajarmaslikka tinglovchini da'vat etmoqchisiz. Ana shu joyda buyruq maylidagi fe'llardan ifodalangan gaplardan foydalanamiz. Masalan: Oldin o'yla, keyin so'yla.
Buyruq gaplar - kesimi buyruq maylidagi fe'l bilan ifodalanib, buyurish, da'vat qilish ma'nolarini bildirgan gaplardir. Chiroyli yoz. Buyruq gaplarning kesimi buyruq maylidagi fe'llar orqali ifodalanadi. Esda saqlang: Buyruq gaplarning buyruq maylidagi fe'l bilan fodalangan kesimi ba'zan tushib qolishi mumkin, lekin o’zi nutq vaziyatidan bilinib turadi. Masalan: Hamma paxta terimiga!
Buyruq gap oxiriga nuqta, ba'zan undov belgisi qo'yiladi. Buyruq gaplarning kesimi aniqlik nisbati, ikkinchi shaxs, buyruq maylidagi fe'llar bilan ifodalanadi. Masalan: Chekmang! Ba’zan majhul nisbat, uchinchi shaxs, buyruq maylidagi fe’llar bilan ifodalanishi ham mumkin. Masalan: Ishga qabul qilinsin.
Esda saqlang: Ayrim hollarda uchinchi shaxs buyruq maylidagi fe'llar bilan ifodalangan gapning kesimi II shaxs ma'nosida qo’llaniladi. Masalan: Chekmang o'rniga chekilmasin. Uyga kiringo’rniga uyga kirilsin. Bunday vaqtda iltifot, mulozamat bildirish, kesatiq kabi ma'nolarni ifodalaydi.
Buyruq gapning kesimi, odatda, gap oxirida keladi. Ba'zan buyruqni kuchaytirish, do'q-po'pisa ma'nosi ifodalanganda, kesim gap boshida keladi. Masalan: Qo'lingizni oling o'rniga oling qo'lingizni kabi. Buyruq gapga misollar:
Moziy va istiqbolga munosib bo'lish uchun, keling, Siz ham mana shu tabarruk ayyomlarning totini teran his qilib shukronalik bilan hayot kechiraylik.
Ey Navoiy, boda birlan xurram et ko'ngil uyin...
Olamning farzandi bo'lmish har bir odam ixtiyorsiz ravishda o'z ulug' volidasiga taqlid qilib yashasin.
Yer yuzini munavvar etaylik.
Do'stlaringiz bilan baham: |