Sifat sohasidagi amerika tajribasini tahlil qilib, uning quyidagi o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlarini qayd qilib o‘tish mumkin:
matematik statistika usullaridan foydalanib mahsulot tayyorlash sifatini qattiq nazorat qilish;
ishlab chiqarishni hajmiy va sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha rejalashtirish jarayoniga e’tiborni qaratish, rejalarning bajarilishi ustidan ma’muriy nazorat;
umuman firmani boshqarishni takomillashtirish. AQSHda mahsulot sifatini doimiy ravishda oshirib borishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar AQSH va YAponiya o‘rtasidagi sifat darajasi bo‘yicha uzilishlarni bartaraf etishda tezda o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, bu esa yagona, ulkan bozorga aylanib borayotgan jahon bozorida raqobat kurashini kuchaytirdi.
Hozirgi vaqtda amerika firmalarining o‘ziga xos bo‘lgan xususiyati sifatni boshqarishning aniq belgilangan tizimlari mavjudligi hisoblanadi.
3. YAPONIYADA SIFATNI BOSHQARISH TAJRIBASI
YAponiyada, jahonning deyarli barcha boshqa mamlakatlaridagi kabi, mahsulot sifatini oshirish sohasida ishlar dastlab sifatni nazorat qilish usullarini yanada keng qo‘llanishga yo‘naltirilgan edi. Bunda dastlabki davrda nazoratning statistik usullari va 1949 yilda qabul qilingan «Sanoatni standartlashtirish to‘g‘risidagi» Qonun ga alohida o‘rin ajratildi.
50-yillarning o‘rtalariga kelib nazoratning statistik usullarini joriy etish sohasida va nazoratning barcha sohasida muhim muvaffaqiyatlarga erishildi, lekin bunda bir qator kamchiliklar aniqlandi: standartlashtirish tamoyillari ishlab chiqarishda rasman amalga oshirilardi; ishlab chiqarish sohasida nazoratning ilg‘or usullarini va statistik usullarini joriy etishga kuchli qarshilik mavjud edi, xususan firmalarning rahbarlari mahsulot sifatini nazorat qilish masalalariga juda kam e’tibor berar edilar.
XX asrning 50-yillari oxiri YAponiyada sanoatga sifatni firma ichida har tomonlama nazorat qilishning kirib kelishi bilan nishonlandi, u firmaning ishchilar, ustalardan boshlab to rahbariyatgacha bo‘lgan barcha xodimlari tomonidan sifatni nazorat qilishni ko‘zda tutardi. Aynan shu davrdan boshlab barcha xodimlarni sifatni nazorat qilish usullariga tizimiy o‘qitish boshlandi. Keyinchalik u mehnatkashlarda iste’molchiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish va o‘z mehnati natijalarining sifatli bo‘lishiga intilishni tarbiyalashning uzluksiz va doimiy tizimiga aylandi. Sifatni nazorat qilish tizimiga o‘qitish, tarbiyalash va uni joriy qilish bo‘yicha barcha tadbirlarni amalga oshirishda yapon mutaxassislari tomonidan mahsulot, firmalar an’analari, aholi madaniyati va turmushining o‘ziga xos jihatlari, ma’lumot darajasi, o‘zaro mehnat munosabatlari va boshqalar to‘la hisobga olindi. 60-yillarning boshlarida YAponiyada tashqi savdo uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratildi va mahsulot sifatini jahon darajasigacha oshirish zaruriyati va imkoniyati yuzaga keldi. Ko‘p firmalar sifatni samarali boshqarish bo‘yicha ishlarni ancha kuchaytirdilar va, ma’lumki, katta natijalarga erishdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |