Shayton bilan kelishuv. Gyotening “Faust”i haqida
“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov “Jahon adabiyotining eng buyuk asarlari” rukni doirasida mashhur badiiy asarlarni tahlil qilishda davom etadi. Bu hafta u Gyotening “Faust” falsafiy dramasi haqida hikoya qiladi.
Fleshbek
Germaniyaning buyuk shoiri, atoqli mutafakkir va olim Iogann Volfgang Gyote butun dunyo hayratga soladigan shaxslardan biridir. Gyote bilan birinchi tanishuvim o‘smirlik davrimda qalbda ehtirosli his-tuyg‘ularni uyg‘otadigan “Yosh Verterning iztiroblari” romani edi. Bu ehtiros psixologiyasini, ayol va erkak tuyg‘ularining o‘ziga xosligini aniq va ruhan qayta yaratgan eng ajoyib sevgi romanlaridan biridir. Faust asarini esa ulg‘aygach o‘qib chiqqanman; agar mendan umring davomida o‘qigan badiiy asarlar top 10 taligini so‘rashsa, shubhasiz, bu asar undan joy olgan bo‘lar edi.
Foto: Wikipedia
Doktor Faust haqida afsonalar juda ko‘p bo‘lgan, u teatr spektakllarining qahramoni, ko‘plab mualliflar o‘z kitoblarida uning obraziga murojaat qilgan. Ammo Gyote qalamiga mansub hayotiy bilimlarning abadiy mavzusiga bag‘ishlangan Faust haqidagi drama dunyo adabiyotining eng qimmatbaho durdonalaridan biridir.
Asar haqida
Faust – Iogann Volfgang Gyotening eng mashhur asari bo‘lib, doktor Faust afsonasining eng mashhur versiyasini o‘z ichiga olgan falsafiy drama hisoblanadi. Gyote hayotining 60 yili davomida Faust g‘oyasi ustida ishlagan. Birinchi qism 1790-yillarda yozilgan, 1806-yilda tugatilgan, ikki yil o‘tib nashr etilgan va Gyote tomonidan bir necha marta qayta bosilgan (oxirgi marta – 1828-yilda). Asarning ikkinchi qismini Gyote keksaygan yillarida yozgan; u 1832-yilda adib vafotidan keyin dunyo yuzini ko‘rdi. Ritm va ohangdorlik tufayli Faust nemis she’riyatining cho‘qqilaridan biri hisoblanadi.
Syujet
Asar muallif hayotining ko‘plab ko‘tarilishlari va pasayishlari bilan bog‘liq bo‘lgan va u bilan uzoq vaqt birga bo‘lmagan yoshlikdagi do‘stlariga bag‘ishlanishidan boshlanadi. Keyingi qismda teatr direktori, shoir va komik aktyor o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tadi. Unda qahramonlar yuksak she’riyatning haqiqiy maqsadi, omma talablariga moslashtirish muammosini, muvaffaqiyat va mashhurlik bilan yuqori san’atning uyg‘un kombinatsiyasiga qanday erishish mumkinligini muhokama qiladi.
“Osmondagi prolog” qismida “osmon, yer va do‘zax” muammosi rivojlanadi. Bu yerda asosiy qahramonlar – Xudo, Mefistofel, arxangellar; Faust nomi ham birinchi marta esga olinadi. Zulmat egasi Mefistofel bilan suhbatda Xudo Faustni eng sodiq va ishonchli qulining namunasi sifatida keltiradi. Bunga javoban Mefistofel olimning asl mohiyatini ochib berish majburiyatini oladi va uning g‘ayratini aslida harakatlari uchun mukofot olish istagi bilan izohlaydi. Shunda Xudo Mefistofelga butun Yer yuzidagi lazzat va vasvasalar bilan Faustni sinab ko‘rishga va o‘zgarmas sadoqatiga amin bo‘lishiga ruxsat beradi.
Olim kun va tunni xafagarchilikda, o‘zining fikrlaridan qiynalib o‘tkazadi. Uzoq umri davomida Faust ko‘p narsalarni o‘rganadi, ammo u barcha bilimlariga qaramay, “ahmoq bo‘lib qolganini” tushunadi. Shogirdi Vagnerdan farqli o‘laroq, Faust cheksiz sir-asrorlarga to‘la inson ongi va ilm-fan imkoniyatlari, tabiat va butun koinot oldida nochorligini tushunadi. Faust baxtsiz, chunki uning butun hayoti behuda edi va haqiqatni bilib olishga bo‘lgan barcha urinishlari behuda ketdi.
Ammo kunlarning birida qora it siymosida unga Mististofel ko‘rinadi va keyin Faust oldida talaba kiyimida paydo bo‘ladi. Vagnerdan farqli o‘laroq, noma’lum mehmon ancha aqlli va idrokli edi. Faust bilan suhbatda u baxtsiz olimni qiynayotgan muammolarning tubiga to‘xtaladi. Mefistofel odamning nochorligi va inson taqdirini mazax qiladi.
Foto: Wikipedia
Boshqa safar u Faust oldida bashang kiyimda paydo bo‘ladi va uni iztiroblardan xalos qilish uchun o‘zi bilan birga boshlaydi. Agar olim dunyo lazzatlariga o‘rganib qolsa va u hech qachon bundan ajrashni istamasa, bu Faustning Mefistofel tomonidan to‘liq mahv etilganini anglatadi. Ular o‘rtasida qon orqali bitim tuziladi va shundan so‘ng ikkisi safarga chiqadi. Mefistofel bergan damlamadan ichganidan keyin Faust yana yosharib, kuchga, go‘zallikka va istaklarga to‘la bo‘ladi. Endi u haqiqatni bilishga va haqiqiy baxtni topishga qat’iy qaror qilgan edi.
Faustning birinchi vasvasasi – oddiy oiladan chiqqan, o‘n besh yoshli beg‘ubor Margarita ismli qiz. Yosh Faust bilan tanishib, darhol unga oshiq bo‘lib qoladi, ular o‘rtasida o‘zaro ehtiros alangalanadi. Uning onasi Faust bilan uchrashuvlariga xalal bermasligi uchun Margarita har safar ichimlikka uxlatuvchi dori qo‘shib qo‘yardi. Ammo bir kuni oshiqlarni qizning akasi Valentin ushlab oladi. U bilan Faust o‘rtasida janjal chiqib, Valentin jangga kiradi. Mefistofel qilichini yalang‘ochlaydi. Faust unga ergashib jangga kiradi va sevgilisining akasini qattiq jarohatlaydi. O‘limidan oldin Valentin yengiltak singlisini abadiy sharmandalikka giriftor bo‘lishini aytib la’natlaydi. Ko‘p o‘tmay Margaritaning onasi vafot etadi. Ma’lum bo‘lishicha, yana bir marta uyqu dorilarini qo‘shganida, qiz dori dozasini oshirib yuborgan va onasi endi uyg‘onmaydi. Bu haqda Faust bilmaydi, chunki u qotillikni amalga oshirgach, shahardan qochishga majbur bo‘lgan. Keyinchalik Margarita qiz tug‘adi, lekin benikoh farzand tuqqani ortidan kelishi mumkin bo‘lgan odamlar g‘azabidan qutulish uchun qizini daryoga cho‘ktirib o‘ldiradi. Endi u mahkuma, qamoqda o‘z jazosini kutmoqda.
Faustga bo‘ynida dahshatli chandiq bilan asirlikda saqlanayotgan sevgilisining surati namoyon bo‘ladi. Mefistofeldan esa u Margaritani qutqarishni talab qilmoqda. Shoshilish kerak, tez orada ikkalasi ham shaharga qaytib keladi. Oshiqlarning fojiali uchrashuvi zindonda bo‘lib o‘tmoqda. Avvaliga qiz uni tanimaydi, lekin yaqindagina uning boshiga tushgan dahshatli voqealarning butun tarixi uning xotirasida paydo bo‘ladi. U o‘z baxtiga ishonmaydi: erkinlik haqiqatan ham yaqinmi? Biroq Margarita o‘zi uchun shahidlik, chin dildan tavba qilish va Xudoning hukmini tanlab, zindonni tark etishdan bosh tortadi. Parvardigor esa Mefistofel tomonidan xushmuomalalik bilan taqdim etilgan ozodlikdan voz kechgan baxtsiz qizning ruhini saqlab qoladi.
Asarning ikkinchi qismida iblis Mefistofel Faustni imperator saroyiga olib boradi. Bo‘shab qolgan xazina sabab mamlakatda ishlar yomon. Keyin Mefistofel ayyorona tizim o‘ylab topadi, buning natijasida davlat budjeti tezda to‘ldiriladi, lekin xalq aldanib qoladi. Saroyda qichqa vaqt haqiqiy eyforiya hukmronlik qiladi va fitnachilar hayrat va xursandchilik bilan kutib olinadi.
Mefistofel Faustga qadimgi davr, o‘tmish eshigini ochadigan ajoyib kalitni beradi. Olim dunyodagi eng go‘zal ayol – Faust uchun ruhiy va jismoniy go‘zallik idealiga aylangan Yelena bilan uchrashadi.
Ayni paytda, Faustning shogirdi yana bir tajriba o‘tkazadi, natijada shisha idishda Gomunkul paydo bo‘ladi. Ammo u qisqa umr ko‘radi. Boqiy kurashga bo‘lgan ehtiros tufayli u uchib ketadi va abadiy yo‘qoladi. Ko‘p o‘tmay, Yelenaning o‘zi ham qahramonimizni tark etadi, chunki mutlaq go‘zallik va baxt –bir-biriga mos kelmaydigan narsalardir.
Mefistofel Faustni o‘rta asrlarga qaytaradi. Olimning yangi maqsadi to‘g‘on qurish va yerning bir qismini dengizdan tortib olish edi. Rejani amalga oshirishga kelajakdagi qurilish yo‘lida turgan kulba to‘sqinlik qilmoqda. Egalari o‘z uylarini boshqa uyga almashtirishdan bosh tortishadi, keyin g‘azablangan Faust Iblisga qariyalarni yo‘qotishni buyuradi...
Shunday qilib, bosh qahramonning hayoti yakunlanadi. U yana qarib qoladi va endi u butunlay ko‘r edi. To‘g‘on qurish o‘rniga esa, Mefistofel o‘z shotirlariga Faustga qabr qazishni buyuradi. Sodir bo‘lgan barcha voqealardan so‘ng Faust na boylik, na kuch, na shon-sharaf va na eng go‘zal ayolga ega bo‘lish, haqiqiy baxtni bermasligini tushunib yetadi. Faust faqat hayot uchun kurashgan insongina erkinlikni qo‘lga kiritishi mumkin degan xulosaga keladi. Uning ko‘zlari oldida “ozod yerda erkin odamlar” deb nomlangan rasm paydo bo‘ladi va endi u o‘z hayot daqiqalarni to‘xtatishga tayyor. Shu payt Faustning hayoti tugaydi, lekin Mefistofel uning ruhini qul qilib olishiga qadar, farishtalar Faustning jonini so‘nggi soniyada olib ketishadi. U najot topdi, demak u uzoq umrini behuda o‘tkazmagan edi.
Tahlil
O‘zining doimiy noroziligini hal qilish uchun ruhini iblisga sotishga tayyor bo‘lgan Faust hayotiy istaklarini o‘zgartirgan holda yangi maqsadlar sari yugurib yurgan odam, asrlar davomida saqlanib qolgan va qayta tiklangan murakkab xarakterdir. U hali ham o‘qilmoqda va teatrlarning odatiy repertuarlari tarkibiga kiruvchi operalarda rol o‘ynamoqda. Bu esa asarning o‘z davrining dahosi tomonidan dunyo adabiyoti xazinasiga, mangu turuvchi shedevr asar taqdim qilganidan dalolatdir. Albatta, Faust zamonaviy odamlarning oz sonli adabiy qahramonlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lsa-da, u bizga meros qilib qoldirgan ko‘pgina muammolarni tan olishimiz mumkin. Uning aqlga sig‘maydigan individualligi, bilimga intilishi, doimiy noroziligi, hatto boshqalarni yo‘q qilish hisobiga bo‘lsada rivojlanish istagi, uning muvaffaqiyatsizliklari, yutuqlari va kamchiliklari, bularning barchasi inson va ilm-fanning XIX asrgacha bo‘lgan taraqqiyotini belgilab beradi. Hozirgi kunda ham biz Faustni o‘qishni davom ettiramiz, unda dunyo tajribasiga murojaat qiladigan va biz fikr yurita oladigan savol va javoblarni, muammolarni va muhim sarguzashtlarni topamiz.
Foto: Wikipedia
Faustning fe’l-atvori uzoq tarixiy izga ega va asrlar davomida qayta yozib boriladigan har qanday figura singari afsonaga aylangan. U o‘rta asrlarning oxirlarida adabiy qahramon sifatida yaratilgan, u haqiqiy xarakterga asoslanadi va sayohatchilar va “submadaniyat”ning provokatsion tilida, chegaralar, jismoniy va vaqt chegaralarini buzish bilan yashaydi. Albatta, u mahkum: iblis bilan tuzgan shartnomasi uni do‘zaxga olib borishi kerak. Hatto Shtauffen shahrida bir uy bor va afsonalarga ko‘ra iblis u bilan tuzgan shartnomaga binoan, taxminan 1480-yilda Vyurttembergda tug‘ilgan doktor Faustni o‘sha uydan olib ketgan deyiladi.
O‘rta asr oxirlarida qayta tiklangan Faust iymon va kamtarlikdan yuz o‘girish va moddiy dunyoga qiziquvchan odamlarning timsolidir. Shuning uchun u shayton bilan ittifoq tuzadi, sehrgarlik qiladi, bu sehr yordamida imperatorga xizmat qiladi, o‘zini boyitadi va son-sanoqsiz iblisona ayollarni, shu jumladan Troyalik Yelenani ham sevadi. Shunday qilib, Faust va u bilan til biriktirgan iblis o‘rta asr lyuteranlarining iblis tushunchasidagi qahramondir. Faust reformatsiya davrining mahsuli va uning iblis oldidagi yangi qo‘rquvidir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Faust o‘z yaratuvchilarining xohish-istaklari, qo‘rquvlarining mohiyati va zamonaviy individuallikning boshlanishiga yordam beradigan sabab bo‘lishi mumkin.
Zamonaviy individuallikni shakllanish jarayoni boshqa yerlar va Yevropa madaniyatlarida turlicha rivojlanadi. Ammo XVIII asrda individning qurilishi haqiqatan ham ijtimoiy konstruktiv muammoga aylangan davrda, burjua vakillari zamonning nutqini o‘zining asosiy muammosiga bag‘ishlagan bir paytda, inson o‘zini va jamiyatni uyg‘unlashtirishi mumkinmi? Qanday qilib? Axir “men” va jamiyat o‘rtasidagi uyg‘unlik inson baxtidan kelib chiqadi. Aytish kerakki, o‘sha davrda odatiy badiiy asarlar namoyish etadigan syujetlar bu urinishlarning muvaffaqiyatsizligidir. Insonning dunyodagi o‘rni haqidagi savollarga endi yangi javoblar kerak. Gyote Faustdan foydalanib, ushbu savollarning barchasini, bizning merosimiz va xotiramizni aks ettiruvchi barcha muammolarni ko‘taradi. An’anaviy qahramonni oling va uni zamon muammolarga qarshi atributikalar bilan bezab qayta yozing, unga yangi o‘ziga xos xususiyat berish uchun foydalaning. Aynan shu narsaga Gyote muvaffaq bo‘lgan edi. Shuningdek, uning Faustida aniq javoblardan ko‘ra ko‘proq ochiq savollar mavjud. Aynan shu narsa unga qiziqish so‘nmasligi va biz uni o‘qishni davom ettirishimiz bilan bog‘liq. U bizga ko‘plab qarama-qarshiliklarni, turli xil sarguzashtlarni, sirlarni va shuningdek, kulgili narsalarni taklif etadi: bu juda kam uchraydigan, mutlaqo bitmas-tuganmas asar. Dastlab, muallif buni fojia deb ta’riflaydi, ammo asar so‘ngida Faustni qutqaradi va shaytonni masxara qiladi: fojia qayerda?
Gyotening o‘zi asarining sahnalarini “juda jiddiy hazillar” deb ta’riflagan va “qiziqarli va har xil narsalar sodir bo‘ladigan teatr, hayotga yaqin bo‘ladi” deb ta’kidlagan. Farishtalar yaratilgan olamning shon-sharafini kuylayotganda Mefistofel kuladi: u sayyoralarning uyg‘unligi, Quyosh va olamning go‘zalligi haqida o‘ylamaydi, faqat odamlarning tashvishlari va azoblarini ko‘radi. Uning fikricha, inson yaratilishi xatodir. Xudo va Mefistofel o‘rtasidagi garovda agar shayton g‘alaba qozonganida, uning g‘alabasi shunchaki inson ruhini qo‘lga kiritishdan ko‘ra ko‘proq narsani bildiradi: bu aslida insonning dunyoga uyg‘unlashish imkoniyatini rad etishni anglatadi.
Faust, hozirgi zamon individualligi misolida, inson taqdirini, o‘z mavjudligining ma’nosini izlashga majburdir. “Qanday yashashim mumkin?” Bu uning hayot asosini tashkil etadigan savol bo‘ladi. Faust hayotning ma’nosini uchta sohada topishga harakat qiladi: sevgi, go‘zallik va ish. Ammo Faust ushbu yo‘nalishlarda olib borgan barcha izlanishlarida, erishgan barcha yutuqlarida ikki yoqlama belgilar paydo bo‘laveradi.
Birinchi bo‘lib sevgi maydonini qarasak, Faust sevadi, ammo uning urinishi fojia, Margaritani yo‘q qilish bilan tugaydi. Go‘zallik sohasini Troyadan Yelenani izlash va olib kelish tajribasi aniqlaydi. Ammo, bu tajribada, mutlaq go‘zallik abadiylik o‘rtasidagi sintezga bo‘lgan urinish muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Yelena yo‘qoladi va ularning o‘g‘li halok bo‘ladi. Balki u baxtini ishdan topar? Biroq, ish orqali kuch va mulkka ega bo‘lish haqiqati tushkunlik va ohangdorlikka asoslangan, urush orqali amalga oshiriladi va zo‘ravonlik va vayronagarchilik bilan birga keladi. Dengizdan yer tortib olishda esa Faust, xalqning farovon kelajagini taxmin qiladi, bu esa keksa juftlik Filemon va Bavkidaning nohaq o‘limini bilan yakunlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |