YUsuf Xos Hojib ta’rifidagi ezgu odam shundayki, uning barcha qilmishi va yo‘riqlari xalqqa foyda va manfaat beradi. Barchaga birdek yaxshilik qiladi, lekin evaziga ulardan mukofot minnatini qilmaydi. Ezgu odam o‘z manfaatini ko‘zlamaydi, boshqalar manfaatini o‘ylaydi, boshqalarga keltirgan foydasidan o‘ziga manfaat tilamaydi. To‘g‘rilik esa odam uchun juda kerakli sifat, u odamiylik demakdir. Insonning qadr–qimmatini ham mutafakkir insoniylikda, odamgarchilikda deb biladi: odam qadrli emas, odamgarchilik qadrli, odam noyob emas, odamgarchilik noyob, degan fikrni ilgari suradi.
Kaykovusning «Qobusnoma» asarida ham ana shu jihatlarga e’tibor qilinadi. Ayni paytda, «Qobusnoma» inson hayoti va faoliyatining deyarli barcha tomonlarini qamrab oluvchi o‘git – ko‘rsatmalardan iboratdir. Unda mehmonga borish, mehmon kutish, savdogarchilik odoblaridan tortib, chavgon o‘yini – sportchi odobigacha qalamga olinadi. Kaykovus axloqiylikka erishuv ikki xil – tabiiy, tug‘ma va tarbiya orqali ro‘y berishini aytadi. SHu bilan birga axloqiy tarbiya har ikki holatda ham shart ekanini ta’kidlaydi.
SHarqona pandnomalarning eng mashhuri, shubhasiz, shayx Muslihiddin Sa’diyning (1184 – 1292) «Guliston» asaridir. Jahonda bu asar tarjima qilinmagan biror – bir madaniy til bo‘lmasa kerak. O‘zbek tiliga u birinchi marta buyuk o‘zbek mumtoz shoiri sayfi saroyi tomonidan xiv asrda tarjima qilingan.
Sa’diy, birinchi navbatda, odamlar qiyofasidagi ezgulik va yovuzlikning o‘zaro munosabatlarini ochib beradi. Oddiy muomala odobidan tortib, yuksak axloqiy tamoyillargacha ana shu munosabatlarni aks ettirishga xizmat qiladi. Mutafakkir shoir inson axloqiyligini, ezgulikni o‘zgalar manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yishda, odamlarga qayishishda ko‘radi; ilmiy til bilan aytganda, Sa’diy, inson inson uchun vosita emas – maqsad, degan g‘oyani ilgari suradi. YOvuzliklar ichida u, ayniqsa, yolg‘onni qattiq qoralaydi: «yolg‘on gapirmoq ham, – deydi shoir, – hanjar zarbi kabidir: jarohat tuzalsa–da, izi qoladi».
Temuriylar davrida yaratilgan eng ajoyib va o‘ziga xos pandnomalardan biri, bu – Xondamirning (1481 – 1535) «Makorimul–axloq» («yaxshi xulqlar») asari. Uning o‘ziga xosligi shundaki, undagi qalamga olingan barcha fazilatlar bir buyuk inson – Alisher Navoiy qiyofasi misolida ochib beriladi, talqin etiladi. Unda bo‘lgan voqealar, hikoyatlar, latifa va mutoyibalarga o‘ralgan Navoiyning axloqiy hayoti ko‘z oldimizda gavdalanadi, gavdalanganda ham faqat o‘z zamonasi uchun emas, balki barcha zamonlarga namuna bo‘la oladigan axloqiy ideal tarzida yuz ko‘rsatadi.
O‘rta asrlardan keyin ham pandnomalar yaratish an’analari davom etdi. Ana shundaylardan biri – o‘zbek mumtoz shoiri Gulxaniyning (XVIII asr ikkinchi yarmi – XIX asr boshlari) «Zarbulmasal» asari. Asarning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, uning asosiy qahramonlari – o‘z qiyofalarida axloqsizlik illatlarini mujassam etgan salbiy obrazlar. Ana shu usul bilan insonlarni insof, adolat va diyonatga, halollik va sofdillikka chorlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |