Abu Nasr al-Forobiy(870 – 950) Arastu izidan borib, falsafani ikkiga – nazariy va amaliyga bo‘ladi hamda axloqshunoslikni amaliy falsafa tarkibiga kiritadi. Axloqiy muammolar uning «Baxtga erishuv yo‘lini ko‘rsatuvchi kitob», «Baxtga erishuv haqida», «Davlat arbobining hikmatlari», «Fozil odamlar shahri» singari asarlarida ko‘tarilgan. Ularda inson baxti eng asosiy muammo sifatida o‘rtaga tashlanadi. «Baxt – har bir inson intiladigan maqsad, zero, u muayyan komillik hisoblanadi», – deydi Forobiy. Ayni paytda alloma o‘z qarashlarida fazilatga ham juda katta o‘rin beradi.
Forobiy hayot va mamot muammosiga ham batafsil to‘xtaladi. Uning fikriga ko‘ra, fazilatli kishi o‘lim tufayli baxtni orttiruvchi xatti–harakatlarni ko‘proq amalga oshirish imkoniyatlaridan mahrum bo‘ladi. SHuning uchun uning o‘limdan qo‘rqishi boshqalarnikidan butunlay o‘zgacha: u o‘lim tufayli ulkan bir yovuzlik qurboni bo‘layotganidan emas, balki yaxshilikni kamroq qilishga mahkum ekanidan cho‘chiydi. Fazilatli odam o‘lgan yoki o‘ldirilganda, u erishgan baxtga havas qilish lozim, unga emas, balki undan ajralib qolgan hamshaharlarining holiga yig‘lash kerak bo‘ladi.
O‘rta asrlar axloqshunosligida raylik (eronlik) mutafakkir Abu Bakr Ar-Roziy (865 – 925) ta’limoti o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Uning axloqiy qarashlari «Lazzat», «Falsafiy hayot tarzi», «Ruhiy tabobat», «Baxt va farovonlik belgilari» singari kitoblarida aks etgan.
Ar–Roziy axloqshunoslikni insonda xushxulqlikni tarbiyalash va badxulqlikni yo‘qotish yo‘llari hamda usullari haqidagi fan deb biladi; u kishini aql bilan ish ko‘rishga, me’yorida lazzatlanishga, o‘z ehtiroslarini jilovlab, lahzalik lazzatga umrini baxsh etmaslikka o‘rgatadi.
Temuriylar davri axloqshunosligida Navoiy ning nazari tushgan alloma, uning zamondoshi Husayn voiz Koshifiyning (1440 – 1505) siymosi alohida diqqatga sazovor. Xondamirning ta’rifiga ko‘ra, u «ma’qul va maxsus ilmlarning barchasidan to‘la naflangan va bahramand bo‘lgan kishi». Koshifiyning axloqshunoslikka doir eng mashhur asari «Axloqi Muhsiniy»dir. Husayn Boyqaroning o‘g‘li, marv hokimi shahzoda Muhsin mirzoga bag‘ishlangan bu kitobda Koshifiy axloqshunoslikning juda ko‘p tushunchalariga sharh beradi, ularni jonli, hayotiy misollar, shuningdek, qadimgi hikoyatlar asosida talqin etadi.
Koshifiy adolat tushunchasiga, ayniqsa, batafsil to‘xtaladi va uni o‘ziga xos sharhlaydi. Mutafakkir adolatni insonning eng yaxshi fazilati, adolatsizlikni esa yomon odamlardagi eng yomon illat tarzida taqdim qiladi. SHuningdek, koshifiy adolatning ijtimoiylik xususiyatini ham nazardan qochirmaydi: adolat natijasida mulk boqiy, mamlakat boy–badavlat, kentlaru shaharlar obod bo‘ladi. Zulm esa mamlakatni tanazzulga olib keladi. Koshifiyning fikriga ko‘ra, jamiyat tabaqalari bir–biri bilan mustahkam ijtimoiy bog‘liqlikka ega: agar jamiyatda adolat hukm surmasa, zaiflar yo‘qoladi, zaiflarsiz esa zo‘ravonlarning ham bo‘lishi mumkin emas. YA’ni adolatsiz tuzumda jamiyat inqirozga uchraydi. Adolat – insoniy jamiyatni baxt–saodatga olib boruvchi yo‘l.
O‘rta asrlar musulmon sharqi mintaqasi tafakkurida axloqning mohiyatini tushuntiruvchi va axloqiylikni targ‘ib etuvchi mashhur pandnomalar – xalq ichida keng tarqalgan badiiy – didaktik asarlar ham o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Ular uchun umumiy bo‘lgan xususiyat, bu – axloqiy me’yorlarni, tamoyillarni, axloqiy madaniyat omillarini ko‘pchilikka tushunarli, rang–barang shakllarda, qiziqarli hikoyatlar orqali kitobxonga etkazish. SHu jihatdan pandnomalar asrlar mobaynida axloqiy tarbiyaning o‘ziga xos sharqona vositasi sifatida xizmat qilib keldi va hozir ham xizmat qilmoqda.
U bizda «Kalila va Dimna» nomi bilan mashhur, o‘zbek tiliga bir necha bor tarjima qilingan. Asarni o‘qiganda ko‘z oldimizda ikki dunyo namoyon bo‘ladi: biri – insof, adolat, diyonat, halollikka suyangan, axloqiy fazilatlarning tajassumi bo‘lmish insonlar dunyosi, ezgulik olami, ikkinchisi – yolg‘onni, qalloblikni, munofiqlikni, xudbinlikni kasb qilib olgan, illatlar tajassumi bo‘lgan odamlar dunyosi, yovuzlik dunyosi. Ana shu ezgulik va yovuzlik orasidagi kurash asarning o‘q tomirini tashkil etadi. Unda axloqiylik asl baxt, axloqsizlik inson uchun halokat girdobi ekani ajoyib hikoyatlarda, masallarda o‘z aksini topadi.
«Qutadg‘u bilig» 13000 misrani o‘z ichiga olgan axloqqa, siyosatshunoslikka doir monumental asar. Uni turkiy xalqlarning axloqiy qomusi deb atash mumkin. Kitobda ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, olijanoblik va tubanlik, halollik va haromlik singari tushunchalar batafsil qalamga olinadi. Ularning mohiyati obrazli, badiiy yuksak misralarda, she’riy hikmatlarda, maqollarda ochib beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |