Qadimgi dunyo axloqshunosligi. Har bir fan kelib chiqishi nuqtai nazaridan tarixiylikka ega ekan, axloq falsafasi tarixi ham axloqiy tafakkurning vujudga kelishi hamda uning taraqqiyoti qonunlarini o‘rganadi, milliy qadriyatlarimizning ulkan qismi bo‘lmish axloqiy ta’limotlar, hikmatlar, pand–o‘gitlarni zamonaviy jamiyat hayotiga tatbiq etish va targ‘ib qilish yo‘llarini tahlil etadi. Axloq falsafasining tashkiliy qismini qamrab olgan olimlarnining axloqiy ta’limotlari nafaqat ilmiy ijod mahsuli, balki davriy xususiyatlarni ham qamrab olgan. Turli hikmatlar, odob va etiket qonun–qoidalari, axloqiy pand–o‘gitlar va me’yorlar talablarini bajarish – axloqiy boshqarish sohasiga kiradi hamda axloq falsfasini odatda «amaliy axloq» deb ataladigan qismini tashkil etadi.
Amaliy axloqning dastlabki namunalari bundan uch yarim ming yil avval dunyodagi birinchi yozuv bo‘lmish mix xatda somir (SHumer) giltaxtalariga yozilgan matnlarda aks etgan. Ularga ko‘ra somirliklar haqiqat va adolatni, qonun va tartibni adolat va erkinlikni, shafqat va muruvvatni yuksak baholaganlar hamda qadrlaganlar.
Axloq falsafasi nuqtai nazaridan qadimgi misr «mayyitlar kitobi» katta ahamiyatga ega. Misrliklar nazdida har bir inson o‘lgandan so‘ng, oxiratda hisob beradi. Avval bosh ma’bud osiris oldida u o‘zining gunohsizligini isbotlashga urinadi; gunohlarni sanab, gunoh qilmaganligini aytadi. Gunohlarning ko‘pchiligi esa axloqqa borib taqaladi: odam o‘ldirish, yovuzlik qilish, tarozidan urib qolish, yolg‘on gapirish v.h.
«Pxatotep o‘gitlari»dagi ba’zi nasihatlar yuksak badiiyati bilangina emas, balki quldorlik davri talablarini chetlab o‘ta olgan umuminsoniy demokratik fikrlar tarzida, haqiqiy Donishmandlik va insonparvarlik namunasi sifatida ham hanuzgacha kishini hayratga soladi: «Qimmatbaho toshdek yashirindir oqilona so‘z, holbuki uni don tuyayotgan cho‘ridan topish mumkin».
«Avesto». Qadimgi turonzamin va eronzamindagi axloqiy tafakkur taraqqiyoti zardushtiylik dinining vujudga kelishi bilan bog‘liq. Taxminan bundan 40 – 30 asr muqaddam yoyila boshlagan bu dinning qadimgi Xorazmda yaratilgan «Avesto» deb atalgan muqaddas kitobida asosiy axloqiy fazilatlar va illatlar sanab o‘tiladi, talqin etiladi. Unda zardushtiylik ilohi Ahuramazda – ezgulik, Ahriman esa yovuzlik timsoli sifatida namoyon bo‘ladi; ezgulik va yovuzlik, yorug‘lik va zulmat, hayot va mamot o‘rtasidagi abadiy kurashning ibtidosi aks etadi.
SHuni alohida ta’kidlash joizki, «Avesto»da inson oliy jonzot tarzida talqin etiladi. Ayni paytda eru ko‘kdagi barcha ne’matlarni sevish, ardoqlash insonning muqaddas burchi hisoblanadi. Ozodalik, tozalik gigienik tushunchadan axloqiy va ilohiy tushuncha darajasiga ko‘tariladi: suvni, atrof–muhitni toza tutish, jonivorlarga, xususan, itga uchi o‘tkir suyak yoki qaynoq ovqat bermaslik – ularga nisbatan shafqatni anglatadi; inson shafqatli bo‘lishi kerak. Bularning hammasi «Avesto»da ekologik axloqshunoslikning dastlabki kurtaklari ham mavjudligini ko‘rsatadi.
Xullas, «Avesto» yuqorida aytganimizdek, ajdodlarimizning axloqiy–estetik qomusi, qadimiy urf–odatlarimizning o‘ziga xos, abadiyatga daxldor majmui sifatida qimmatlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |