Foydalanilgan adabiyotlar
1.
O’zbek tili (Universitet va pedagogika institutlari uchun) qayta ishlangan 2-
nashr T. “O’zbekiston” 1992 y.
2.
A. Nurmatov va boshqalar. O’zbek tilining nazariy sintaksisi T.
3.
R. Rasulov. So’z valentligi va sintaktik aloqa “O’zbek tili va adabiyoti”
jurnali N 5-6 1992 y.
4.
E. Hemingway ‘ A Farewell to Arms’. Copyright renewed 1957.
5.
E. Hemingvey “ Alvido, qurol”. “Ilm-ziyo-zakovat” Toshkent 2019.
"Prospects of Development of Science and Education" Conference Proceedings
24 May 2022
140
NAVOIY SHE’RIYATIDA XALQ MAQOLLARINING O’RNI
Toshquvatova Mashhura
SamDU
Annotatsiya:
Ushbu maqola Alisher Navoiy she’riyatida xalq maqollarining
qo’llanilish o’rniga bag’ishlanadi. Sharq mumtoz adabiyotida insonlarni tarbiyaga,
odob-axloqqa chorlovchi g’oyalar asosidagi asarlar yaratilib, bu kabi asarlarda xalq
maqollaridan foydalanish katta ahamiyatga egadir. Shu jumladan Navoiy ijodida ham
xalq maqollaridan foydalanish ko’p uchraydi va bu asarlarning mazmun mohiyatini
ochib berishga va ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi.
Kalit so’zlar:
Xalq og’zaki ijodi, yozma adabiyot, fard, maqol, hikmat, bayt.
Ma’lumki, she’riyat inson ruhiyatiga,tarbiyasiga ta’sir qiladi.Buni birgina fard
misolida ko’zdan kechirar ekanmiz, Navoiy ijodida fardlar salmoqli o’ringa egadir.
Fardda ijodkorlar axloqiy-tarbiyaviy, falsafiy qarashlarini ixcham va siqiq shaklda
ifodalaydilar. Shu bois unda didaktik va falsafiy ruh ustuvorlik qiladi. Mana shu
shakliy, mazmuniy-ruhiy jihat ularni xalq maqollariga birmuncha yaqin deb qarashga
olib keladi. Lekin maqollar ko’pincha fikrni bir-biriga yo o’xshatilgan, yo
taqqoslangan, yo butunlay zid qo’yilgan ichki mantiqiy qutblarga bo’lingan holda
(yaxshilik va yomonlikning o’zaro qiyosiy aspektida qurilishi orqali) ifoda etishi
jihatdan o’ziga xoslik kasb etadi.
Qisqa bir shaklda katta bir g’oyani ifodalash, albatta, muallifdan yuksak
iqtidorni talab qiladi. Shuning uchun fardlarda xalqning asrlar osha hayotiy
tajribalaridan o’tib, hikmat darajasiga ko’tarilgan qisqa va lo’nda maqollardan
foydalanish tez-tez ko’zga tashlanadi. Umuman, badiiy asarlarda xalq maqollaridan
foydalanish irsoli masal badiiy san’atini yuzaga keltiradi. Bu san’at fikrni ixcham va
lo’nda, badiiy jihatdan yetuk tasvirlash barobarida, she’rda ifoda etilayotgan fikrning
o’quvchi tomonidan e’tirozsiz qabul qilinishiga yordamlashadi.Bu jihatdan Alisher
Navoiy fardlarini kuzatadigan bo’lsak, ularda xalq maqollaridan foydalanishning
quyidagi usullari ko’zga tashlanadi.
1.She’riy misralar mazmuniga mos maqolni aynan keltirish:
Yuqar yomonlig’ angakim, kirar yomon el aro,
Ko’mur aro ilik urg’an qilur ilkini qaro.
“Kimki yomonlar bilan yursa, unga ham yomonlik yuqadi. Ko’mirga qo’l urgan
kishining qo’li qora bo’ladi”.
Navoiy fardda “yomon el” ga yaqinlashgan kishilarni tanqid qilar ekan, fikr
tasdig’i uchun ikki misrada ikki ta xalq maqolini keltiradi. Bular: “Yomon bilan
yurganga yomonlik yuqadi” va “Ko’mirga tekkan qo’lini qora qiladi”. Mazkur
"Prospects of Development of Science and Education" Conference Proceedings
24 May 2022
141
maqollar “Qozonga yondashsang - qarosi yuqar” xalq maqolining variantlaridir.
Ikkita maqolni bir o’rinda keltirish esa Irsol ul-masalayin deb ataladi.
Shoirning ba’zi fardlarida maqollar baytning ikkinchi misrasida keltirilgan.
Birgina misra esa shoirning falsafiy qarashlarining tezisi sifatida yuzaga kelgan.
Albatta, bunda shoir o’z fikri bilan maqolda ilgari surulayotgan fikrni
muvofiqlashtirishiga harakat qiladi. Natijada uning fikri sal bo’lsa-da, chegaralanib
qoladi. Shunday esa-da, Navoiy fardlarida o’z fikrini tasdiqlash uchun maqollarni
juda o’rinli qo’llagan.
Dunyovu uqbo ikkisi jam o’lmas, ey rafiq,
Kimki ikki kema uchini tutsa, bo’lur g’ariq.
Fardda “Ikki kemaning boshini ushlagan g’arq bo’ladi” maqoli keltirilgan. Katta
manfaat ko’rish niyatida bir nechta ishning boshini tutib, har ikkalasidan ham quruq
qolgan kishilarga qarata aytiladigan bu maqol yuqoridagi fardda ham shu ma’nosini
saqlagan. Kemaning bir uchi dunyo bo’lsa, ikkinchi uchi- uqbo. Dunyo-moddiy
dunyo, uqbo - boqiy dunyo, oxirat. Bu o’rinda ulug’ shoir qarashlariga tasavvuf
falsafasi nuqtai nazaridan yondashsak, uning muddaosi oydinlashadi. Shoir falsafiy
qarashlarida farq maqomi ulug’langani, haqiqiy farq uchun dunyo va uqboning
qimmati yo’qligi, muhimi, Olloh rizoligiga erishish g’oyasi mujassamlashgani
anglashiladi.
Quidagi fardda “Birovning aybini aytma, aybingni aytguvchilar ko’p”, “Ko’zni
o’z aybingdan olma, o’zgalar aybiga ko’z solma” maqollarining alohida qismigina
misralarga joylashtirilgan:
Kishi aybini yuziga qilma izhor,
Taammul ayla o’z aybingga zinhor.
Diqqat qilsak, birinchi misrada maqolning “Birovning aybini aytma”, ikkinchi
misrada “Ko’zni o’z aybingdan olma” qismlarigina shoirning g’oyaviy niyati uchun
xizmat qiladi. Natijada o’zaro sinonim xalq maqolining kontaminatsiyalashuvi yuz
bergan.
2. Maqollarning badiiy adabiyotda aks etishi bilan bog’liq yana bir ilgari
surulgan g’oyalarni ijodiy o’zlashtirish natijasida yuzaga keltirilgan sof adabiy
hikmatlardir. Fard shaklida yaratilgan bunday adabiy hodisalarda maqol mazmuni
misralar mag’ziga singdirib yuborilgan:
Qotiq el jismidin anbarlar olmay naqd emas vosil-
Ki, tog’ni pora-pora qilmayin la’l o’lmadi hosil.
Xalqda “Toqqa chiqmasang, do’lona qayda, jondan kechmasang, jonona qayda”
degan maqol mavjud. Mazkur maqolda inson o’z maqsadiga mashaqqatsiz erisha
olmasligi targ’ib qilingan. Fardda maqol aynan keltirilmagan, uning mazmuni
saqlangan, xolos. Xalq maqolidagi “Toqqa chiqmasang” qismi fardda “tog’ni pora-
pora qilmayin”, “ do’lona qayda” qismi “ la’l o’lmadi hosil” shaklida berilgan.
"Prospects of Development of Science and Education" Conference Proceedings
24 May 2022
142
Demak, ushbu maqol Navoiyning “Tog’ni pora-pora qilmasang, la’lga ega bo’la
olmaysan” tarzidagi hikmati yuzaga kelishiga g’oyaviy asos bo’lgan. Maqol va
hikmatda bir g’oya ilgari surulgan. Bu o’rinda illuziya hodisasini kuzatish mumkin.
Chunki “tog’” so’zining ishtiroki “Toqqa chiqmasang, do’lona qayda, jondan
kechmasang, jonona qayda” degan maqolning ma’nosini bera olmoqda.
G’ofil o’lma, nazardin etsa adu,
Sham o’churganda, yel ko’rinurmu.
Xalqda “Tuzoqni sen unutsang ham, tuzoq seni unutmas”, “Olmaning qizilligiga
ishonma, dushmanning do’stligiga”, “Og’a-ining bo’lsa ham, dushmanim yo’q dema”
kabi qator maqollar mavjudki, ularda dushmandan hamisha hushyor bo’lish zarurligi
aytilgan. E’tibor bersak, Navoiy fardida ham shu g’oya targ’ib qilingan. Ya’ni “adu
(dushman) senga ko’rinmay qolsa, g’aflatda qolma”, deb ta’kidlanadi. Ikkinchi
misrada fikr tasdig’i uchun “Shamni o’chirganda yel ko’rinmaydi” tarzidagi hikmat
tamsil qilib keltirilgan. Bu hikmatni shoir hikmatlarning go’zal namunasi sifatida
qabul qilish mumkin.
Navoiy fardlarini kuzatsak, ularda nafaqat maqol, balki xalq ertaklariga xos
tayyor epik klishe shaklidagi kiritmalardan ham foydalanilgani kuzatiladi:
Belu og’zidin, dedilarkim, degil afsonaye,
Boshladim filholkim: “Bir bor edi, bir yo’q edi”.
Bilamizki, o’zbek xalq ertaklari, odatda, “Bir bor ekan, bir yo’q ekan”
shaklidagi an’anaviy boshlanma bilan boshlanadi. Alisher Navoiy xalq ertaklariga
xos mazkur unsurdan fardda mahorat bilan foydalanib, so’z o’yini qilgan. Ya’ni:
“Ma’shuqa ta’rifidan afsona ayt, dedilar: “Bir bor ekan, bir yo’q ekan”,- deb
boshladim”, - deydi. Bu o’rinda shoir xalq ertaklaridagi kiritmadan ma’shuqaning
go’zal ko’rinishini mubolag’ali tasvirlash uchun so’z o’yini tarzida foydalanib,
betakror obrazli talqinga erishgan. Ma’shuqaning og’zi va beli shu qadar nozikki, uni
ko’rganlar “bormi yo yo’qmi” degan shubhaga berilishini ertaklarga xos kiritma
vositasida ayta olgan.
Ta’kidlash joizki, u yoki bu maqol shoirning badiiy fikrlash tarziga estetik ta’sir
ko’rsatar ekan, bu ta’sir ijod sohibining tafakkuridan ahli bashar uchun foydali
“pand”larning yuzaga kelishiga ham turtki bo’ladi. Xuddi shunday holatni yuqoridagi
fardda ham ko’rishimiz mumkin.
Navoiyning hikmatomuz baytlarini mutolaa qilgan kitobxon ko’z o’ngida
shoirning donishmand siymosi gavdalanadi. Agar maqollarda inson tarbiyasida odob-
axloqqa doir fikrlar sodda, mazmunan aniq, shaklan muxtasar tarzda berilgan bo’lsa,
Alisher Navoiy ularni obrazli, yoqimli va ta’sirchan qilib, badiiy ifodalashga intilgan.
Xulosa qilib aytsak, xalq og’zaki ijodi namunalari bag’ridagi o’lmas g’oyalar
Alisher Navoiy ijodi uchun sarchashma vazifasini o’tadi. Shoir lirikasi xalq didi va
yuragiga yaqinligi bilan shuhrat paydo qilgan barhayot she’riyatdir.
"Prospects of Development of Science and Education" Conference Proceedings
24 May 2022
143
Do'stlaringiz bilan baham: |