Savol va topshiriqlar:
1.Qul Ubaydiy ijodiy faoliyati haqida ma`lumot bering.
2. Muhammad Solihning “Shayboniynoma” asari badiiyati.
3.Mashrab ijodi manbalari haqida ma’lumot bering.
4.Shoir she’riyatidagi timsollar haqida so‘zlang.
5.Mashrab adabiy merosiga doir qanday manbalarni bilasiz?
6.Shoir ijodida ishq talqini xususida fikr bildiring.
Ubaydullaxon ham oʼz davri hukmdorlaridan Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Bobur mirzo kabi muttasil ijod bilan shugʼullanib «Ubaydiy», «Qul Ubaydiy», taxalluslarini qoʼllar edi. Ubaydiyning oʼzbek, fors va arab tilidagi sheʼrlaridan iborat uch devoni bir muqova ichiga joylashtirilgan. Bu uch tildagi devonning yagona qoʼlyozma nusxasi 1583 yilda Mir Husayn al-Husayniy tomonidan koʼchirilgan boʼlib, kotib uni «Kulliyot» deb atagan.
Tarix shuni koʼrsatadiki, xonlar bilan xonlarning, amirlar bilan amirlarning, beklar bilan beklarning farqi bor. Birlari oʼzidan yaxshi nom qoldirish uchun kurashgan va yashagan boʼlsa, ikkinchilari koʼp vaqt oʼz huzur-halovatini, boylik orttirishni, bor narsalarni buzishni, yoʼq qilishni oʼylagan, yaratuvchilik gʼoyasidan yiroq yurgan.
Buxoro hokimi Mahmud Sultonning oʼgʼli Ubaydulloxon ibn Mahmud Sulton esa shayboniylar sulolasining yirik namoyandalaridan biri boʼlishi, hokimiyat uchun kechgan jangu jadallarda faol qatnashishi bilan birga oʼz davri madaniyatining katta arbobi, XVI asr oʼzbek adabiyotining yirik vakili darajasiga erishgan edi.
Turkiston xalqlari siyosiy tarixida Ubaydulloxonning eng katta xizmatlaridan biri shundaki, u Movarounnahrni Ismoil Safaviy boshchiligidagi eroniylarning, tarixchi Hofiz Tanish Buxoriy tili bilan aytganda, «qizilboshlar»ning istibdodidan saqlab qoldi. Ubaydulloxonning harbiy mahorati va jasorati uning davlat arbobi sifatida qattiqqoʼlligi tufayli safaviylar qoʼshini orqaga chekindi. Ularning Oʼrta Osiyo shaharlarini qirgʼin qilishi, talashi toʼxtatildi. Ubaydullaxon Shayboniy hukmdorlardan Koʼchkinchixon (1510—1530), uning oʼgʼli Аbdusaid (1530—1533) hukmronligi davrida noib, 1533—1539 yillarda esa xon koʼtarilib, mamlakatni boshqardi. Hofiz Tanish Buxoriy oʼzining «Аbdullanoma» asarida yozishicha: «Uning davlati va xalofati zamonida Movarounnahr, ayniqsa, Buxoro viloyati gullab yashnadi». Ubaydullaxon oʼsha davrda oʼz mablagʼiga mashhur Mir Аrab madrasasini qurdirdi. U 1539 yili vafot etgan va xoki shu madrasa xonalaridan biriga qoʼyilgan.
Ubaydullaxon ham oʼz davri hukmdorlaridan Husayn Boyqaro, Shayboniyxon, Bobur mirzo kabi muttasil ijod bilan shugʼullanib «Ubaydiy», «Qul Ubaydiy», taxalluslarini qoʼllar edi. Ubaydiyning oʼzbek, fors va arab tilidagi sheʼrlaridan iborat uch devoni bir muqova ichiga joylashtirilgan. Bu uch tildagi devonning yagona qoʼlyozma nusxasi 1583 yilda Mir Husayn al-Husayniy tomonidan koʼchirilgan boʼlib, kotib uni «Kulliyot» deb atagan. Bu qoʼlyozma OʼzFА Sharqshunoslik institutining qoʼlyozmalar fondida saqlanmoqda.
Ubaydiyning oʼzbek tilidagi devonida 306 gʼazal, 435 ruboiy, 25 qitʼa, 13 tuyuq, shuningdek noma, muammo, masnaviy, hikmat, tarjeʼbandlaridan namunalar mavjud. Shoirning boy adabiy merosi hali maxsus oʼrganilmagan. Ubaydiy oʼzining oʼzbek tilidagi gʼazal va ruboiylari, qitʼa va tuyuqlari bilan, hech shubhasiz, sheʼriy turlar taraqqiyotiga katta hissa qoʼshgan.
Masalan, Ubaydiy asosan besh baytli gʼazallar bitgan; bu uning gʼazaliyotiga xos xususiyatlardan biri. Shoir asarlari koʼproq anʼanaviy mavzular — ishq va muhabbat, vafodorlik va doʼstlik, ayol goʼzalligi va oshiq sadoqati, saxovati talqinidan iborat. Biroq bu sheʼrlardagi badiiy ifodaning oʼziga xosligi, shoir shaxsiyatining yuksak axloqiy fazilatlari bilan uniig goʼzal nafis dunyosi oʼrtasidagi uygʼunlik har qadamda kitobxon diqqatini oʼziga tortadi. Oʼzbek adabiyotida ishqiy sheʼrlar koʼp. Lekin Ubaydiyning bu mavzudagi quyidagi satrlarini qaysi shoirning sheʼriga oʼxshatish mumkin:
Koʼnglum bila dildorni men yod etadurmen,
Xotirni dogʼi yodi bila shod etadurmen.
Bedod etadur jonima dildor, netaykim,
Demas: «Nega bu xastagʼa bedod etadurmen!»
Ubaydiy sheʼriyatida oʼziga xoslikka intilish ustun. Shoir sheʼriy uslubida soddalikka moyillik, oʼz fikrini mumkin qadar xalqchil bayon etishga urinish yorqin seziladi.
Ubaydiy hukmron sulola vakili boʼlsa ham, uning hayot yoʼlini silliq, faqat zafarlardan iborat deb tasavvur etish toʼgʼri emas. Gʼazallarining birida:
Bir lahza koʼngul oʼlmadi begʼam zamonadin,
Toʼydi zamona mendinu men ham zamonadin, —
deb yozgan shoir doim feodal nizolarning, ichki ziddiyatlarning ichida yashagan, buning koʼp jabrini ham tortgan. Bir gʼazalida shoir gadoligʼni podsholikdan afzal koʼrib, quyidagi baytni bitgan ekan, bunda katta hayotiy haqiqat va samimiyat bor:
Base farogʼati bor, doʼstlar, gadoligʼning,
Balou mehnati koʼp asru podsholigʼning.
Shuning uchun biz, Ubaydiyning oʼsha murakkabliklar va ziddiyatlarga toʼla davrdagi faoliyatida amaldorlik va hukmdorlikka nisbatan maʼnaviy kamolotga, sheʼriyat va ijodga intilishi ustun boʼlgan, deb xulosa chiqarsak, xato qilmaymiz. Masalan, Ubaydiyning oʼz yigitlarini bir tuyugʼida bozordan yaxshi ot olish bilan cheklanmasdan, oʼzidan jamiyat tarixida yaxshi ot qoldirishga chaqirishida katta maʼno, axloqiy poklikka intilish belgilari yaqqol koʼzga tashlanadi:
Ey yigitlar, yaxshi-yaxshi ot oling,
Yaxshi otlar birla yaxshi ot oling.
Ubaydiy ruboiylarida ham umuminsoniy muammolar oʼzining yorqin ifodasini topgan.
Аdabiy merosiga bir yoqlama sinfiy munosabatda boʼlish hozirga qadar Ubaydiy ijodini oʼrganishga imkon bermadi. Endi biz bu noyob sheʼriy isteʼdod egasining uch tildagi asarlarini atroflicha va ixlos bilan oʼrganishga, targʼib etishga kirishmogʼimiz zarur.
«Shayboniynoma» - Muhammad Shayboniyga bag'ishlangan doston bo'lib, uning temuriylarga qarshi yurishlari asarda o'z ifodasini topgan. Doston 76 bob, 8902 misradan iborat. Dostonning 16 bobi an’anaviy muqaddimadan tarkib topgan. Unda Alloh hamdi, munojot, Muhammad payg'ambaiga bag'ishlangan na’t, so'z ta’rifi, Shayboniyxon aqlining, ilmining, faqri va sulukining, hilmining, Qur’on o'qurining, tab’ining, qilichining, jibasining, kkitob nazmining sababi va Mullo Abdurahimning ta’rifi kabilar o'rin olgan. Asarning asosiy voqealari 17-bobdan boshlanadi. Bu boblarda 1499-1500-yillarda Shayboniyxonning Turkistondan Samarqandga qo'shin tortib kelishi, Samarqandni bosib olish uchun dastlabki urinishlarining barbod bo'lishi va chekinishi, Buxoro viloyatining hokimi Boqi Tarxon va uning qo'shinini Dabusiya qo'ig'onida qamal qilib Buxoroni bosib olishi voqealaridan boshlab, 1506-yilda Xorazmni bosib olib g'alaba bilan Buxoroga qaytishigacha bo'lgan voqeylik tarixiylik tamoyili asosida badiiy ifoda etiladi.
Muhammad Solih o’zining “Shayboniynoma” asari bilan o’sha davrdagi hayotni real ifodalab bergan. Bu asarda u real shaxslarning obrazini, tarixiy joylarni, janglar va shaharlarni tasvirlagan. U asar tarixiy mavzuga bag’ishlangan va masnaviy shaklida yozilgan dastlabki asarlardandir. Bu esa adabiyotimiz tarixida tamoman yangilik edi. Shoir Shaybonixonning Samarqand, Buxoro, Qarshi, Xorazm viloyatlarni bosib olishdagi vaziyatini uning och qolgan aholini nihoyatda qiynashini aks ettira turib xon va sultonlarni qilgan jonbozliklarini yashirmay yozgan. Bir tomonlari ushbu asar realistik jangnoma poema hisoblanadi.
Toshkent hokimi Sulton Mahmud Xonikaxon mag‘lub etilganda, uning eng kichik qizi Shayboniyxonga tortiq etiladi. Muhammad Solih dostonning mana shu lavhalarida o'sha norasida pok qizchaning mubolag'aviy tasvirini keltiradi:
Dedilar: «Borchasidin zeboroq,
Husn ichra borchasidin ra’noroq.
Yosh bila dog‘i kichikroq boridin,
Baxt ila bori biyikroq boridin.
Bor emish xong‘a munosib mohi,
Ul sanamlar arosida shohi.
Sarv oning qomatidin sharmanda,
Zuffiga anbari sor banda.
Munfail ko'zlaridin ohuyi chin,
Ichi qon bog‘ladin g'amdin miskin.
Chin mo'g'ulchin ul erur olamda,
Yo‘qtur ul tavr bani odamda.
Na Xito mulkida andoq topilur,
Na Xo‘tan shahrida ul nav kelur.
Lo‘’bati chin degonning o‘zidur,
Surati chin degonning o'zidur»
Shoirning tasvir jarayonida mubolag'a badiiy san’atiga ko'proq murojaat etganligi yaqqol ko'zga tashlanadi. Ayni choqda o'sha qizchaning husn va «baxt»da yaktoligi «kichikroq» va «biyikroq» so'zlarini qarshilantirish bilan muayyanlashtirilgan. Keyingi baytlarda shoir muddaosini amalga oshirishda husni ta’lilga murojaat etiladi. Sanamlar orasida shoh bo'lgan bu qizning qomatidan sarvning qomati uyaladi. Uning shahlo ko'zlari oldida Chin ohusining ko'zlari xijolat chekadi. Ko'rinadiki, shoir yuksak badiiy salohiyat sohibi sifatida qahramonlar siymosini kitobxon ko'z o'ngida yorqin gavdalantirishga harakat qiladi.
«Shayboniynoma» o'zining sodda va ravon uslubda yozilganligi, o'ziga xos badiiyati bilan XVI asr o'zbek mumtoz adabiyotida yaratilgan adabiy asarlardan ajralib turadi. U o'z davri o'zbek adabiy tilining muhim yodgorligi bo'lishi bilan ham ahamiyatlidir. Asar ijodkori dunyoqarashining murakkabligi, tarixiy voqealar va tarixiy shaxslar tasvirida tarafkashlik, biryoqlamalik unsurlarining ko'pligidan qat’iy nazar, uning juda ko'plab lavhalari tarixiy haqiqatni tiklashga imkon yaratadi. Dostonning ayni jihatlari uning adabiy-tarixiy qimmatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, «Shayboniynoma» - tarixiy-jangnomaning mumtoz adabiyotimizdagi ilk namunasi bo'lishi bilan ham katta ma’naviy-badiiy ahamiyatga molikdir.
Shoir Boborahim Mashrab hayotiga doir shunchalar ko`p va bir-biriga zid ma`lumotlar ko`pligidan ularning aslini soxta ma`lumotlardan ajratish qiyin. Buning boisi xalq o`zi sevgan shoir haqida turli xil rivoyat va afsonalar to`qigani, turli xil manqaba va xalq kitoblaridagi ma`lumotlarni tarixiy deb qabul qilinganligidandir. Shoir Mashrab hayoti va ijodini o`rganish va uning tarjimayi holini to`la tiklash uchun dastlab o`z davrida yaratilgan manqaba va tazkiralarni o`rganib chiqish lozim bo`ladi. Dastlab «Devonayi Mashrab» (ayrim manbalarda «Shoh Mashrab») nomi bilan mashhar bo`lgan manqabani o`rganish lozim bo`ladi. Bu manbaning muallifi garchi aniq bo`lmasa-da, unda bayon qilingan voqealar asosan, Mashrabning yaqin zamondoshlari va muhiblari tomonidan bayon qilingani va tasdiqlangani uchun shoir tarjimayi holini tiklashda bu birlamchi manba bo`lishi shubhasizdir. Bundan tashqari bevosita shoirning hayotligida yaratilgan tazkiralar borki, bulardan birinchisi Muhammad Bade` maleho Samarqandiyning «Muzakkir al-ashob» asaridir. Asar muallifi Mashrab bilan ikki marta uchrashganini va dastlabki uchrashuv shoirning «navras»lik davrida ekanini yozadi. Ushbu tazkiradagi voqealarni «Qissayi Mashrab» voqealari bilan solishtirilsa, shoir hayotining noma`lum qirralari ochilishi mumkin. Yana bir e`tiborli manbalardan 10 biri Abdumutallib Xojayi Fahmiyning «Majmuayi Fahmiy» tazkirasi bo`lib, bu e`tiborli manba bo`lgani uchun ham Fitrat shoir tarjimayi holi voqealarini tiklashda unga bir necha bor murojaat qilgan. Tazkiralar orasida Mashrabning bevosita shogirdlaridan biri Ishoq Ziyovuddin Bog`istoniyning «Tazkirayi qalandaron» asari bo`lib, bunda manqaba yo`li bilan shoir mashrabga xos bir necha sifatlar ko`rsatilgan yana shu manbadan ma`lum bo`lishicha, «Qissayi Mashrab»ning bizgacha etib kelishida ham ushbu muallifning hissasi bor. Shu ishoradan kelib chiqib «Qissayi mashrab»ni ayrim olimlar Ishoq Bog`istoniyga, ayrimlari esa Pirmat Setoriyga nisbat berishadi. Keyinroq yaratilgan yana bir muhim manba Majzub Namangoniyning «Tazkiratu-l-avliyo» asari bo`lib, bunda Mashrabning keyingi davrlarda yashagan shogirdlarining shohidlariga tayangan holda muallif yangi ma`lumotlar beradi. Bundan tashqari ayrim olimlar Mashrab haqidagi tarixiy manba sifatida Abdushukur Ziyoning «Musavvadayi Abdushukur» asarini ham ko`rsatadilar. Mashrabning bevosita hayot voqealari aks etmagan bo`lsa ham u yashagan davr voqealari mana shu davr tarixchilari Sayyid Hakimxon to`raning «Muntahabu-t-tavorix», Mirza Olim munshiyning «Ansobu-s-salotin» nomli asarlarida ham aks etgandir. Bu tarixiy manbalarni ham «Qissayi Mashrab» bilan solishtirish natijasida ko`p zarur ilmiy haqiqatlarni anglash mumkin. Shoirning tavallud vaqti haqida turli xil fikrlar mavjud: Ko`plab sho`ro davrida tarqalgan manbalarda, jumladan, G`afur G`ulom, A.Hayitmetov va A.Abdug`afurov 1640 yilda tug`ilgan deb yozganlar. Bir necha olimlar Fitrat, V.Abdullaev, M.Zokirov 1657 yilda tug`ilganini manbalar asosida isbot qiladilar. Tadqiqotchi Jaloliddin Yusupov esa, 1653 yilda tug`ilgan degan xulosani beradi. Mashrabning tavallud o`rni haqida ham shunday bahsli fikrlar mavjud bo`lsa-da, prof. Fitrat birlamchi manbalar asosida Andijonda tug`ilganini va 14-15 yoshlarida Namanganga tahsil uchun ketganini yozadi. Fitrat boshlagan birlamchi manbalar asosida shoir hayoti va ijodini o`rganish davom etmoqda. Holbuki, Malehonning «Muzakkira-l-ashob», Majzubning «Tazkira qalandaron» asarlari ham shu fikrni tasdiqlaydi. Namanganli olim I.Abdullaev so`nggi maqolalarida Mashrab Namanganda tug`ilgan, degan da`voni takrorlab turibdi. Hozirga qadar Mashrab hayotiga oid shunday ma`lumotlar bor: Boborahim Mulla Vali o`g`li Andijonda qashshoq bir oilada 1657 yilda tug`ilgan, 15 yasharlikda Namanganga o`tib, Mulla Bozor Oxundning tarbiyasiga kirdi. 20-25 yoshlarida Samarqandga keldi, so`ngra yana Namanganga qaytdi. Namangandan Mulla Bozor Oxund dalolati bilan Qashg`arga borgan. Ofoq Xo`jaga murid bo`lgan. Umuman, Xitoy Turkistonida 8-10 yil o`lkalarni aylanib, 1691 yilda Samarqandga jo`nagan va yana Buxoroga qaytib, so`ngra Hindiston safariga chiqqan. Hindistondan yana O`rta Osiyoga qaytgan va Qarshi shahrida to`rt yil turgan. Qarshidan yana safarga chiqqan, bu safarning 3-4 yillarida Balxda Mahmudbiy Qatag`on tomonidan 1711 yilda o`ldirilgan (Qarang: Fitrat. Mashrab. «Ilmiy fikr» majmuasi, 1930. 1-son, 40-57 betlar. Qayta nashri: «Yosh leninchi» gazetasi, 1991, 29 iyun, 2-3 iyul) 11 Mashrabning asarlari ham asosan bizgacha manqabaga ko`ra bizga kelgan. Bundan tashqari «Boqirg`on kitobi» kitobi nomli majmuada shoir she`rlaridan namunalar keltirilgan. Shu bilan birga quyidagi tazkira va bayozlarda ham shoir she`rlaridan namunalar bor: Ziyovuddin Ishoq Bog`istoniy «Tazkirayi qalandaron» (Pirmat Setoriy iltimosi bilan yozilgan), «Kitobi Sadoiy», «majmuayi Xojam Poshsho» va boshqalar. Yuqorida tilga olingan manbalarda mualliflik masalasi degan muammo ham bor. Chunki «Qissayi Mashrab», tabiiyki, Mashrab tomonidan yozilmagan. Shunday ekan, muallif o`z nomidan ayrim baytlar aytib asarni to`ldirgani bo`lishi ehtimoli ayrim manbalarda tilga olinadi. Shuningdek, manqabaning turli nusxalaridagi she`rlar turlicha ko`chirilgani ham bu fikrni isbyuotlab turibdi. Hatto manqabada Mashrabdan boshqa taxalluslar ham uchraydi, ba`zi o`rinlarda esa, boshqa shoirlarning, jumladan, Turdining quyidagi she`rlari: Jism qolibdin nafas tori uzulmasdan burun, Boshingga davri qazo bazmi qurilmasdan burun, Xasta joning (Turdida «javon xon»ning) tark rahmatidin so`kilmasdan burun, Ey ko`ngul, kasi asosi tan buzulmasdan burun, Oqi abaru kursiyu dindin to`kulmasdan burun deb boshlagan 5 bandli musammas to`la holda Turdi majmusida 9 band holida bor. «Qissayi Mashrab» tarkibida Ranjiy, Ahmad Qori, Mahvash, Zayrak, Mansur kabi shoirlarning asarlari ham borligi ma`lum bo`lmoqda. Nechun aylay ayo do`stlarim janonimdin ayrildim Tiriklik boyasi ul munisi jonimdin ayrildim Mahvash bibining she`rlari ekani haqidagi ma`lumot Majzubning «Tazkiratushavliyo»sida ma`lumot bor. Tabiiyki, Mashrab taxallusli she`rlarning hammasi hali uniki emas, ayrim misralari ham shubhali. Ayniqsa, vazn buzilganlari Mashrabniki emas. «Qissa»dagi eng ishonchli she`rlarnigina o`rganganimizda Mashrabning chindan-da o`ta nozik iste`dod sohibi bo`lganini anglaymiz: To kiydi qizil o`zini zebo qiloyin deb O`t yoqdi jahon mulkina yag`mo qiloyin deb deb boshlanadigan g`azali yoki quyidagi mustazodi shoirning shunday yuksak iste`dod bilan yozilgan asarlaridan: Bul hasta vujudimni mani o`rtadi bir yo`l ul g`unchayi xondin Ul gul yuzini ishqida men valayu hayron ul zulfi parishon Mashrab she`rlarida «yig`i» timsoliga alohida ma`no berilgan Anlashimizcha, Mashrab hammani ham yig`lashga loyiq deb hisoblamaydi: Matlabim bor - narovo men yig`lamay kim yig`lasin, Dard beribdur bedavo men yig`lamay kim yig`lasin yoki onasi haqida yozganda: E safo baxshi bahoru bo`stonim qaydasan, Nuri diydam, mushfiqim oromi jonim qaydasan, 12 Volidam Makkam, Madinam mehribonim qaydasan kabi dardli misralarni tizgan. Mashrab she`rlarida Navoiy va Fuzuliydan ta`sirlanish hollarini ham kuzatish mumkin: Mashrab benavoduman, vasling uchun gadoduman, Hajr o`tig`a kuyadiman, yor jafosini ko`rung. Hay, hay, na go`zalsan, na ajoyib qiyomat Mani mavjudlig`im bazmi xarobat erdi san bilmong, Gunash qondir sarupoyim, karomat erdi san bilmong yoki Mani Majnunni bekor onglama, ey ahli g`aflat san, Ki kunda boshima yuz mingga ofat erdi, san bilmong (san bilmading) Albatta, xalqqa dardkash ravishda aytilgan bu misralar Mashrabning o`tli iste`dodidan darak beradi: Dili tig`i sitamdin pora bo`lgan xalqni ko`rdim, Tani dardu alamdin yora bo`lgan xalqni ko`rdim Kuzi vaqti sahar sayyora bo`lg`an xalqni ko`rdim Mashhur Lutfiyning: Sensen sevarim, xoh inon, xoh inonma deb boshlanadigan g`azaliga chiroyli nazira bog`laganini yoki Navoiyning Ohkim ul oshno begona bo`ldi oqibat deb boshlanuvchi g`azali ruhida Naylayin dil dardin, begona bo`ldim oqibat, Yuz g`amu hasrat bilan hamxona bo`ldim oqibat, Qildi bu charxi falak rasvoi davron oqibat, Boru yo`qim bo`ldi oxir erga yakson oqibat kabi she`rlarini ko`rish mumkin. Yoki Va`da qildi bir kelay deb, ko`zga uyqu kelmadi, Men shahidi ishq bo`ldim, qatrai so`z kelmadi kabi satrlarda insoniy ishqning fojeasi ham anglatilgan. Yana: Mashrab yurubon olam aro topmadim maqsud, Yuz shukurki, oning bilan ulfat bo`la qoldi kabi she`rlarni aytgan otashnafas shoir haqli ravishda Lutfiy, Navoiy va Fuzuliylar qatoridan o`rin olgusidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |