Bosh sahifa Kutubxona Boborahim Mashrab (1640-1711)
Boborahim Mashrab (1640-1711)
19.10.2015 04781 marta koʻrilgan.
Kirilda | Lotinda
Boborahim Mulla Vali (Valibobo) oʻgʻli Mashrab oʻz ijodi bilan oʻzbek adabiyotida xalqchillik, ijtimoiylik va dunyaviylikning chuqurlashuvida, jaholat va bidʼatta qarshi kurash gʻoyalarining kuchayishida, sheʼriyat shakllarining takomillashuvi hamda badiiyatning kamolga erishuvida katta oʻrin tutgan soʻz ustalaridan biridir.
Mashrab faqat otashzabon ijodkor sifatidagina emas, balki, ayni zamodda, adolatsizlik va zoʻravonlik, qabohat va jaholat bilan aslo kelisha olmaydigan dovyurak shaxs sifatida ham dong taratgan. Xalq tasavvurida u johil amaldorlar ustidan kuluvchi, axloqan tuban kishilarni, munofiq din arboblarini ayovsiz fosh qilib, mehnatkashlar manfaatini himoya etuvchi botirsoʻz, tadbirkor kurashchi tarzida shakllangan: oddiy xalq Mashrab timsolida oʻz ishonchli vakilini, oʻz orzu intilishlarini baralla ayta oluvchi otashin siymoni koʻrgan.
Boborahim Mashrab hayoti va ijod yoʻli haqida maʼlumot beruvchi tarixiy manbalar koʻp emas. Uning nomi XVIII–XIX asrlardatuzilgan ayrim tazkira va tasavvufiy yoʻnalishdagi asarlarda (Muhammad Bade Malehonning “Muzakkir ul-asʼhob”, “Tazkirai Fah-miy”, “Musavvai Abdushshukur Ziyo”, “Tazkirai avliyoi Majzub Namangoniy”) zikr etiladi. Ammo ularda shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida keltirilgan maʼlumotlar nihoyatda kam, uzuq-yuluq va biri-biriga zid. Mashrabning qoldirgan adabiy merosi xususida ham aniq maʼlumot beruvchi manba yoʻq. Uning oʻz asarlarini toʻplab devon yoki biror majmua tuzganligi maʼlum emas. Faqat “Devoni Mashrab”, “Devonai Mashrab”, “Eshoni Mashrab”, “Hazrati shoh Mashrab” nomlari ostida xalq orasida qoʻlyozma va toshbosma shaklida juda keng tarqalgan qissalardagina (ularning kim tomonidan va qachon tuzilganligi aniq belgilangan emas) shoirning hayot yoʻli va ijodiy faoliyati maʼlum tartib va izchilikda bayon etiladi, asarlaridan namunalar keltiriladi. Mashrab faoliyatining qator nuqtalari aniq va tarixan toʻgʻri qayd etilganidan qissaning birinchi nusxalari shoirni yaqindan bilgan va asarlaridan yaxshi xabardor shaxs tomondan, oʻsha davrlardayoq yaratilgan, deb taxmin etish mumkin. Ayni zamonda, u uzoq yillar davomida oʻzgartirish va tuzatishlarga duch kelgan, turli toʻqimalar, yangi-yangi rivoyat, naqllar, sarguzasht va latifanamo lavhalar bilan toʻldirila borilgan. Natijada qissalarda tarixiy Mashrab faoliyati xalq tasavvuridagi toʻqima Mashrab hamda u haqidagi sarguzasht – rivoyatlar bilan qorishibchatishib ketgan. Shunday boʻlsada, Mashrab haqidagi qissalar shoir hayot yoʻlini nisbatan toʻla va bosqichma-bosqich oʻzida jamlovchi adabiy tarixiy manba sifatida ilmiy ahamiyat kasb etadi.
Boborahim Mashrab 1640 yilda (hijriy hisob bilan 1050) Namanganda kambagʻal kosib boʻzchi Valibobo oilasida dunyoga keldi. Qissa maʼlumotlariga koʻra, Boborahim otadan yosh yetim qoladi, oilaning moddiy qiyinchiliklari yanada ortadi. Onasi ip yigirib tirikchilik oʻtkazadi. Qissada boʻlajak shoirning goʻdakligidanoq nihoyatda halol, ziyrak, toʻgʻrisoʻz boʻlganligi, hozirjavob va mushohadaligi bilan tengqurlaridan ajralib turishi alohida taʼkidlanadi. Har holda oʻz davri bilimdonlaridan, xususan din asoslari va falsafadan durustgina boxabar boʻlgani uchun Namanganning soʻfiy eshoni Mulla Bozor Oxund nomi bilan shuhrat qozongan Xoʻja Ubaydullo qoʻliga tahsil takmiliga topshirilgan. Boborahim maʼlum muddat Mulla Bozor Oxundda diniy taʼlimot va soʻfiy tariqatlari boʻyicha bilimini oshiradi, forsiy tilni oʻrganadi, ayni zamonda, Sharq sheʼriyatini, xususan, uning yirik vakillari merosini qiziqish bilan mutolaa qiladi.
Taxminan 1665 yillarda Mulla Bozor Oxund tavsiyasiga qoʻra oʻsha zamonda katta obroʻga ega boʻlgan yirik din arbobi koshgʻarlik Hidoyatullo Ofoq Xoja eshon huzuriga boradi. Boborahim koʻp bilimlar sohibi, fozil Ofoq Xojaga sidqididdan murid tushadi, uni oʻziga murshidi komil deb qabul qiladi va yetti yil uning dargohida xizmatini oʻtaydi, yumushlarini bajarib, saboq oladi, muridlari qatorida kun kechiradi. Qissalarda taʼkidlanishicha, sheʼriyatni yuksak qadrlagan Ofoq Xoja Boborahimning ijodiy iqtidorini yuqori baholaydi, hatto “Mashrab” taxallusini ham u tavsiya etadi. Mashrab gʻazallarining birida uchrovchi mana bu baytda ham xuddi shu mazmun ifodalangan:
Quddisa sirrihu Xojam otimni “Mashrab!” dedilar,
Koshgʻaru Yorkand ichida sohibi guftor oʻzim!
Shoir adabiy merosidagi diniy mazmun va tasavvufiy yoʻnalish ruhidagi sheʼrlarning koʻpchilik qismi Ofoq Xoja dargohida va uning targʻibot saboqlari taʼsirida yaratilgan desak, xato boʻlmas. Ofoq Xojaning shaxsiy xislat fazilatlarini madh etuvchi, uni “piru rahbar” deb tan oluvchi baytmisralarining tarkibida jamʼ etgan gʻazal va muxammaslar ham (“Koshki”, “Oʻzim” radifli gʻazallar, “Qolmadi” radifli muxammas) shu muridlik yillari mahsulidir.
Mashrab taxminan 1672–73 yillarda OfoqXoja dargohini tark etishga majbur boʻldi. Shoir hayot yoʻlini bayon etuvchi qissalarda qayd etilishicha, bunga Mashrabning piri dargohidagi kanizlarining biriga koʻngil qoʻygani, sevibsevilgani rasmiy sabab boʻlgan. Ammo Mashrabning ogʻir jismoniy jazolanib quvilishi zaminida pir bilan murid oʻrtasidagi jiddiy gʻoyaviy ziddiyatlar boʻlgan deyilsa haqiqatga muvofiq boʻladi.
Mashrab Koshgʻardan 1673 yilda Namanganga – onasi yoniga qaytadi. Kasalmand onasining vafotidan keyin hech kimi qolmagan shoirning qoʻnimsiz hayoti boshlanadi. Uning keyingi deyarli qirq yillik umri doimiy safarda, darbadarlikda, turli oʻlkalardamusofirliqdaoʻtdi. Turli adabiy tarixiy manbalar, shuningdek, kissa nusxalari Mashrab borgan shahar yurtlari, safar tartibi haqida xilma xil, koʻpincha biribiridan farkli maʼlumotlar beradi. Ularda shoirning Samarqand, Xoʻjand, Toshkent, Turkiston, Buxoro, Andijon, Badaxshon, shuningdek, Yaqin Sharqning qator oʻlkalariga borganligi haqida soʻzlanadi. Mashrabning adabiy merosida hayot yoʻlining qator nuqtalari jumlasida yuqorida sanalgan shaharoʻlkalarning koʻplari zikr etiladi. Mashrabning biror shahar-qishloqqa kelishi izsiz oʻtmas edi, maʼlum shov-shuvlarga sabab boʻlardi: oddiy xalq samimiyat va xursandchilik bilan, hokim, amaldorlar, riyokor kishilar esa hadiksirab, dushman koʻzi bilan sovuq qarshi olardilar. Mashrab qoʻnimsiz hayotining soʻngi nuqtasi Balhda ham xuddi shunday boʻldi: hokim tabaqa va bir guruh riyokorlar unga oʻzlarining ashaddiy dushmani deb qaradilar va jisman yoʻqotish niyatida boʻldilar. Natijada, “Tazkirai Fahmiy”da qayd etilganidek, “dar soli 1123 hijriy dar Qunduz bafatvoi ulamo va hukmi Mahmudbiy Qatogʻon shahid karda shuda”, yaʼni “1123 hijriy (1711 milodiy) yilida Qunduzda (Balx viloyatida) ulamolarning fatvosi va Mahmudbiy Qatogʻon (Balx, Qunduz hokimi)ning hukmi bilan shahid boʻldi”. Otashin shoir, dovyurak shaxs, jasur qalb sohibi Boborahim Mashrab osib oʻldirildi.
Boborahim Mashrab mumtoz adabiyotimiz buyuk namoyandalarining ilgʻor anʼanalarini oʻrganib yirik shoir boʻlib shakllandi, kamolga yetdi. U qoddirgan merosda, birinchi navbatda, ishqiy mavzudagi gʻazalmuxammaslardan ana shu anʼanalarning barakali taʼsirini aniq kuzatish mumkin. Masalan: Mashrab Lutfiyning mashhur:
Sen-san sevarim, xoh inon, xoh inonma,
Qondur jigarim, xoh inon, xoh inonma –
matlaini oʻzgartirmay kabul qilib, uni shu oʻynoqi vazn, shu qofiya va radif, shu ruhda davom ettiradi, buyuk ustoziga hurmat hamda sanʼatini tan olishi belgisi sifatida oʻxshatma gʻazal yaratadi.
Mashrabning ijodiy kamolotida, ayniqsa, Navoiy merosining ijobiy taʼsiri katta boʻldi. Shoirning eng yaxshi asarlarida biz Navoiy ijodiga xos falsafiylik va dunyosevarlikni koʻramiz, mazmunning hayotiyligi, xalqchilligini, vazn ravonligi va oʻynoqiligini qayd etamiz, mavzu tanlash va uni badiiy talqinida yaqinlik va oʻxshashlikni uchratamiz. Mashrab muxammaslaridan birida maʼshuqaning uchrashuv haqida oshiqqa vaʼda bergani, oshiqning tunlarni bedor oʻtkazib, intizorlik bilan vasl daqiqalarini kutishi toʻgʻrisida soʻz boradi. Ammo, maʼshuka vaʼdani buzadi, vafosizlik koʻrsatib uchrashuvga kelmaydi. Muxammas oshiqning ana shu holatdagi hayajonini, histuygʻularini, hijronda yorni kutishdagi nozik kechinmalarini yuksak badiiylik bilan nihoyatda jonli ifodalaydi:
Vaʼda qildi bir kelay deb, koʻzga uyqu kelmadi,
Telmurub yoʻlida qoldim, shoʻxi badxoʻ kelmadi,
Necha keldi shum raqiblar, ul pariroʻ kelmadi,
Dardidin oʻldim, tabib, dardimgʻa doru kelmadi,
Men shahidi ishq boʻldim, qatrai suv kelmadi.
Oʻn ikki band davomida mavzuni shu yuksak saviyada badiiy tahlil etuvchi bu muxammas Mashrab ijodiga Navoiyning barakali taʼsirini koʻrsatuvchi yaqqol misol boʻla oladi. Bunda ulugʻ shoirning: “Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulroʻ kelmadi” misrasi bilan boshlanuvchi mashhur gʻazalidan Mashrab ilhomlanganligi koʻzga ravshan tashlanadi.
Mashrab Navoiy merosidan lirikada jiddiy ijtimoiy mazmun ifodalashni, norozilik ohanglari va tanqidiy fikrlarni ishq-muhabbat mavzuidagi sheʼrlar jismiga “joylab yuborish” mahoratini ham oʻzlashtirdi, ijodiy rivojlantirdi.
Mashrab ijodidagi ijtimoiy mazmundorlik va kuchli tanqidiy yoʻnalish shoirning ilgʻor dunyoqarashi, xalqchil falsafasi, zamonasidagi salbiy voqea-hodisalarga aniq tanqidiy munosabatidan shakllangan. Qatiy aytish mumkinki, chuqur ijtimoiylik va kuchli tanqidiy munosabat Mashrabning umumijodiy faoliyatida ustivorlik qilgan hamda yaratgan koʻpdan-koʻp asarlarining asl fazilati darajasiga koʻtarilgan.
Shahar va qishloqlar ezilgan ommasining gʻamu hasratlarga toʻla kulfatli hayotini badiiy tasvirlash xalqchil shoir ijodida yetakchi mavzulardan biri boʻlgan. Doimo xalq ichida yurib, uning yashash sharoiti va orzu-intilishlaridan yaqindan xabardor boʻlgan Mashrab mashaqqatli hayotni haqqoniy badiiy lavhalarda mahorat bilan tasvirladi, nihoyatda sodda, ravon, ammo mazmunan zalvorli misralarda samimiy hamdardlik va yurakdan achinish tuygʻularini taʼsirchan ifodaladi. Sheʼrlaridan birida “Azaddin men dili gʻamgin xaloyiq xaylini sevdim!” deb yozgan shoir boshqa bir oʻrinda “Oʻzimdek xonavayronlarni koʻrsam zor yigʻlarman!” deya ezilgan ommaga toʻla xayrixoh ekanligani alohida taʼkidlaydi.
Mashrab sheʼriyatida “koʻzi yoshli”, “baxti qaro”, “dard axdi”ga, “gʻam xayli”ga hamdardlik, ular bilan hamdamlik gʻoyalari qayta-qayta takrorlanishi bejiz emas.
Mashrabning “Tanho” radifli muxammasida bevosita xalq va uning turmush sharoitini haqqoniy koʻrsatuvchi lavhalar chizilgan. Har bir oʻquvchi yuragini oʻrtovchi mana bu misralar shoir ijodining toʻla xalqchil mohiyatiga ishonchli dalildur:
Dili tigʻi sitamdin pora boʻlgan xalqni koʻrdim,
Tanu dardu alamdin yora boʻlgan xalqni koʻrdim,
Koʻzi vaqti sahar sayyora boʻlgan xalqni koʻrdim…
Boborahim Mashrab qoldirgan ijodiy merosda diniy va tasavvufiy gʻoyalar ham, oʻsha zamonda keng tarqalgan qalandarlik tariqatining ayrim ohanglari ham sezilarli oʻrin egallaydi. Shoir islomning asosiy nazariy qoidalarini shubhasiz qabul etadi. Ammo, ayni zamonda, islom taʼlimotining bir qator zohiriy belgilarini, birlamchi deb hisoblangan qonun-qoidalarini, shariatning ayrim koʻrsatma talablarini, farz sunnatlarini tan olmaslik va past nazar bilan qarash ham koʻzga tashlanadi, ayrim diniy rukn tushuncha va muqaddas deb bilingan marosim va odatlarga, talqin va aqidalarga shubha bilan qarash, hatto, ochiqdan-ochiq mensimaslik va masxaraomuz munosabat anchamuncha uchraydi.
Turli-tuman shakl va talqinlarda jilovlanuvchi bu dunyoqarashning butun mohiyat magʻzi shoirning quyidagi qatʼiy eʼtirofida nihoyatda yaqqol va loʻnda ifodalangan:
Bir Xudodin oʻzgasi barcha gʻalatdur, Mashrabo,
Gul agar boʻlmasa ilkimda tikonni na qilay?!
Ha, birgina qudratli Yaratuvchidan boshqa hamma-hammasi “gʻalat”, yaʼni xatodir, deydi shoir. Baytda Mashrab birinchi misra mazmunini ikkinchi misrada hayotiy va tasavvufiy ramz timsollar vositasida namoyon etadi.
Umuman tasavvuf taʼlimotida boʻlganidek, Mashrab ijodida ham, faqat Allohnigina tan olish, yakka ungagina chin muhabbat qoʻyish va uning vasliga talpinish jarayonida barcha “gʻalat”larni rad etish soʻfiy adabiyotda asrlar davomida qaror topgan ramz-timsollar, tushuncha-boralar (“Ishq”, “Muhabbat”, “Yor”, “Jonona”, “Gul”, “May”, “Boda”, “Visol” va boshqalar) vositasida amalga oshirilgan. Shoir sheʼrlarida bu mazmun qatiy keskin ruhda, baʼzan, hatto qoʻpol, dagʻal ohangda, ammo doimo ravshan ifodasini topgan: …Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak?! …Urayinmu boshima sakkiz behishtu doʻzaxin?! …Koʻrmasam bir dam Seni bayt ul-haramni naylayin?! …Ikki dunyodin koʻzum yumdum Sening zavqing bilan! …Meni devona Mashrabgʻa muhabbatdin bayon aylang…
Yuqorida aytilganlar toʻla nazarda tutilsagina, Mashrab ijodiy merosida koʻplab uchrovchi bu kabi xitob taʼkidlarning asl mazmuni, tasavvufiy mohiyati yuzaga chiqadi, faqat shundagina shoir falsafasi, kuzatayotgan bosh maqsadi toʻgʻri baholanadi.
Albatta Mashrab sheʼriyatining har bir namunasidan tasavvufiy mazmun va soʻfiy ramz timsollarni qidirish, har bir holatda maʼshuqa madhi va uning vasliga intilish zaminida Yaratuvchi madhi va unga sigʻinish, talpinishni tushunish xatodir.
Mashrab qoldirgan ijodiy merosda hayotiylik, tirik inson va uning insoniy kechinmalarini ifodalash, xislat fazilatlarini taʼriflash, orzu-umidlari, shodlik-quvonchlari va gʻam-tashvishlarini haqqoniy tasvirlash ham salmoqli oʻrin egallaydi. Bu mavzu asosan, hayotiy ishq-muhabbatni ulugʻlash, goʻzal yorni – maʼshuqa husnu latofatini taʼriflash, oshiqning sevgi-sadoqatini, yor vasliga intilishini ishonchli tasvirlash jarayonida tahlil etiladi.
Hayotiy ishq-muhabbat mavzui Mashrab ijodida Sharq sheʼriyatining gʻazal, mustazod, murabbaʼ va muxammas, shuningdek, musaddas va musabbaʼ turlarida ishlandi. Bu guruh asarlari asosida tashvish va lazzatlarga toʻla insoniy sevgi yotganligini koʻramiz. Shoir maʼshuqa siymosini chizar ekan, shunday badiiy mahorat namoyish etadiki, natijada lirik “men” koʻnglini zabt etgan yor oʻquvchi koʻzi oddida oʻzining butun ayollik latofati, nazokati, ichki hissiyoti, xulq-atvori, sharmu hayosi, nozu jilvasi, kiyinishi, yurish turishi bilan jonli gavdalanadi; oʻquvchi ham uni oshiq qatorida sevib qoladi, oʻzida ham qandaydir latif hissiyot joʻsh urayotganini, koʻnglida nozik kechinmalar tugʻyonga kelayotganini sezadi. Xuddi shuning uchun ham oʻquvchi oshiqning alam-iztirobiga, hijronda cheksiz qiynalayotganiga ishonadi, oshiq bilan hamkorlikda xayolga choʻmadi, ezgu orzularga beriladi, uning qaygʻusiga sherik boʻladi.
Chindan ham Mashrabning ishqiy lirikasi, uning barcha sheʼrlari kabi, hayotiy mavzui va joʻshqinligi, nihoyatda ravon va oʻynoqiligi, xalq qoʻshiqlari kabi sodda va samimiyligi bilan tinglovchilar qalbiga tezda yoʻl topa biladi, ularga badiiy zavq baxsh etadi. Shoir agar taʼbir joiz boʻlsa, asarlarining shu fazilatlari bilan sheʼriyatda Mashrabona uslub yaratdi. Aytilgan fazilatlar jumlasiga shoʻx vazn va jarangdor radifqofiyalar tanlash, xalq jonli tilidan oʻrinli va unumli foydalanish, har bir misraga surʼat va joʻshqinlik baxsh etish mahoratini ham kiritish joiz.
Mashrabning adabiy merosi toʻgʻrisida soʻz borganda uning mustazod va murabbaʼlari xususida alohida toʻxtash zarurati bor. Taʼkidlash lozimki, shoir oʻtmish sheʼriyatimizda eng koʻp va har jihatdan yetuk mustazod yaratgan ijodkor sifatida bu oʻynoqi va shoʻx lirik turning adabiyotimizda uzilkesil mustahkamlanishi va boyishiga katta hissa qoʻshdi. Mashrab mustazodlarida insoniy sevgi-muhabbatni kuyladi, shu zamin goʻzalini madh etdi, uning barkamol chiroyi va latofatini ulugʻladi, sadoqat va vafodorlikni chin ijobiy fazilatlar sifatida targʻib etdi.
Shoirning butun ijodiy faoliyatiga xos boʻlgan xalqona uslub va badiiy-tasviriy vositalar rang-barangligi uning murabbaʼ va muxammaslarida ham koʻzga ravshan tashlanadi. Ayniqsa, har bir bandi:
– Ey bod, yetkur, yora salomim!
– Yorga yetar kun bormu, yoronlar?! –
misralari bilan yakunlanuvchi romantik ruhda bitilgan murabbalari oʻz gʻoyaviybadiiy kamoloti jihatidan alohida ajralib turadi.
Mashrabning lirik shoir sifatida yuksak badiiy mahorati uning sakkiz band – ellik olti misradan tashkil topgan musabbasida ham butun fazilatlari bilan yuzaga chiqqan.
Vah-vah, na goʻzalsan, na ajoyib, na qiyomat!
Hay-hay, na jafo qilsa sanam – jonima rohat!
Bayt radifi har bandida takrorlanuvchi bu musabbani umuman oʻtmish sheʼriyatimizda yaratilgan bu tur asarlarining eng yetuk namunalari qatoriga kiritish mumkin. Mashrab koʻp boʻlmasada, fors tilida ham qalam tebratdi, qator gʻazal, muxammaslar yaratdi, “shiru shakar” (mulammaʼ) shaklida namunalar bitdi.
Koʻp asrlik adabiyotimiz tarixining eng yorqin namoyandalaridan biri boʻlgan Boborahim Mashrab ijodi sheʼriyatimizni koʻpdan-koʻp yetuk asarlar bilan boyitdi, uning keyingi rivojiga barakali taʼsir koʻrsatdi.
Tabiiy gʻurur bilan faxriya uslubida:
– Shuhrati sheʼr bobida, Mashrabo, moʻtabar oʻzum!
– Mashrabo, har bir soʻzingdur gavhari qimmatbaho! –
misralarini bitgan shoirning badiiy barkamol asarlari xalqimiz maʼnaviy mulkining muqaddas va moʻtabar bir qismiga aylangan.
“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.
Bizni Telegram'da ham kuzatib boring!
MAVZULAR:
MAʼNAVIYAT YULDUZLARI
OLDINGI SAHIFA
Elbek Jumanov. Xayolimni olgan parilar
KEYINGI SAHIFA
Fikr beruvchi asar
OʻXSHASH SAHIFALARBOSHQA SAHIFALAR
Xazarula
Navoiy bir kuni…
Alisher Navoiy zamondoshlari nigohida
MULOHAZA BILDIRISH
Mulohazalar:
Ismi sharifiingiz:*
Elektron pochtangiz:*
Saytingiz (agar bor boʻlsa):
@oriftolib sahifasiga obuna boʻlish@oriftolibuzb sahifasiga obuna boʻlishsaviya.uz saytiga oʻtish
Saytdan izlash...
SAYT BOʻLIMLARI
Ijod196
Nazm45
Nasr8
Tarjimalar138
Chop etilgan kitoblar1
Audio, video4
Jurnalistika286
Maqolalar259
Suhbatlar19
Munosabat8
Dars331
Davlat tilida ish yuritish5
Imlo96
Tadqiqot143
Tahrir51
Adabiyot saboqlari15
Mutolaa14
Mantiq7
Yangiliklar20
Kutubxona230
Muallif haqida2
KALIT SOʻZLAR
Adabiy-maʼrifiy suhbatlar Adabiy tahlil Aktyorlar bilan suhbat Alisher Navoiy Anvar Obidjon Bolalar uchun Vatan Davlatshoh Samarqandiy Jurnalistlar bilan suhbat Zayniddin Vosifiy Zamondoshlar ijodi Ibratli hikoyalar Ijtimoiy hayot Ilmiy-tahliliy maqolalar Islom Manzaralar Matbuotda chiqishlar Maxtumquli Mashhurlar hayoti Maʼnaviyat yulduzlari Men sevgan satrlar Mualliflik maqolalari Olislarga sayohat Platon Rassomlar bilan suhbat Sevgi-muhabbat Tafakkur bekati Tibbiyot Tomas Mann Uilyam Folkner Fikriy-falsafiy Xalq ogʻzaki ijodi Xondamir Xristofor Kolumb Shaxsiy tarbiya Sheʼrlar Shoir-yozuvchilar bilan suhbat Erix Mariya Remark Ertak Yangi sheʼrlar Qiziqarli maʼlumotlar Qissa Hajviyot Hikmat Hikoyalar
Bosh sahifa Muallif haqida Foydalanish qoidalari Bogʻlanish
Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdagi ijodiy ishlardan foydalanmoqchimisiz? Oldin qoidalar bilan tanishib chiqing.
Matnda xato koʻrsangiz, soʻzni belgilang. Ctrl+Enter bosib, toʻgʻrilash kiriting.
WWW.UZ
Do'stlaringiz bilan baham: |