Hisobchining ishga olinishi Mana bir necha yildan buyon tijoratimiz gullab-yashnayapti. Abdullohning karvoni dunyoning to‘r tarafiga qatnab tijorat qiladi. Asosan gazlama va mo‘yna sotiladi. Tijorat boshlanib to shu kungacha eng mohir ishchilar yig‘ildi. Savdo va boshqa ishlarga jami 300 kishi yollandi. Ularning orasida hisobchilar alohida tanlab olindi. Chunki agar hisobchi qing‘ir bo‘lsa, ishlar oldinga yurmaydi. Shu ishni boshqarishga Abdulloh rosa ikki yil deganda bir odam topdi. Uning bir shiori bor: “Ishga sekin, sinab olamiz, bo‘shatsak, norozi qilmaymiz va muddat beramiz”. Marvda (Xorazm) tijorat qilib turganimizda Abdulloh tez-tez bozorlarni aylanar, ishlab chiqarish, hunarmandchilik ishlari bilan tanishar va yangilik izlardi. U ishlab chiqaruvchilar bilan savdo faqat u orqali bo‘lishini kelishib olardi. U bu ishni narxlar ko‘tarilib ketmasligi va chayqovchilar oddiy xalqni qiynab qo‘ymasligi uchun qilardi.
Bir kuni u menga bir joyga o‘tib kelishimizni aytdi. Ko‘chirayotgan kitobimni to‘xtatib, unga ergashdim. Biz hunarmandlar bozoridagi bir do‘konga kirdik. U yerda 20 yoshlar atrofidagi bir yigit alohida daftarlarga bir nimalarni yozib o‘tirardi. Bizga qayrilib qaramadi ham. Abdulloh salom bergach, bizga e’tibor qildi. Hijolat bo‘lib, ishlarini to‘xtatdi-da, muzdek suv olib keldi. Abdullohga “ustoz”, deb murojaat qildi. Men taajjublanib turganimda Abdulloh gap boshladi.
-Bu yigitni men ikki yildan buyon kuzataman. O‘z ishini bilib qiladi. Mana shu do‘kon xo‘jayinining hisobchisi. Men do‘kon egasi bilan gaplashdim. Endi u biz bilan ishlaydi. Mana ikki oydan beri o‘ziga shogird tayyorlayapti. Shogirdi do‘kondagi ishlarni eplaydigan bo‘lib qoldi. Yaqinda biz bilan Iroqqa qaytadi. Keyin menga bir imlab qo‘ydi-da, o‘zi tashqariga chiqib ketdi. Bu ishonmasang, o‘zing bir ishini ko‘rgin degani edi. Undan ishi bilan tanishtirishini iltimos qildim. U menga bir necha daftar olib kelib ko‘rsatdi. Men shu vaqtgacha bu qadar aniq hisob-kitobli ishni ko‘rmagandim. Daftarlari alohida ishlar uchun tutilgan ekan. Bittasi faqat kirib kelayotgan pullar uchun, yana biri xarajatlar, yana biri qarzlar, tag‘in bittasi shartnomalar, bittasi rejalangan xarajatlar, bittasi sof foyda, bittasi bajarilgan ishlar uchun ekan. Yana bir necha daftarlari bor ediki, ularda narxlar yozilgan bo‘lib, har katakchasida o‘zgaruvchanlari, yangi va eski narxlari yozilgan edi. Azbaroyi qoyil qolganimdan uni kechki ovqatga taklif qilib keldim. Shomdan so‘ng u Abdullohning uyiga keldi. U bilan uzoq suhbatlashdik. Abdulloh unga savollar berdi, u odob bilan javob qaytarib turdi.
-Uying tinchmi?
-Allohga shukr, tinchmiz.
-Singlingning to‘yini qachon qilmoqchisan?
-Ozgina pul yig‘sam, kelasi yili ko‘klamga to‘y qilaman.
-Senga qancha pul kerak?
-2 dinor.
-Senga shu pulni ortig‘i bilan beraman. Singlingning to‘yini ertagayoq o‘tkazgin. Yaxshi ishlarni keyinga surish mo‘minning ishi emas. To‘y o‘tgach, biz bilan Iroqqa ketasan.
-Rahmat, sizdan Alloh rozi bo‘lsin.
-Xo‘jayiningga shogirding ma’qul keldimi?
-Ha, ishlar unchalik ko‘p emasku. Undan keyin yangi xodim mendan ancha yosh, tezda o‘rganib oldi. Eplab ketadi.
-Juda soz. Senga hozir Abdusalom pul beradi. To‘yga hozirlik ko‘r. To‘y o‘tgach, siyoh, qalam, daftarlardan keragicha olib ol. Bu yerlarda ancha arzon bo‘ladi.
-Xo‘p bo‘ladi. Kechki taomdan so‘ng u hovliga chiqdi. Darvoqe uning ismi Sodiq ekan. Men 2 dinor olib chiqayotgan edim Abdulloh to‘xtatdi va 5 dinor berishimni aytdi. “Axir bu juda ko‘pku”, deganimda “U o‘z ehtiyojidan kelib chiqib pul so‘radi, men o‘z ehtiyojimdan kelib chiqib pul beryapman”, dedi.
Oradan uch kun o‘tib biz yangi hisobchi bilan Iroqqa qarab yo‘lga chiqdik. Lekin men uchun hamon Abdulloh uni qanday topgani jumboq edi. Oxiri undan bu haqda so‘radim.
-Men uni ikki yildan beri kuzataman. Aslida uni o‘sha do‘konchiga men ishga joylagandim. Uning harakatlari ma’qul kelgani uchun.
Bir kuni bir do‘konga kirdim. U yerda bir necha kishi ovora bo‘lib o‘tirgan ekan. Sababini so‘rasam, hisob-kitoblar aralashib ketayotganini aytishdi. Do‘konchi bilan tanishligim uchun ishni kuzatib turdim. Bir payt shu yigitcha keldi. U do‘kon egasini so‘radi. Aytishicha, u turli tijoratchilarga yollanib, hisob-kitoblarini qilib berarkan. Ushbu do‘konchiga ham hisobchi kerakligini aytibdi bir tanishi. Do‘konchi do‘stim uni ichkariga chaqirdi. Yigitcha puxta ekani sezilib turardi.
-Assalomu alaykum, - dedi u odob bilan. Alik olingach gapida davom etdi. – Sizga hisobchi kerak ekan. Bir tanishim tavsiya qilgandi. Ishingiz bilan tanishtirsangiz.
-Albatta, qani omborga o‘taylik, - dedi tojir do‘stim. Ular omborxonada to peshingcha ishlar bilan tanishdi. Nihoyat peshinni o‘qib bo‘lganimizdan keyin uni ishga qabul qilishini bildirdi.
-Bu yigit menga ishlarimni bir haftada tartibga keltirib berishga vada berdi, - dedi do‘stim. Men qiziqib qoldim. Chunki uning tijorati menikidek katta edi. Shunchalik katta tijorat ishini bir haftada tartibga tushiradigan odam menga juda kerak edi.
Shu-shu bir hafta uning ishini kuzatdim. Muddat yaqinlashganda u 7 dona daftar bilan do‘stimning oldida turardi. U har bir ishni o‘ta aniqlik bilan alohida qilib yozib chiqqandiki, do‘stim qoyil qolganidan ikki baravar to‘lashini aytib yubordi. Asli shu yigitni tavsiya qilgan men edim. Menligimni aytmasligini tayinlagandim. Xullas uning mohirligiga ishondim. Ammo yana sinash kerak edi. Uni ikki yil obdon o‘rgandim. U shu ikki yil ichida do‘stimning tijoratdagi foydasini yigirma barobar oshirib berdi. Uning halolligiga qoyil qolganman. Meni eng lol qoldirgan joyini senga aytaman. Aynan shu sababli uni ishga olyapman.
Xullas bir hafta burun bu yerga kelganimizda, o‘sha tijoratchi do‘stim kelgandi. U bilan uzoq suhbatlashdik. Sodiq haqida antiqa bir voqea aytib berdi. U Sodiqqa maosh beribdi. U esa bir qismini unga qaytaribdi. Ajablanib turganini ko‘rgan do‘stimga:
-Ajablanmang, - deya gapida davom etibdi. – Men maoshni to‘liq ololmayman, chunki bu oy boshqa tojirlarning ham ishini sizning korxonangizda o‘tirib bajardim. To‘g‘ri sizning ishingiz ham har doimgidek bitdi, ammo ularning ishlarini sizning ishxonangizda va ish vaqtiga ajratilgan soatlarda bajardim. Iltimos mendan rozi bo‘ling.
Do‘stim rosa xayron bo‘lib qolibdi. Nima qilarini bilmasdan menga aytdi. Ammo Sodiqni qattiq hurmat qila boshlabdi. Agar iloji bo‘lsa, u bilan bir umr ishlamoqchiligini aytdi. Men unga haqiqatni aytdim. U biroz o‘ylanib qoldi, ammo rozi bo‘ldi. Sen nega hisobchini uning oldiga jo‘natganimini bilasanmi?
-Yo‘q, - dedim qisqa qilib.
Chunki do‘stimning talabchanligi ortida uncha – buncha odam ishlolmasdi. Agar shu yigit ishlab ketolsa, men bilan bemalol katta – katta ishlarni qila olishiga ishondim. Do‘stim ishchilarini mavsum payti tong otgandan kun botguncha ishlatadi. Ammo haqqini ortig‘i bilan beradi. Bu atrofda uningdek ko‘p haq to‘laydigan odam yo‘q. Ammo uningdek ko‘p ishlatadigan odam ham yo‘q. Uning bosimiga chidagan har qanday ishchi, dunyoning istalgan burchagida o‘ziga ish topib keta oladi. Agar unga raqobat qilib ishlashni eplsang, dunyoning har qanday burchagidagi ulkan tojirlar bilan osongina raqobatlasha olasan. Senga bir voqeani aytib beray.
Ikki yil oldin u boshqa mamlakatdan yaxshi sopol idishlar olib kelardi. Bir kuni o‘zi ishlab chiqara boshladi. Keyin shu atrofdagi bozorlarda sopol buyumlar narxi tushib ketdi. Qolgan savdogarlar endi undan ola boshladi. Nega bunday qilganini so‘radim. Javobi juda ajoyib bo‘ldi.
-Men sopol buyum oladigan savdogardan bir safar faqat men uchun katta miqdorda sopol buyumlar yasab bera oladimi, yo‘qmi so‘radim. U mijozlari ko‘pligini, hatto ulgurmay qolayotganini aytdi. O‘n kunga borgandim Shomga. Ammo shu bilan uch oy qolib ketdim. Obdon sopolga ishlov berish sirlarini o‘rgandim. Uning sirlarini o‘rganish uchun hatto sarmoyamdan ham pul tikdim. Nihoyat o‘rganib olgach, Marvga qaytib kelib yasay boshladim. Mana ko‘rib turibsan odamlar xursand. Chunki ular yarim bahosida sotib olyapti mahsulotlarni.
Mana Abdusalom shuning uchun ham Sodiqni uning olidga jo‘natgandim. Birinchidan u savdo sirini o‘rganadi, ikkinchidan obdon pishadi. O‘ylaganimdek bo‘ldi. Qani shomni o‘qib olaylikchi. Namozdan so‘ng Abdulloh bizga hadis rivoyat qildi. Fiqhdan masalalar aytdi. Huftonni o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng chodirga dam olish uchun kirdik. Mening uyqum qochdi. Bir vaqtlar Abdullohning gazlama va mo‘yna ishlab chiqaruvchilarni qanday topgani yodimga tushdi...