Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga so‘nggi 2 yilda jami 97 ta tovar guruhlari bo‘yicha import umuman to‘xtatilgan (shaxta vagonetkalari, vakkum nasoslar, ko‘tarma kranlar, payvandlash elektrodlari, olovga va kislotaga chidamli materiallarning ba'zi turlari, sendvich panellar, sun'iy sintetik gazonlar, shisha ilish va bankalar, kraxmal, non maxsulotlari uchun achitqilar va boshqalar). Bundan tashqari, 306 ta pozitsiya bo‘yicha import hajmi 2 barobardan ortiq qisqartirilgan. Shu jumladan, televizorlar, konditsionerlar, muzlatgichlar, changyutgichlar, avtomobil filtrlari, radiatorlar va hokazo.
Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hisobiga mahalliy ichki bozordan sotib olish hajmlari kengaytirmoqda. Buning natijasida, 2015-yilda iqtisodiyotning asosiy tarmoq korxonalarining ishlab chiqarish faoliyati uchun import hajmining 9,5 foizga yoki 440,6 mln.dollarga qisqartirilishi ta'minlangan.
Mahalliylashtirish dasturini samarali amalga oshirishda dunyoning yetakchi xorijiy kompaniyalari va investorlarini jalb etish katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Samarqand viloyatidagi og‘ir yuk mashinalari ishlab chiqaruvchi «MAN» kompaniyasi, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi «CLASS» va «Lemken» kompaniyalari, maishiy texnika ishlab chiqaruvchi «Toshiba», «Candy», «LG» va «SAMSUNG» korxonalari shular jumlasidandir.
Ichki talabni rag‘batlantirish, tarmoqlararo va tarmoqlar ichida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, hamda qo‘shimcha tender o‘tkazmasdan mahalliy mahsulotlarni sotib olish imkoniyati ushbu yo‘nalishning rivojlanishiga zamin yaratmoqda. O‘tgan yilgi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi natijasiga ko‘ra, 2016-yilda umumiy hisobda 11,9 trln.so‘mlik mahsulot yetkazib berish yuzasidan 13,3 mingta shartnomalar tuzilgan, bu esa undan oldingi yarmarkaga nisbatan 38 foizga o‘sganligini ko‘rsatadi. Shundan, 2,1 trln.so‘mi avval import qilingan tovarlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar bo‘lib, 2016-yilda iqtisodiyotning asosiy tarmoq korxonalarining ishlab-chiqarish faoliyati uchun import hajmini 637,5 mln.dollarga qisqartirilishini ta'minlaydi.
So‘nggi yillarda ichki bozorni mahsulotlar bilan boyitish qatorida, mahalliylashtirilgan mahsulotlarni tashqi bozorga yetkazish nomenklaturasi xajmi va tendensiyalari sezilarli darajada oshmoqda. Xususan 2015-yilda 52 turdagi yangi mahsulotlar 25,1 mln.dollarga eksport qilingan. Jumladan, bir va ikki kamerali kir yuvish mashinalari, energiyani tejovchi svetodiodli lampalar, meditsina oynasi trubkalari, ishlov berilgan rezina profillar, kosmetik vositlar va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |