2.3. Sanoat korxonalarida ishlab chiqarishning iqtisodiyoti.
2016-yil 25-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida «Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish - iqtisodiy o‘sish va iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o‘zgartirishning eng muhim omillari» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida ta'kidlanishicha, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish zaminimizdagi boy mineral xomashyo va o‘simlik dunyosi resurslarini chuqur qayta ishlashni bosqichma-bosqich oshirib borish, shuningdek, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi va turini kengaytirishdagi ichki imkoniyat va zaxiralarimizni ishga solishning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Mahalliylashtirish dasturi, O‘zbekiston Respublikasida 15 yil mobaynida amalga oshirilib kelinmoqda va 2000-yildan buyon mahalliy loyihalar hisobiga ishlab chiqarilgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmi 220 barobardan ortiq oshgan.
Faqatgina 2015-yil davomida 696 mahalliylashtirish loyihalari doirasida ishlab chiqarish hajmi 4 trln.so‘mni, import o‘rnini qoplash samaradorligi esa 1,5 mlrd.dollarni tashkil etgan. O‘tgan yil mobaynida, neft va kimyo asbob uskunalari, transformator podstansiyalari, shaxta uskunalari, kompressor agregatlari ehtiyot qismlari, gidravlik uskunalar uchun suyuqliklar, svetodiod yoritgichlar, sport trenajyor anjomlari va boshqa turdagi ichki va tashqi bozorda yuqori talabga ega bo‘lgan 820 xil turdagi mahsulotlar o‘zlashtirilgan.
Mahalliylashtirilgan mahsulotlar narxi import qilinayotgan o‘xshash mahsulotlar narxidan sezilarli darajada arzon. Bu, o‘z navbatida, ichki talabni rag‘batlantirmoqda va bozorni sifatli mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirilishiga zamin yaratmoqda.
Mahalliylashtirish dasturi loyihalari mahalliylashtirish darajasini bosqichma-bosqich chuqurlashtirib borish tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Misol uchun, agar 2014-yilgacha suyuq kristalli televizorlarni ishlab chiqarish yirik bloklarni yig‘ish asosida ishlab chiqarilib, mahalliylashtirish darajasi 35 foizgacha bo‘lgan bo‘lsa, 2015 yilda integral plata, ustki korpus va ehtiyot qismlari, simlar, distansion boshqarish pultlari va boshqa komponentlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hisobiga mahalliylashtirish darajasi 40 foizga yetkazilgan. Keyingi yilda suyuq kristall panellarni mahalliy quvvatlarni o‘zlashtirish hisobiga zamonaviy televizorlar ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasi 50 foizgacha yetkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |