3. Investitsion loyiha variantlarini ishlab chiqish Odatda, barcha investitsiya loyihalari ham bir xil ko’rsatkichlarga ega bo’lavermaydi. Ayrim ko’rsatkichlar bir loyihada yuqori ijobiy bo’lsa, boshqa loyihada esa aksincha bo’lishi mumkin va yana bir ayrim ko’rsatkichlari esa bir loyihada boshqa loyihadagiga nisbatan pastroq miqdorga ega bo’lishi mumkin. Bir sohaga xos bo’lgan loyihalarning bunday (o’zaro ziddiyatli) ma’lumotlarga ega bo’lishi, ular o’rtasidagi raqobatni vujudga keltiradi. Investitsiya qarorlarini qabul qilish, ayniqsa, raqobatli investitsiyalar sharoitida birmuncha qiyin vaziyatlarni keltirib chiqaradi.
Investitsiya loyihalari o’rtasidagi raqobat kurashining vujudga kelishi, odatda, quyidagi sabablarga asoslanadi:
Investitsiyalarning eng qisqa fursatda (tez) qoplanishi va yuqori foyda keltirishi.
Investorning kapital byudjeti cheklanganligi.
Investitsiyalar u yoki bu natijalarga erishish yoki muayyan turdagi cheklangan resurslardan foydalanishning muqobil imkoniyatlari ta’minlangan hollarda o’zaro ziddiyatli investitsiyalar hisoblanadi va raqobatlashuvchi investitsiyalar deb ataladi. Muqobil (o’zaro ziddiyatli) investitsiyalarni taqqoslash esa ular ichidan eng yuqori samaralisini aniqlashga va uni ko’zlangan maqsad yo’lida moliyalashtirishga imkon beradi. Muqobil loyihalarni o’zaro taqqoslashda, eng avvalo:
yangi texnika yoki progressiv texnologiya bo’yicha bajariladigan ish (xizmat) hajmiga;
ishlab chiqarish va mahsulotni iste’mol qilishning ijtimoiy omillariga (atrofmuhitga ta’sirini ham hisobga olgan holda);
moliyaviy ko’rsatkichlarga (baho darajasi, inflyatsiya va kredit uchun foiz stavkalari darajalari va shu kabilar) e’tiborni qaratish lozim.
Investitsiyalarning muqobil variantlarini ishlab chiqish ularning samaradorligini oshirish imkonini beradi. Muqobil loyihalar ichida afzali deb topilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish investor xarajatlarini samarali tashkil etish, investitsiya xarajatlarining tezroq qoplanishi va yuqori foyda olish imkonini ta’minlaydi. Investitsiya loyihasining hayotiylik davri ancha uzoq bo’lgan davrda investitsiya xarajatlarining qisqa vaqt ichida to’liq qoplanishi qolgan davr mobaynida loyihadan katta foyda olishga imkon beradi va investitsiyalarning yuqori samaradorligini ta’minlaydi.
Amaliyotda shunday holatlar ham yuz beradiki, bunday paytlarda investitsiyalashning qaysi variantlarini qabul qilish masalasi jiddiy muammoga aylanishi mumkin. Masalan, transport kompaniyasi foydalanilgan, lekin, yana 3-4 yil xizmat qilishi mumkin bo’lgan yuk tashish mashinasini yoki xizmat muddati 8-10 yil bo’lgan yangi yuk tashish mashinasini sotib olishi mumkin. Bunday paytda kompaniya investitsiyalashning qaysi varianti afzal ekanligini aniqlash uchun ularni qanday taqqoslash lozimligi muhim vazifa hisoblanadi.
Investitsiya loyihalarining samaradorligi yuqori ko’rsatkichlar asosida ishlab chiqilgan reja (bashorat)larning haqiqiy bajarilishiga bog’liq bo’ladi. Bu bashoratlarning hammasi yuqori sifatli, xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarishga va yuqori foyda asosida sotishga qaratilgan bo’ladi. Lekin, loyihalarning texnologik tarkibi (ishlab chiqarish jarayonining murakkabligi va uzoq davom etishi), loyiha quvvatining bosqichma-bosqich o’zlashtirilishi va mahsulotni sotish jarayoni kabilarning loyiha samaradorligiga jiddiy ta’sir ko’rsatishini hisobga olish zarur.
Odatda, ob’ektni ishga tushirishning birinchi bosqichining o’zidayoq to’liq loyiha quvvatiga erishishni rejalashtirilgan investitsiya loyihalarining aksariyat qismi noreal hisoblanadi. Sababi, turli xil texnologik, ishlab chiqarish va tijorat qiyinchiliklari oqibatida (sotish hajmining tushib ketishi, xom ashyo va ishchi kuchi ta’minotidagi nomuvofiqliklar va shu kabilar) loyihalar ishlab chiqilgan rejalariga mos kelmay qolishligi mumkin. Ayniqsa, bunday holat loyiha quvvatining birinchi yilining o’zidayoq to’liq o’zlashtirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalarida kuzatilishi mumkin. Chunki,, aksariyat hollarda, mahsulotni ishlab chiqarish va sotish ishlarida ayrim muammolar yuzaga kelishi mumkin. Shu sababdan loyiha rejasini ishlab chiqishda uni loyihaning to’liq quvvatiga erishishini investitsiya ob’ektini ishga tushirgan vaqtning uchinchi-to’rtinchi yillariga kelib, yirik va murakkab loyihalarda esa 4-7 yillar ichida o’zlashtirishga moslashtirishga harakat qilinadi. Odatda, bunday rejalashtirish soha, loyiha xususiyatlaridan, ishlab chiqarishning turlaridan, bozor holatidan kelib chiqib amalga oshiriladi va mahsulotning uzluksiz va maksimum imkoniyatlar bilan sotilishiga qaratilgan bo’ladi. Loyihalardagi bu va boshqa jihatlar ular ichidan eng samaralisini tanlashda ziddiyatli holatlarni keltirib chiqarishi sababli to’g’ri qaror qabul qilish muammosi har doim dolzarb masala hisoblanadi.
Amaliyotda shunday hollar ham uchraydiki, ayrim mashhur yirik kompaniyalar
bir vaqtning o’zida bir necha xil loyihalarni moliyalashtirish imkoniga ega bo’ladilar. Bunday paytda ushbu kompaniya bir qancha investitsiya loyihalarini ko’rib chiqish va tanlashga qabul qiladi. Bunda kompaniya ularning eng samaralilarini tanlab oladilar. Tanlab olingan investitsiya loyihalarining qiymati esa o’zining kapital byudjetiga (moliyalashtirish imkoniyatiga) mos qilib olinadi va ularni amalga oshirishdan ko’radigan foydani hisoblaydi.
Loyiha maqsadlari uni moliyalashtiruvchi tashkilotning operativ vazifalarini aks ettiradi. Masalan, transport sohasi bo’yicha loyiha maqsadi transport qatnovi samaradorligini ta’minlash, sanoat loyihasining maqsadi esa ma’lum turdagi mahsulot ishlab chiqarish xajmini oshirish bo’lishi mumkin.
Muqobil variantlarni ko’rib chiqish loyihani tayyorlash va uni ishlab chiqishning muhim qismi hisoblanadi. Texnik, muqobil variantlar (ya’ni yoqilg’i uchun yo ko’mir yoki gazni qo’llash, temir yo’lni uzaytirish yoki yangi avtomobil shossesini qurish)ni bir-biri bilan taqqoslash va eng maqbulini tanlab olish kerak. Agar hamma variantlar miqdor va sifat jixatdan bir xil natija bersa, ham investitsiya, ham ekspluatatsiya xarajatlarini hisobga olganda eng kam xarajat talab etiladigan loyiha tanlanadi.
Loyiha bilan va loyihasiz vaziyatlarni solishtirish loyihani amalga oshirish natijasida olinadigan qo’shimcha va o’sgan daromadlarni hisoblashning asosiy uslubidir. Loyihasiz vaziyatlarni istiqbolga baholashda xarajatlarning taxmin qilinayotgan o’suvi yoki daromadlarning pasayishiga nisbatan reaksiyani hisobga olish kerak. Bu loyihani amalga oshirish yuzaga keltiradigan o’zgarishlarni to’liq aks ettirish imkonini beradi.
4. Loyihaning hayotiylik sikli: investitsiya oldi, investitsion, ekspluatatsiya fazasi, likvidatsiya fazasi. Investitsiyalarni loyihalash jarayonlari va investitsiya oldi izlanishlari Ishlab chiqarish yo’nalishidagi investitsiya loyihasini tayyorlash va hayotga tadbiq etish uzoq vaqt davomida amalga oshiriladi. Bunda investitsiya loyihasi g’oyadan, to moddiy yuzaga chiqishgacha bo’lgan jarayonni bosib o’tishi kerak. Har qanday loyiha agar u amalga oshirilmasa, unchalik ahamiyatga ega bo’lmay qoladi (ahamiyati, samarasi real hayotda bilinadi).
Rejali iqtisodiyot davrida kapital qo’yilmalar ob’ekti qurilib, ishga tushirilsa, u tugallangan hisoblanar edi. Lekin, bozor munosabatlari sharoitida loyihani amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan umumiy xarajatlar va loyiha amalga oshirilishidan keladigan daromadga katta e’tibor beriladi.
Loyihani amalga oshirish bir qancha tadbirlarni amalga oshirishni taqazo etadi. Masalan: loyihani texnik iqtisodiy asoslash va ishchi loyihani ishlab chiqish, shartnomalar tuzish, loyihani moliyalashtirishni tashkil etish, resurslar ta’minoti, ob’ektni qurish va uni ekspluatatsiyaga topshirish va boshqalar.
Loyihani amalga oshirish jarayonida unga tuzatishlar kiritish birmuncha qiyinroqdir. Biroq, TIAni ishlab chiqishda buning imkoni mavjud. Masalan, tanlangan joy, qurilgan bino, olingan texnologiya, yetarlicha o’rganilmagan holda bozorga chiqish kabilar. TIA loyihaning umumiy sxemasini aks ettiradi, ifodalaydi.
Umuman olganda, loyihani amalga oshirish va uni tugatish oralig’idagi davr investitsiya jarayoni deb ataladi. Investitsiya (sikli) jarayonini 4 ta bosqichga (fazaga) bo’lish mumkin va ularning har birining o’z maqsad va vazifalari bor: