Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi jamiyat boshqaruvining oliy organi hisoblanadi.
Jamiyatning ustavida jamiyatning kuzatuv kengashini tuzish nazarda tutilishi mumkin.
Jamiyatning joriy faoliyatiga rahbarlik qilish jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi tomonidan yoki jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi tomonidan amalga oshiriladi. Jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishiga va, agar tuzilishi jamiyatning ustavida nazarda tutilgan bo‘lsa, jamiyatning kuzatuv kengashiga hisobdordir.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining vakolatlari jamiyatning ustaviga muvofiq belgilanadi. Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining mutlaq vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
jamiyat faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek tijorat tashkilotlarining boshqa birlashmalarida ishtirok etish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdorini o‘zgartirish;
ta’sis hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish;
jamiyatning ijro etuvchi organlarini tuzish va ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;
jamiyatning taftish komissiyasini (taftishchisini) saylash va uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;
agar jamiyatning ustavida kuzatuv kengashini tuzish nazarda tutilgan bo‘lsa, uni saylash va uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;
yillik hisobotlarni va yillik buxgalteriya balanslarini tasdiqlash;
jamiyatning sof foydasini jamiyat ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilish;
jamiyat organlarining faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlash (qabul qilish);
jamiyat tomonidan obligatsiyalarni joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
auditorlik tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish, auditorlik tashkilotlari hamda ularning xizmatlariga to‘lanadigan haqning eng ko‘p miqdorini aniqlash;
boshqa yuridik shaxslarni, vakolatxonalar va filiallarni tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
jamiyatni qayta tashkil etish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
tugatuvchini tayinlash va tugatish balanslarini tasdiqlash;
boshqa masalalarni hal qilish.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining mutlaq vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar, uning tomonidan jamiyatning kuzatuv kengashi hal etishi uchun, shuningdek jamiyatning ijro etuvchi organi hal etishi uchun topshirilishi mumkin emas.
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdagi umumiy yig‘ilishi jamiyatning ustavida belgilangan muddatlarda, lekin yiliga kamida bir marta o‘tkaziladi. Jamiyat ishtirokchilarining navbatdagi umumiy yig‘ilishi jamiyatning ijro etuvchi organi tomonidan chaqiriladi.
Jamiyatning ustavida jamiyat faoliyatining yillik natijalari tasdiqlanadigan jamiyat ishtirokchilarining navbatdagi umumiy yig‘ilishini o‘tkazish muddati belgilanishi kerak. Jamiyat ishtirokchilarining mazkur umumiy yig‘ilishi moliya yili tugaganidan keyin kechi bilan olti oy ichida o‘tkazilishi kerak.
Jamiyat ishtirokchilarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi jamiyatning ustavida belgilangan hollarda, shuningdek, agar bunday umumiy yig‘ilishni o‘tkazishni jamiyatning va uning ishtirokchilarining manfaatlari taqozo etsa, boshqa hollarda ham o‘tkaziladi.