Jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi:
jamiyat nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi, shu jumladan uning manfaatlarini ifodalaydi va bitimlar tuzadi;
jamiyat nomidan vakillik qilish huquqi uchun ishonchnomalar beradi;
jamiyat xodimlari bilan mehnat shartnomalari tuzadi va ularni bekor qiladi, xodimlarga nisbatan rag‘batlantirish choralarini va intizomiy jazolarni qo‘llaydi;
jamiyatning ustavi bilan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi va jamiyatning kuzatuv kengashi vakolatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining faoliyati va uning tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi jamiyatning hujjatlari bilan, shuningdek jamiyat va uning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxs o‘rtasida tuzilgan shartnoma bilan belgilanadi.
Agar jamiyatning ustavida jamiyatning kollegial ijro etuvchi organini (boshqaruvi, direksiyasi va boshqalarni) tuzish nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday organ jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi tomonidan jamiyat ustavida belgilangan miqdorda va muddatga saylanadi.
Jamiyatning kollegial ijro etuvchi organining a’zosi etib faqat jismoniy shaxs saylanadi, u jamiyatning ishtirokchisi bo‘lmasligi mumkin.
Jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi jamiyatning ustavi bilan o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan vakolatlarni amalga oshiradi.
Jamiyatning kollegial ijro etuvchi organining raisi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi tomonidan saylanadi.
Jamiyatning kollegial ijro etuvchi organining faoliyati va uning tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi jamiyatning hujjatlari bilan belgilanadi.
Jamiyatning kollegial ijro etuvchi organining a’zosi ovoz berish huquqini o‘zga shaxslarga, shu jumladan jamiyatning kollegial ijro etuvchi organining boshqa a’zolariga berishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishi tomonidan jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga ko‘ra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror to‘g‘risida bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan e’tiboran ikki oy ichida berilishi mumkin. Agar jamiyat ishtirokchisi shikoyatga sabab bo‘lgan qarorni qabul qilgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishida ishtirok etgan bo‘lsa, mazkur ariza shunday qaror qabul qilingan kundan e’tiboran ikki oy ichida berilishi mumkin.
Sud ishning barcha holatlarini hisobga olgan holda, agar ariza bergan jamiyat ishtirokchisining ovozi ovoz berish natijalariga ta’sir ko‘rsata olishi mumkin bo‘lmasa va (yoki) yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlik jiddiy bo‘lmasa va (yoki) qaror jamiyatning ana shu ishtirokchisiga zarar etkazmagan bo‘lsa, shikoyatga sabab bo‘lgan qarorni o‘z kuchida qoldirishga haqlidir.
Jamiyat kuzatuv kengashining, jamiyat yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining, jamiyat kollegial ijro etuvchi organining ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlarining, jamiyat ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchisining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori jamiyat ana shu ishtirokchisining arizasiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Jamiyatning kuzatuv kengashi a’zolari, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi, jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi a’zolari o‘z huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda jamiyat manfaatlarini ko‘zlab halol va oqilona harakat qilishlari kerak.
Jamiyat kuzatuv kengashi a’zolari, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi, jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi a’zolari unga o‘zlarining aybli harakatlari (harakatsizligi) tufayli etkazilgan zarar uchun, agar qonunlarda boshqa asoslar va javobgarlik miqdorlari ko‘rsatilgan bo‘lmasa, jamiyat oldida javobgar bo‘ladilar. Bunda jamiyatga zarar etkazilishiga olib kelgan qarorga qarshi ovoz bergan yoki ovoz berishda ishtirok etmagan jamiyat kuzatuv kengashining a’zolari, jamiyatning kollegial ijro etuvchi organining a’zolari javobgar bo‘lmaydilar.
Jamiyat kuzatuv kengashi a’zolarining, jamiyat yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining, jamiyat kollegial ijro etuvchi organi a’zolarining javobgarligi asoslari va miqdorini aniqlashda ish muomalasi odatlari va ish uchun ahamiyatli boshqa holatlar e’tiborga olinmog‘i lozim.
Jamiyat yoki uning ishtirokchisi jamiyat kuzatuv kengashining a’zosi, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi va jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi a’zosi tomonidan jamiyatga etkazilgan zarar o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat etishga haqlidir.
Tuzilishidan jamiyat kuzatuv kengashining a’zosi, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi shaxslar, jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi a’zosi manfaatdor bo‘lgan yoki o‘z affillangan shaxslari bilan birgalikda jamiyat ishtirokchilari umumiy ovozlari sonining yigirma va undan ortiq foiziga ega bo‘lgan jamiyat ishtirokchisining manfaatdorligi bo‘lgan bitimlar jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining roziligisiz jamiyat tomonidan tuzilishi mumkin emas. YUqorida ko‘rsatilgan shaxslar, ularning erlari (xotinlari), ota-onalari, bolalari, aka-ukalari, opa-singillari va (yoki) ularning affillangan shaxslari quyidagi hollarda jamiyat tomonidan bitim tuzilishidan manfaatdor shaxslar deb e’tirof etiladi:
bitim taraflari hisoblansalar yoki jamiyat bilan munosabatlarda uchinchi shaxslarning manfaatlarini ifodalasalar;
bitim tarafi hisoblanuvchi yoki jamiyat bilan munosabatlarda uchinchi shaxslarning manfaatlarini himoya qiluvchi yuridik shaxs aksiyalarining (paylari, ulushlarining) yigirma va undan ortiq foiziga ega bo‘lsalar (har biri alohida-alohida yoki jamlangan holda);
bitim tarafi hisoblanuvchi yoki jamiyat bilan munosabatlarda uchinchi shaxslarning manfaatlarini himoya qiluvchi yuridik shaxsning boshqaruv organlarida lavozim egallab turgan bo‘lsalar.
YUqorida ko‘rsatilgan shaxslar jamiyatning ustavida belgilangan boshqa hollarda ham jamiyatning bitim tuzishidan manfaatdor shaxslar deb e’tirof etiladi.