Emitentning opsioni - emitentning muayyan miqdordagi qimmatli qog‘ozlarini opsionda ko‘rsatilgan muddatda qat’iy belgilangan narxda sotib olish huquqini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog‘oz.
Qimmatli qog‘ozlar egalari reestri - ro‘yxatdan o‘tkazilgan qimmatli qog‘ozlar egalarining belgilangan sanadagi holatga ko‘ra shakllantirilgan, ularga qarashli egasining nomi yozilgan qimmatli qog‘ozlarning nomi, miqdori, nominal qiymati va toifasi, shuningdek reestrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxslarga axborotni yuborish imkoniyatini beradigan ma’lumotlar ko‘rsatilgan ro‘yxati.
Qimmatli qog‘ozlarning hosilalari - o‘z egalarining boshqa qimmatli qog‘ozlarga nisbatan huquqlarini yoki majburiyatlarini tasdiqlovchi va yuridik shaxslar tomonidan emitentning opsionlari, qimmatli qog‘ozlarga doir fyucherslar va boshqa moliyaviy vositalar tarzida chiqariladigan qimmatli qog‘ozlar.
Qimmatli qog‘ozlarning hosillari-daromadi (zarari) bir yoki bir necha bozor ko‘rsatkichlari (indekslari) mazmuniga bog‘liq bo‘lgan qimmatli qog‘ozlardir.
Qimmatli qog‘ozlarning hosillari opsionlar, fyucherslar va boshqa moliyaviy vositalar tarzida chiqarilishi mumkin.
Opsion-shartnoma bo‘lib, uning egasiga qimmatli qog‘ozlarni yoki tovarlarni bitimda qayd etilgan narxda belgilangan muddatda xarid qilish huquqini beradi.
Fyuchers-qimmatli qog‘oz (shartnoma) bo‘lib, muayyan qimmatli qog‘ozlar va boshqa moliyaviy vositalarni yoki tovarlarni shartnomalarda belgilab qo‘yilgan narxda belgilangan kelgusi sanada xarid qilish yoki sotishdan iborat so‘zsiz majburiyatini tasdiqlaydi.
Qimmatli qog‘ozlarning hosilalarini chiqarish va ularni muomalada yuritish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi belgilaydi.
Qimmatli qog‘ozlarni emissiya qilishning aksiyadorlik jamiyati moliyaviy-iqtisodiy faoliyatiga ta’siri
Qimmatli qog‘ozlar chiqarilish shakliga ko‘ra blankalar tarzida hujjatli va depozitariyning hisobga olish registrlaridagi yozuvlar tarzida hujjatsiz bo‘lishi mumkin.
Qimmatli qog‘ozlarning chiqarilish shakli qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qog‘ozlar chiqarish to‘g‘risidagi qarorda belgilanadi.
Aksiyalar hujjatsiz shaklda chiqariladi.
Obligatsiyalar yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar uchun chiqariladi.