IV.Yangi mavzuning bayoni. . XIX asrdan boshlab Angliya dunyoning barcha qit`alarida juda katta hududlarni bosib oldi va ularni o`z mustamlakasiga aylantirdi. 1870- yillarda Angliya mustamlakalarining aholisi 200 mln. kishi bo`lgan bo`lsa, XIX asr oxiriga kelib qariyb 370 mln. kishiga yetdi. Bu davrda bosib olingan hudud 20 mln. kv. km dan 33 mln. kv. km ga yetdi. Mustamlakalardan keladigan daromadlar olinadigan foydaning katta qismini tashkil etardi. Angliyaning eng ilg`or sanoat mamlakati sifatidagi mavqeyining pasayishi uni yangi mustamlakalar bosib olishni kuchaytirishga undadi. B.Dizraeli Osiyoda Belujistonni bosib oldi. Angliyaning maqsadlaridan biri O`rta Osiyo hududlariga suqulib kirish edi. Ammo, uning bu niyatiga Rossiya to`sqinlik qilardi. 1876- yilda Dizraeli taklifi bilan qirolicha Viktoriya Hindiston imperatori deb e'lon qilindi. Shu tariqa Buyuk Britaniya imperiyasi vujudga keldi. 1877-1878- yillardagi Rossiya-Turkiya urushi davrida Angfiya hukumati avval boshdanoq Turkiya tomonida turdi. Inglizlar flotini Dardanellga yubordi. Angliya hukumati Rossiya va Turkiya o`rtasida imzolangan San-Stefano sulh shartnomasining Turkiya foydasiga qaytadan ko`rib chiqilishiga muvaffaq bo`ldi. Angliya buning «evaziga» Turkiya mustamlakasi bo`lgan Kipr orolini egalladi. 1878- yil kuzida Afg`onistonga qarshi ikkinchi afg`on urushini boshlab yubordi. 1879- yil bahorida Afg`onistonni tutqunlikda saqlovchi Gandamak shartnomasini qabul qilishga majbur etdi. Lekin Afg`onistonda xalq qo`zg`oloni boshlanib ketdi. Kobuldagi ingliz rezidenti barcha xodimlari va qo`riqchilari bilan qirib tashlandi. Bu qo`zg`olon afg`onlarning mustamlakachilarga qarshi xalq urushiga aylandi. Biroq, 1880- yilda ingliz mustamlakachilarining «qo`li baland keldi». 1877- yilda Angliya Afrikadagi oltin va olmosga boy Transvaal va Oranj Respublikasini anneksiya qilganligi e'lon qilindi. 1882- yilda Misr bosib olindi. 80-90- yillarda Birma, Nigeriya, Somali, Keniya, Tanganika, Uganda va Zanzibar oroli zabt etildi. Angliya 1899-yilda Bur Respublikasiga qarshi urush boshladi. Bu urushda 100 mingdan ortiq burlar qirib tashlandi. Suvaysh kanali ochilganidan so`ng Angliya Hindistonga boradigan qisqa yo`lga ega bo`lib oldi va bu davrda Angliya hukumati imtiyozli mustamlaka savdo kompaniyalari tuzish siyosatini yangidan tikladi. Mustamlaka ekspansiyasini bunday niqoblash, ekspansiyaga xususiy tashabbus tusini berish qulay edi. Shunday qilinganda, hukumat bevosita javobgar bo`lmas edi.1890- yilda Sesil Rods Kap koloniyasi ministri bo`ldi va «uch K» (Keyptaun, Qohira, Kalkutta) temiryo`li qurish g`oyasini ilgari surdi. Anglivaning xalqaro ahvoli. Bozorlar va mustamlakalar uchun kuchli davlatlar o'rtasida raqobatning kuchayib ketganligi Angliyaning xalqaro ahvolini ancha yomonlashtirdi. Ayniqsa, Germaniya bilan Angliya ziddiyatlari kuchaydi. Angliya Germaniyaga qarshi boshqa davlatlar bilan «til topishga» harakat qildi. 1901-yilda Panama kanali masalasida AQShga «yon berdi» va AQSh-Kanada chegara masalalarini hal etdi. 1902-yilga kelib Yaponiya bilan shartnoma imzoladi va unga katta moliyaviy yordam ko`rsatdi. 1904-yili Angliya bilan Fransiya o`rtasida shartnoma tuzilib, u Antanta nomini oldi. 1907- yil 31 - avgustda Angliya-Rossiya bitimi tuzildi. 1906- yilda Hindiston Milliy Kongressi partiyasi Hindistonga o`z-o`zini boshqarish huquqini berishni talab qildi. Uning da'vati bilan ingliz tovarlariga boykot e'lon qilindi. Hind xalqiga qarshi terror siyosati kuchaytirildi. 1907- yilda Hindistonda yig`ilishlar va matbuotga qarshi qat`iy qonunlar qabul qilindi. Bengaliya ikkiga bo`lib tashlandi. Biroq, Angliya hukumati jazolashlar bilan maqsadga erisha olmadi. Endi birmuncha «yon berishga» majbur bo`ldi. V. O‘rganilgan mavzuni mustahkamlash: Savol-javob va mavzuning asosiy mazmunini takrorlash orqali amalga oshiriladi.