Andijon viloyati qishloq joylari turizm imkoniyatlari. Andijon viloyatida eko, agro va gastronomik turizm salohiyati mavjud. Xo‘jaobod tumanida “Imomota” turizm mahallasi, Xonobod tumanida “Afsona dam olish maskani”, Shahrixon tumanida “Hunarmandlar markazi» tashkil qilingan. Andijon viloyatida agro, yeko, tog‘, tibbiyot, gastronomik, yekstremal, tarixiy-madaniy, ziyorat turizmi istiqbolli yo‘nalishlari hisoblanadi. Viloyatning so‘lim tabiati yilning to‘rt fasli davomida sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Jizzax viloyati qishloq joylari turizm imkoniyatlari. Jizzax viloyatida eko, agro, gastronomik, tog‘ va tibbiyot turizmi rivojlangan bo‘lib, 2021-2026-yillarda “Zomin”turistik-rekreatsion zonasi, «Suffa platosi 2 400» xalqaro umummavsumiy kurorti va «O‘riklisoy» turizm majmuasi ishga tushiriladi. Forish tumanidagi “Uxum”, Zomin tumanidagi “Duoba”, Baxmal tumanidagi“Mo‘g‘ol” qishloqlarida turizm qishloqlari tashkil qilinmoqda. Farg‘ona viloyati qishloq joylari turizm imkoniyatlari. Farg‘ona viloyati mintaqada organik va sifatli meva-sabzavot yetishtirish agroturizm imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Shu bilan birga, sayyohlar viloyatga Rishton kulolchilik maktabi, Marg‘ilon ipakchilik va atlas mahsulotlari, tog‘ turizmi, gastronomik va ziyorat turizmi bilan tanishish maqsadida tashrif buyuradi. Viloyatda tibbiyot turizmini rivojlantirish imkoniyatlari yuqori bo‘lib, nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni respublika fuqarolari ham sog‘lomlashtirish va tibbiyot xizmatlaridan foydalanadi. Farg‘ona shahrining Sayilgoh, Yuksalish, Al Farg‘oniy va Kashtanzor ko‘chalarini mujassamlashtirgan “Turizm mavzesi”, Farg‘ona tumanidagi “Avval”, “Vodil” MFY hududida turizm qishlog‘i va mahallasi tashkil etildi, Oltiariq tumanida tibbiyot turizmi yo‘nalishida loyihalar amalga oshiriladi hamda Rishton kulolchilik markazi sayyohlar tashrif ob’ektiga aylantiriladi. Namangan viloyati qishloq joylari turizm imkoniyatlari. 2022-2026-yillarda Namangan viloyatining Pop tumanida “Chodak”, Yangiqo‘rg‘on tumanida “Nanay», Chust tumanida “G‘ova», Kosonsoy tumanida “Olmazor” turizm qishloqlarini tashkil etish yuzasidan ishlar olib boriladi. Namangan shahrida “Gullar sayilgohi” ekoturizm ob’ekti yaratiladi va bundan tashqari, viloyat hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo va Norin daryosi qirg‘oqlarida eko va agro turizm loyihalari amalga oshiriladi va sayyohlar uchun joylashtirish, ovqatlanish, ko‘ngilochar xizmatlar tashkil qilinmokda. Namangan viloyati qishloqlarida eko, etno, tog‘, agro (baliqchilik, mevali bog‘lar, yilqichilik), gastronomik, ziyorat, ekstremal, tibbiyot turizm turlarini rivojlantirish imkoniyatlari mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |