- Bobur shoirgina emas, yirik adabiyot nazariyotchisi hamdir. Sheʼrshunoslikda aruz vazni masalasi hamisha asosiy va dolzarb boʼlgan. Nega shoh Bobur bu sohaga juda qiziqadi? Gap shundaki, sheʼriyatda koʼp vazn qoʼllash hodisasi muayyan maʼnoda shu adabiyot nufuzi va saviyasini belgilaydi. Hatto Husayn Boyqaro devonidagi gʼazallar bir vaznda yozilganini maxsus qayd etar ekan, bu holni Bobur ijobiy hodisa deb qaramagan. Boburgacha oʼzbek tilida aruz ilmiga doir ikki risola yozilgan. Birinchisi — Shayx Аhmad bin Xudoydod Taroziyning «Funun ul-balogʼa»(1436/37) asari boʼlib, bundagi toʼrt ilmning biri aruzdir. Ikkinchisi — Аlisher Navoiyning «Mezon ul-avzon» asaridir. Bu risolada 140 vazn haqida ilmiy maʼlumot berilgan. Navoiyning «Funun ul-balogʼa» asaridan xabari boʼlmagan koʼrinadi. Bobur oʼzbek tilidagi aruzshunoslikning bu manzarasidan yaxshi xabardor boʼlgani uchun undan qoniqmagan va bu sohaga hissa qoʼshishga shaylangan. «Boburnoma»ni koʼchirgan kotib Boburning aruz risolasi nomini «Mufassal» deb koʼrsatadi. Darhaqiqat, Bobur bu risolani shunday yozganki, unda asl, furuʼ va zihoflar yuzasidan ishlab chiqilgan 537 vazn miqdoriga ahamiyat berilsa, tadqiqotning bejiz «Mufassal» deb atalmaganiga amin boʼlamiz. Ushbu maʼlumot kelgusida Boburning aruz risolasi nomini turli nashrlarda va maktab adabiyot darsliklarida «Mufassal» tarzida eʼlon qilinishini taqozo etadi...
- Zahiriddin Muhammad Boburning Xoja Ubaydulloh Аhror va ularning farzandu nevaralariga hurmat-eʼtibori katta boʼlgan. Xoja nevaralaridan ikki kishi Bobur xizmatida boʼlgan. Аyniqsa, Xoja Kalonning Bobur bilan qadrdonligi bir umrlik xizmati bilan izohlanadi. Bobur Xoja Ubaydulloh Аhrorning fors tilida nasrda yozilgan «Volidiya» asarini sheʼriy usulda oʼzbek tiliga tarjima qilgan. Xoja Ubaydulloh bu asarni otalarining tavsiyalari bilan yozgan:
- Otasi qilgan uchun taklife,
- Qildi oning otigʼa taʼlife.
- Bobur ota sifatida bu asardagi ota tilidan farzandga aytilgan diniy-tasavvufiy oʼgitlarni oʼz farzandlariga yetkazish uchun ushbu kitobni nazmda ona tiliga oʼgirgan.
- Nega nasrda emas? Chunki nazmni xotirada saqlash imkoni kattadir. Qolaversa, nazmning hurmat va eʼtibori nasrga nisbatan juda yuqori hisoblangan. Tarjimon tarjimani boshlash va oxiriga yetkazish sababini «Vaqoeʼ»da shunday bayon etadi(matn tabdili): «Juma kuni, oyning yigirma uchinchisida badanimda isitma zohir boʼldi. Shunday boʼldiki, juma namozini masjidda qiynalib oʼqidim. Ertasiga peshin namozini ehtiyot yuzasidan kitobxonada biroz muddatdan soʼng oʼqidim. Indini, yakshanba kuni yana isitmam chiqdi, ozroq titradim. Seshanba kechasi, safar oyining yigirma yettinchisida hazrat Xoja Ubaydullohning «Volidiya» risolasini nazm qilmoq fikri koʼnglimga keldi. Hazratning ruhiga iltijo qilib, koʼnglimdan kechirdimki: agar bu manzuma hazratga maʼqul boʼlsa, xuddi «Qasidai Burda»ning qasidasi maʼqul boʼlib, sohibi falaj kasalidan xalos boʼlgani singari, men ham bu xastalikdan forigʼ boʼlsam, nazmim qabul qilinganiga shu dalil boʼlardi. Ushbu niyat bilan... risolani nazm etishga kirishdim. Oʼsha kechaning oʼzida oʼn uch bayt yozdim. Xuddi atayin kelishilgandek, har kuni oʼn baytdan kam bitilmas edi. Darvoqeʼ, bir kungina bu ish qilinmadi. Oʼtgan yili va balki har gal bu xastalikka chalinganimda, aqalli bir oy, qirq kun ogʼrirdim. Tangri inoyati bilan, hazratning himmatidan, payshanba kuni, oyning yigirma toʼqqizinchisida birozgina isitmaladim, keyin mutlaqo tuzalib ketdim. Shanba kuni, rabi ul-avval oyining sakkizinchisida risola soʼzlarini sheʼrga solish nihoyasiga yetdi...».
- «Volidiya» risolasi inson ixtiyori va faoliyatini Olloh bilan bogʼlash, unigina zikr etish, soʼzi(«Qurʼon»)ni yodlash va aytishni tavsiya etuvchi, insonning hayotiy faoliyati, yeb-ichish, maishatda oʼrtachalikka chorlovchi pandnoma, nasihatnomadir. Shuning uchun ham garchand asar sheʼrga solingan boʼlsa-da, matnda asosiy diqqat shoirona sehrsozlik emas, balki Xoja nasihatlarini kitobxonga aniq yetkazishga qaratiladi. Shunday boʼlsa-da, sheʼr sehriga qiziquvchilar, badiiy unsurlarga ahamiyat beruvchilar uchun asar boshidagi bir baytdagi lafziy va maʼnaviy tasvir vositalarini kuzatamiz. Olloh hamdidan: Til aning hamdida qosirdur, Bilaning hamdida qosirdur til Ijodkor lafziy sanʼatlardan takrorning besh-olti xilidan foydalangan. Chunki takror sanʼatlari taʼkid va taʼsirchanlik unsurlaridan hisoblanadi. Аvvalo bayt boshidagi va oxiridagi ostin va ustin ikki soʼzga ahamiyat beraylik. Birinchi misrada qatnashgan «til» va «bil» soʼzlari ikkinchi misrada oʼrin almashib takrorlangani tufayli tardu aks sanʼati qoʼllanilgan. Baytni boshlagan soʼz(«til») bayt oxirida takror kelsa(«til») tasdir sanʼati boʼladi. Birinchi misra oxiridagi soʼz(«bil») takrori bilan ikkinchi misra boshlansa tasbe sanʼatidan darakdir. Baytning boshi va oxiridagi soʼzlar oʼrtaga olgan soʼzlarga ahamiyat beramiz: «aning hamdida qosirdur» soʼzlari har ikki misrada qofiya oldidan takrorlanmoqda. Bu usul hojib sanʼati namunasidir. «Til» va «bil» soʼzlarining bayt boshidagi ohangdoshligi muzoraa sanʼati ishtiroki tufaylidir. Baytdagi fikrni «bil» deb buyurish esa amr sanʼatidan darakdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |