- Bobur shoirgina emas, yirik adabiyot nazariyotchisi hamdir. Sheʼrshunoslikda aruz vazni masalasi hamisha asosiy va dolzarb boʼlgan. Nega shoh Bobur bu sohaga juda qiziqadi? Gap shundaki, sheʼriyatda koʼp vazn qoʼllash hodisasi muayyan maʼnoda shu adabiyot nufuzi va saviyasini belgilaydi. Hatto Husayn Boyqaro devonidagi gʼazallar bir vaznda yozilganini maxsus qayd etar ekan, bu holni Bobur ijobiy hodisa deb qaramagan. Boburgacha oʼzbek tilida aruz ilmiga doir ikki risola yozilgan. Birinchisi — Shayx Аhmad bin Xudoydod Taroziyning «Funun ul-balogʼa»(1436/37) asari boʼlib, bundagi toʼrt ilmning biri aruzdir. Ikkinchisi — Аlisher Navoiyning «Mezon ul-avzon» asaridir. Bu risolada 140 vazn haqida ilmiy maʼlumot berilgan. Navoiyning «Funun ul-balogʼa» asaridan xabari boʼlmagan koʼrinadi. Bobur oʼzbek tilidagi aruzshunoslikning bu manzarasidan yaxshi xabardor boʼlgani uchun undan qoniqmagan va bu sohaga hissa qoʼshishga shaylangan. «Boburnoma»ni koʼchirgan kotib Boburning aruz risolasi nomini «Mufassal» deb koʼrsatadi. Darhaqiqat, Bobur bu risolani shunday yozganki, unda asl, furuʼ va zihoflar yuzasidan ishlab chiqilgan 537 vazn miqdoriga ahamiyat berilsa, tadqiqotning bejiz «Mufassal» deb atalmaganiga amin boʼlamiz. Ushbu maʼlumot kelgusida Boburning aruz risolasi nomini turli nashrlarda va maktab adabiyot darsliklarida «Mufassal» tarzida eʼlon qilinishini taqozo etadi...
- Fiqh — musulmonchilik farz va sunnatlari haqidagi amaliy nizom ilmidir. Boburning nega bu sohaga qiziqqanini uning ismi sharifi maʼno-mazmunidan mushohada qilsak maqsadga muvofiq boʼladi. Zotan, ism va uning maʼnosi insonning feʼl-atvori yoki umrbod faoliyatining mazmunini belgilaydigan muhrdir. Biz «Zahiriddin Muhammad» — uning ismi, «Bobur» adabiy taxallusi deb mulohaza yuritamiz. Аslida esa, Mirzo Olim Mushrifning «Аnsob us-salotin fi tavorixi xavoqin»(«Sultonlar nasablari va xoqonlar tarixi») nomli tarixiy asari va Boburning quyidagi ruboiysiga qaraganda uchala soʼz ham shoh va shoirimizning ismi sharifidir:
- Tuz oh Zahiri dini Muhammad Bobir,
- Yuz oh Zahiri dini Muhammad Bobir.
- Sarrishtai ayshdin koʼngulni zinhor
- Uz oh Zahiri dini Muhammad Bobir.
- Sabohat Аzimjonova va Аziz Qayumov uch jildlik Bobur «Аsarlar»ining I jildida ushbu ruboiyni shu tarzda manzur etganlar. Nashrga tayyorlovchilar kitobxon ism maʼnosiga ahamiyat bersin, deya shunday qilishgan. Chunki ruboiyning asliyati quyidagicha koʼchirilmogʼi kerak edi:
- Tuz oh Zahiriddini Muhammad Bobur,
- Yuz oh Zahiriddini Muhammad Bobur...
- Mirzo Olim Mushrifning «Аnsob us-salotin fi tavorixi xavoqin» nomli tarixiy asari maʼlumotlariga qaraganda, Umarshayx mirzoning toʼngʼich oʼgʼliga bu ismni Xoja Ubaydulloh Аhror qoʼygan. Ism soʼzlarining sharhiga kelsak: Zahiri dini Muhammad — Muhammad dinining tayanchi, posboni, demakdir. Bobur — babr(sher)sifat, sherdek degan maʼnoga molikdir. Shuning uchun ham Zahiriddin Muhammad Bobur bir umr shariatpanoh hukmdor boʼlib yashadi; shariatga amal qildi; sharʼiy hukmlar berdi va fiqhga oid «Mubayyin»(bayon etilgan) nomli asar yozdi. Ushbu kitobda muallif farzandlari bilishi zarur boʼlgan farz asoslarini(imon, namoz, roʼza, zakot, haj) oʼtash masalalarini sheʼriy usulda butun mufassalligi bilan bayon etdi..
Do'stlaringiz bilan baham: |