30-ma’ruza: Reklama tushunchasi va vositalari
Ma’ruza rejasi:
30.1. Reklama tushunchasi, maqsadi va vazifalari, turlari
30.2. Reklamani tarqatish vositalari
30.1. Reklama tushunchasi, maqsadi va vazifalari, turlari.
Yuqorida keltirib o‘tganimizdek, reklama tovarlarni siljitishning muhim elementlaridan biri hisoblanadi. «Reklama» so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib («reklamare» - dodlash), kimdir yoki nimadir haqida ma’lumotni tarqatish, biror narsaga iste’molchi va haridorlarning fikrini jalb qilish maqsadida amalga oshiriladigan tadbirlarni anglatadi. Ma’lumki, firmalarning bozorda muvaffaqiyat bilan faoliyat ko‘rsatishi uchun faqatgina sifatli tovarlarni ishlab chiqarish yetarli emas. Balki, bu borada iste’molchilarni shu tovarlarning iste’mol xossalari haqida har tomonlama xabardor qilib, o‘z tovarlarining iste’molchilar ongida aniq mavqeni egallashiga erishish muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun, birinchi navbatda, korxonalar reklama vositalaridan unumli foydalana bilishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil dekabr oyida qabul qilingan «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunida qayd etilishicha «Reklama – haqiqiy va jismoniy shaxslar yoki mahsulot haqidagi bevosita yoki bilvosita foyda olish maqsadida tarqatiladigan maxsus axborotdir». Bu Qonunda ko‘rsatilganidek, reklama aniq, haqiqiy va qonunlarga zid bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, foydalanilayotgan reklama shakl va vositalari iste’molchilarga ma’naviy va moddiy zarar keltirmasligi talab etiladi.
Demak, «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun reklamani ishlab chiqish va tarqatish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlarning huquqiy asosini yaratib berdi. Uning asosiy maqsadi tovarlarning sifati, iste’mol xususiyatlari va boshqa tavsiflari haqida noaniq, haqiqiy bo‘lmagan ma’lumotlarni tarqatishning oldini olish asosida huquqiy va jismoniy shaxslarning, shuningdek iste’molchilarning haq-huquqlarini himoya qilishdan iboratdir.
Halqaro savdo palatasi tomonidan 1987 yilda qabul qilingan Halqaro reklama Kodeksida ham har qanday reklama murojaati odob-axloq normalariga mos, haqqoniy va ishonchli bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ko‘pincha reklama tovarni sotadi degan uncha to‘g‘ri bo‘lmagan xulosaga kelinadi. Chunki, reklama tovarni sotmaydi, balki potensial haridorlarni topib, talabni rag‘batlantiradi. Masalan, haridor magazinga kirib axtargan tovarni topdi, lekin tovarning sifati, assortimenti yoki bahosi uni qoniqtirmaganligi sababli tovarni sotib olmasdan magazindan chiqib ketdi. Bu yerda haridorga reklama ta’sir ko‘rsatdimi? - degan savol tug‘iladi. Bu savolga ha, - deb ijobiy javob berish mumkin. Reklama uchun eng asosiy vazifa - bu potensial haridorni tovar sotilayotgan joyga keltirishdan iboratdir. Haridorning magazinga kelib, tovar sotib olmasdan chiqib ketmasligi uchun reklama tovar siljitishning boshqa uslublari bilan birga qo‘llanilishi maqsadga muvofiqdir. Eng asosiysi esa tovar sifati va estetik xususiyatlari bo‘yicha haridor didiga mos bo‘lishi kerak. Shu sababli reklamaning samaradorligini sotilgan tovarlar hajmi bilan emas, balki potensial haridorlarning necha marta tashrifi va necha marta telefon orqali murojaat qilganligi kabi ko‘rsatkichlar asosida baholash to‘g‘ri hisoblanadi.
Reklamaning vazifasi – xabar berish, ishontirish va eslatishdan iboratdir. Shuning o‘zi reklamaning tovar sotilishiga ta’sir ko‘rsatishidan dalolatdir.
Reklamani ishlab chiqish va tashkil etish korxona butun faoliyatining bir qismi hisoblanadi. Shu sababli reklama ishlarini tashkil etish ma’lum tartib va qoidaga bo‘ysunadi.
Quyidagi 36-chizmada reklamani ishlab chiqish tartibi keltirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |