2. Quruqlik hayvonlarida suv almashinuvi
Quruqlikda yashovchi hayvonlar organizmida suv va mineral moddalarni
qabul qilishi hamda uning almashinuv mexanizmi gidrobiontlarnikidan keskin
farq qiladi.
Quruqlik sharoitida organizm ichki muhitining osmotik bosimini
buzilishiga sabab bo’luvchi ortiqcha ko’p miqdorda suvning atrofdan ichkariga
bosib kirish xavfi bo’lmaydi. Lekin quruqlikda hayvonlar tanasidan suvning
haddan tashqari ko’p bug’lanib ketishi va organizm uchun zarur bo’lgan
suvning tashqi muhitda bo’lmay qolish xavfi mavjud bo’ladi.
Shuning uchun ham quruqlikda, shuningdek, tuproqda yashovchi
hayvonlar organizmida suv va tuzlar miqdorini tartibga solib turishda havo va
tuproq tarkibidagi namlik, oziqa tarkibidagi suv miqdori hamda ichimlik suvi va
mineral moddalarning miqdoriga bog’liq.
Quruqlik hayvonlarining tanasida suv almashinuvi tuz almashinuvidan
mustaqil bo’ladi, balki suvning almashinuvi iqlimga, ayniqsa, tushadigan yog’in
miqdori va uning turi hamda harorat rejimiga bog’liq. Ana shu ikki omil
organizmda suv balansini ma’lum bir miqdorda bo’lishiga ta’sir etadi. Tuproq
hayvonlari va amfibiyalarning hayotida gavda qoplag’ichlari (terisi) orqali suvni
absorbsiya qila olish xususiyati katta ahamiyatga ega. Baqalar, qurbaqalar va
tuproq xalqali chuvalchanglari suvda ham, nam tuproqda ham o’zlarini
poykiloosmotik hayvonlar (gidrobiontlar) kabi his etadi. Hasharotlar va kanalar
ham suvni absorbsiya usulida qabul qila oladi. Tuproq yeki atmosfera
tarkibidagi namlikni o’ziga qabul qila olish xususiyati cho’l reptiliyalarining
tuxumlarini rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega.
Quruqlik hayvonlarining organizmi uchun zarur bo’lgan suvni oziqa bilan
birga va suv holida qabul qilish usuli eng asosiy hisoblanadi. Muhitning
quruqligi oshib borsa hayvonlar namga (suvga) boyroq oziqa qabul qilishga
o’tadi. Turli hayvonlar turlicha suyuq oziqa yeki suvli oziqa olishga
moslashgan. Masalan, nektar bilan oziqlanuvchi hasharotlar ko’proq nektar
orqali, qon suyuqligi bilan oziqlanuvchi hasharotlar ortiqcha suvni qon orqali
olishga kirishadi. Ko’pgina hayvonlar, jumladan, hasharotlar, ko’pgina qushlar
va kemiruvchilar, aksariyat, oziqa tarkibidagi suv bilan qanoatlanadi. Ko’pgina
cho’l hayvonlari zaruriy suvni tanasida sodir bo’lib turuvchi moddalar
almashinuvi jarayenida hosil bo’lgan suv bilan qanoatlanadi. Ushbu suv, asosan,
organizmda yog’lar va uglevodlarning oksidlanishidan hosil bo’ladi. Bunday
hayvonlarga quruq oziqa bilan oziqlanuvchilar kiradi. Masalan, donxo’r, unxo’r
hasharotlar, sut emizuvchilardan qo’shoyoq, kiyiklar, tuyalar va boshqalar.
Atmosfera tarkibidagi namlikka nisbatan va oziqa tarkibidagi suvga
nisbatan talabi turlicha bo’lgan quruqlik hayvonlari ikki guruhga ajratiladi:
namlikni sevuvchilar yoki gigrofillar va quruqni sevuvchilar yeki kserofillar.
Oraliq guruh hayvonlari mezofillar deyiladi.
Gigrofillar organizmida suv to’plash yoki ortiqcha suvni ushlab turishni
amalga oshirish mexanizmi bo’lmaydi.
Quruqlik hayvonlarining suv (nam) tanqisligini yengish uchun anabioz va
uyquga ketish xususiyatlaridan foydalanadi. Ushbu xususiyatlar havo
namligining pasayishi yoki oziqa tarkibida namlikning yetishmasligi tufayli
yuzaga keladi.
Mox va lishayniklarda yashovchi umurtqasizlar bir mavsum davomida bir
necha marta takroriy anabioz holatiga o’tadi. Bunday joylarda yashovchi
nematodalarning 70 turi, imillab yuruvchilar (tixoxodki)larning 19 turi, og’iz
aylangichlilar (kolovratkalar)ning 19 turi va bir hujayrali hayvonlarning 11 turi
bo’lishi aniqlangan.
O’zbekistonning cho’l zonasida tarqalgan cho’l toshbaqasi (Testudo
horsefieldi) fevral-mart oylarida qishki uyqudan uyg’onadi va iyun oyining
boshlarida yozgi uyquga ketadi. Yumronqoziq esa yozgi uyquga efemer
o’simliklarning qurishi bilan ketadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |